Главная » 2016 » Ноябрь » 23 » Boy kelinlar ham yig‘laydi...
12:06

Boy kelinlar ham yig‘laydi...


Ichimda ilondek to‘lg‘onib, yuragimga nashtarini sanchayotgan bu gapni aytaymi, yo‘qmi deb uzoq o‘ylandim. Ko‘nglim bir «Ular endi senga begona, bir og‘izlari kuysin. Qaytar dunyo, deb shuni aytishsa kerak» desa, bir «Qo‘y, Barno, Laylo senga ne yomonlik qiluvdi? O‘zing ozmuncha dard chekdingmi?» deb meni olg‘a undardi. Qadam tashlashga kelganda esa negadir jur’at qilolmayapman...

Mashhurlar olamida har kuni har xil voqealarga, turli gap-so‘zlarga duch kelaverib, ko‘zim ham pishib ketgan asli. Ularning san’ati bir tomonu hayot sahnasidagi tomoshalari bir tomon. Yo‘q, men san’atkor emasman. Shunchaki ular bilan ishlaydigan tashkilotlarning birida hisobchiman, xolos. Bo‘limimizning shou-biznes dunyosida bo‘layotgan barcha hodisalarni nazardan qochirmaydigan, har kuni ish vaqtimizning naq uchdan bir qismini asosiy mavzu — ularning taqdiri haqidagi muhokamalarga bag‘ishlaydigan qizlarimiz yonib-kuyib aytayotganlari mening qulog‘imni ham chetlab o‘tmaydi, albatta. Ayol bo‘lsam-da, aslida bu «shou»ning menga unchalik qizig‘i yo‘q. Chunki tezroq ishimni tugatib, maktab-bog‘chaga shoshishim kerak. Buning ustiga, ish orasida qo‘shimcha daromad uchun ham nimadirlar qilishim kerak. Oylik maoshimni o‘zim, uch bolamga yetkazishim lozim. Yaxshiyam, otam hayotligida uyli-joyli qildi. To‘g‘ri, aka-opalarim ham qarab turishmaydi. Biroq birovga yuk bo‘lib yashashning o‘ziga yarasha yuki bor-da. Erdan ajrashgan degan tamg‘a esa peshanamga botaverib, diydamni ham ancha qotirgan.

O‘n yil avval “teng tengi bilan” degan naqlga amal qilib, meni turmushga uzatishdi. Institutda ikkinchi bosqichda o‘qirdim o‘shanda. Boylik baxtning kafolati emasligini men tugul, ota-onam ham anglamaganiga kuyaman hozir. Hoshim aka badavlat oilaning to‘ng‘ichi, men esa uyining balandligiyu otasining martabasi unikidan qolishmaydigan oilaning kenjasi edim. Juda uzukka ko‘z qo‘ygan juftlik bo‘lganmiz. Kimlarningdir nazdida, albatta. Biroq o‘zimiz uzukka ko‘z bo‘lmadik. Sobiq erimni  yillar davomida xiyonatda, kaltabinlik va dangasalik, qimorbozlikda ayblab keldim. Endi tushunayapman, aslida qaynota-qaynonam uni o‘zlari chizib bergan yo‘ldan yuritib (o‘qish joyi, do‘stlari, xotinini kabi katta tanlovlarni o‘g‘li uchun ular tanlashgan), shunday mas’uliyatsiz qilib qo‘yishgan ekan. Ikki bolam qo‘limda, kenjam qornimdaligida ajrashdik. Ajrashishimiz ham to‘yimizning tomoshasidan kam bo‘lmadi. Mebelu sarpolarim ikki mashinaga yuk bo‘lib, qo‘ni-qo‘shnilarning derazayu eshik ora mo‘ralashlari bilan kuzatildi. hammasidan o‘g‘limni bermaymiz deyishgani yomon bo‘ldi. Bechora bolam olti oyni ikki uy o‘rtasida sarson o‘tkazdi. Oxiri erim uylandi-yu, o‘g‘il talashish mojarosiga uch nuqta qo‘yildi. Xullas, millionlar ustuniga qurilgan oilamiz aslida qumdan yasalgan o‘yinchoq uy ekan... Endi esa...

O‘tgan hafta gastroldan qaytgan opaxon san’atkorlarimizdan biri ishxonamizga keldi. Qizlar u yoq-bu yoqdan gap solishdi. O‘ziyam bir qop yong‘oq ekan.

— Opa, sizni Asror (ismi o‘zgartirilgan) olib keldimi?  Juda kelishgan va iste’dodli yigit-da shu, — dedi gapga chechan Nigora deraza osha boqib.

— Ha, kelajagi bor bu bolaning, — deya faxr bilan gapirdi opaxon.

— Uylanayotgani rostmi? — qizlar birvarakayiga bir xil savol berishganidan avval kulishdi, keyin biroz xijolat tortishdi.

