19:55 Britaniyalik olimlar eng ko‘p ichadigan kasb egalarini aniqlashdi | |
Liverpul universiteti olimlari tadqiqot o‘tkazishib, qurilish va ishlab chiqarishda mehnat qiladigan erkaklar hamda rahbar-ayollar Britaniyada eng «ichkilikboz» kasblar reytingida yetakchilik qilishini aniqladilar. Bu haqda «BMC Public Health» jurnalida chop etilgan maqolada ma’lumot berilgan. Mutaxassislar 2006 — 2010-yillar davomida UK Biobank bazasiga kiritilgan 40 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan Buyuk Britaniyaning 100 mingdan ortiq aholisi ma’lumotlarini o‘rganishdi. Tadqiqot ishtirokchilaridan haftasiga qancha spirtli ichimlik iste’mol qilishi, shuningdek, kasblari to‘g‘risida anketa savollariga javob berishlari so‘ralgan. Ma’lum bo‘lishicha, erkaklar orasida asosan ishlab chiqarish, qurilish sohasi xodimlari hamda farroshlar shishaga oshno bo‘lisharkan. Ruhoniylar, shifokorlar, fiziklar, shuningdek, geologlar va meteorologlar alkogoldan uzoqroq yurishi oydinlashdi. Ayollar orasida eng ko‘p ichadiganlar yuqori va o‘rta martabali rahbarlar bo‘lib chiqdi. O‘qituvchilar, shifokorlar va olimlar spirtli ichimlikni deyarli ichishmas ekan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ularning tadqiqoti muayyan kasblar orasida alkogolga qaramlik sababiga ishora qilmaydi, balki turli soha vakillarining alkogolga moyilligini tahlil qiladi. Shunga ko‘ra, qurilishda ishlash albatta spirtli ichimliklarga ruju qo‘yishga olib keladi, deb xulosa chiqarish noto‘g‘ri.
Manba: "xabar.uz"
| |
|