22:31 Kelin o‘zining dafn marosimidan 6 kun o‘tib uyiga qaytib keldi | |
Hindistonda Varisha ismli ayol o‘zining dafn marosimidan 6 kun o‘tib politsiyaga murojaat qilgan, deya xabar berdi «Times of India» gazetasi. Hodisa Uttar-Pradesh shtatida yuz berdi. 27-iyul kuni G‘oziobod shahar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari chemodanga joylangan ayol jasadini topishgan. Yaqinlari 24 yoshli qizning murdasini tasdiqlashgan. Tergovchilar yosh kelinni doimo xo‘rlab kelgani, urib-kaltaklagani uchun erini va qaynata-qaynanasini qotillikda ayblab, hibsga olgan. Varishaning oilasi va yaqinlari dafn marosimini o‘tkazishib, uni tuproqqa qo‘yishdi. Biroq bir hafta o‘tar-o‘tmas kelin o‘z oyoqlari bilan G‘oziobod politsiya mahkamasiga yurib keldi. U shu paytgacha ilgari ishlagan qo‘shni shaharda bo‘lganini, faqat qayerga ketganini hech kimga bildirmaganini so‘zlab berdi. Shundan so‘ng turmush o‘rtog‘i va qaynata-qaynanasiga qo‘yilgan barcha ayblovlar bekor qilingan. Kelin eson-omon oilasi bag‘riga qaytib kelgani yaxshi bo‘ldi. Lekin politsiyachilarni boshqa masala o‘ylantiryapti: «Unda chemodandan chiqqan ayol kim? Kimning jasadini dafn etishdi?» Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari allaqachon tergov harakatlarini boshlab yuborishgan.
Manba: "xabar.uz"
| |
|