— Yaqinda uylantirayapmiz. Bir yaxshigina qiz topib qo‘ydim o‘zim, — deya kelin haqidagi ma’lumotlarni ayta ketdi. Tanish ismlar qulog‘imga chalingach, uning gaplaridan hayratim oshdi.

— San’atda iste’dodning o‘zi kamlik qiladi. Kimningdir qo‘llovi kerak. Falonchi aka falon joyda kattakon. O‘zi qo‘llab yuboradi Asrorni, — deya yigitni aynan Laylo — sobiq qaynsinglimga uylantirishdan asl maqsadni shu tariqa tushuntirgan opa suhbatga yakun yasadi. Asrorning bir juvon bilan bog‘liq hikoyasi bilan bog‘liq savollarga esa «Yigitchilikda bo‘lib turadi», deb qisqagina javob qaytardi-da, jo‘nab qoldi.

U ketgach, munozara yana qizidi. Chunki yaqindagina shu yigitning bir juvonga ilakishib qolgani, u Asrorga oxirgi rusumdagi mashina sovg‘a qilgani, uylanayotganini eshitib, san’atkorlar yig‘ilgan davraga kelib, katta janjal ko‘targani va g‘ururli yulduzimizning mashina kalitini unga qarata otgani (men buni g‘ururdanmas, aksincha siri ochilgani alamidan deb o‘ylayman) haqida gap-so‘z rosa bolalagandi. Bugun esa yana o‘sha qimmatbaho mashinaning rulida savlat to‘kib o‘tiribdi. To‘g‘ri, bu voqealarning haqiqat yoki yolg‘onligi o‘z yo‘liga, ammo Laylodek qizga atay otasining puli uchun uni uylantirib qo‘yishmoqchiligi menga alam qildi.

Laylo — yaxshi qiz. Odobi o‘zidan chiroyli. Sobiq qaynota-qaynonamning nazoratida, to‘g‘risi, qafasida katta bo‘lgan. hali yigirmaga ham kirmagan, qaysidir universitetda o‘qiydi. Kelinlik uyimdan butunlay ketayotganimda bir meni, bir jiyanlarini quchib, «ketmanglar» deya rosa yig‘lagandi. Otasi bir yov qarash qilgach, indamay, ikkinchi qavatga chiqib ketgan. Endi uni ham mendek o‘z istaklari yo‘lida qurbon qilishmoqchi. Shuni o‘ylab, yomon bo‘lib ketdim. Tashqaridan tarbiyali, aqlli ko‘ringan yigitning bu o‘tmishidan bexabar Laylo ne-ne orzular og‘ushidadir? Balkim majburan uzatilayotgani uchun qismat shu ekan-da deb, yuragidagilarni mendek tiliga ko‘chirolmay mum tishlagandir? Bilmadim...

Yurak yutib, sobiq qaynonamga qo‘ng‘iroq qilib eshitganlarimni aytay desam, u meni qizining baxtini ko‘rolmaslikda ayblashi tayin. Layloning o‘zi bilan uchrashib, uni ogoh etganimdan naf bormikan? Axir uning gapini birov eshitarmidi? Buning ustiga, akalari bo‘lajak kuyovni obdon tekshiruvdan o‘tkazishgandir? Shu o‘ylar bilan sovchilik qilayotgan opaga sim qoqdim. Avvaliga gastrol hujjatlarini bahona qildim, keyin maqsadga ko‘chdim. Layloni yaqindan tanishimni, Asrorning atrofidagi mish-mishlar rost bo‘lsa, bir qizning baxtiga zomin bo‘lmaslik kerakligini aytdim. Uning javobi esa oddiy bo‘ldi: «Birovlarning hayotiga aralashmang!»

Birovlarning hayoti... Go‘yoki ularniki hayotmasdek qaraymiz ba’zan. Meni ham uzatishayotganida hoshim akani mahalla, o‘zaro tanish-bilishlardan surishtirishgan. «Falon joyda o‘qiydi, falonday mashinasi bor» deya barmoq bukib sifatlarini sanaganlar, aslida u g‘irt takasaltang, qimorboz ekanligini sir tutishgan. Axir birovning hayotiga aralashib, nima qilishadi?

Eng alam qiladigani esa Hoshim aka menga ota-onasining tanlovi bilan uylangan. Ota-onasi esa otamning boyligini xomcho‘t qilishgan. Ota-onam meni hech qachon hech narsaga zoriqmaysan deya uzatishgan. Men bo‘lsa, shu qismatga avvaliga ko‘nishga ko‘nganman-u, chiday olmaganman... Oqibatda uch bolam tirik yetim bo‘lib qoldi...  Layloda, umuman hech bir qizda taqdirim takrorlanmasligini istardim...

Shoira VAFOYEVA yozib oldi. 


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: Kelin, yig‘laydi, Boy kelinlar | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz