13:14 Dilnoza Kubayeva birinchi va so‘nggi muhabbati haqida so‘zlab berdi | |
Aktrisa “Daryo” internet-nashriga bergan intervyusida birinchi va so‘nggi muhabbati farzandining otasi ekanligini aytib o‘tdi. “Birinchi muhabbatim ham, balki so‘nggi muhabbatim ham rahmatli jufti halolimdir. Turmush o‘rtog‘im juda ham oddiy, hokisor, halol odam edilar. Har xil mish-mishlar chiqqan, ammo u gaplar shunchaki mish-mish bo‘lgan, xolos. Jufti halolimni roziligi uchun erimga bergan ahdimga sodiq qoldim, shu sababli ikki yil umuman ijoddan ketdim. Ularni norozi qilib biror narsaga erishishim mumkin emas edi. Xo‘jayinim 30 yoshdan oshganda olamdan o‘tdilar, ular mendan minnatdor bo‘lib, rozi bo‘lib: ‘Senga tarbiya bergan onangga rahmat!’, — dedilar. Bu gap men uchun butun umrga tatiydi. Shuning uchun o‘g‘limning ham oldida vijdonim pok, uning ko‘ziga bemalol qaray olaman, unga ham barchasini ochiq-oydin aytaman. Hammasi uchun roziman. Yaxshiyam sabrli bo‘lgan ekanman, yaxshiyam qanaqa kun bo‘lsa ham chidagan ekanman, yaxshiyam «kasbingni tashla» degan vaqtlarida tashlagan ekanman — mana yana ishlab ketdim. U insonni juda ham e’zozladim, xuddi yosh boladek. Kezi kelganda emizikli bolamni onamga tashlab, ular bilan birga kasalxonada qolganman. Rahmatli turmush o‘rtog‘im tadbirkorlik bilan shug‘ullanganlar, boladek beg‘ubor, yaxshi inson bo‘lganlar. «Kelgindi kelin» filmidagi rolimni ko‘rib meni yoqtirib qolgan ekanlar. O‘sha vaqtda ich-ichlaridan: «Shu qiz meni rafiqam bo‘lsaydi», degan kechinma, tuyg‘u o‘tgan ekan. Keyinchalik: «O‘sha vaqtda ichimdan o‘tgan tuyg‘u ijobat bo‘lgan», deb xotirlab yurardilar. Mendan dastxat olish bahonasida teatrga kelganlaridan so‘ng tanishib qolganmiz”,—deydi Dilnoza Kubayeva. Aktrisa suhbat davomida kinoda kamnamoligi sabablari, hayotidagi unutilmas kunlar, yosh aktrisalarga munosabati haqida to‘xtalib o‘tgan.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|