Главная » 2016 » Декабрь » 13 » Dilnoza Kubayeva: Bolalarimizning bolaligi o‘zgarib ketgan
17:10

Dilnoza Kubayeva: Bolalarimizning bolaligi o‘zgarib ketgan


“Qisqa va lo‘nda” loyihasi mehmoni teatr va kino aktrisasi Dilnoza Kubayeva. Fe’l-atvori, kechinmalari va xotiralari haqida zavqlanib so‘zlagan aktrisaning suhbatidan siz ham bahramand bo‘ling. 

Mavsum yangiligi
Ayni kunlarda teatrda yangi spektakl namoyishi bo‘lib o‘tmoqda. “Mirzo Ulug‘bek” spektalida men Feruza rolini ijro etyapman. Bundan tashqari, Yangi yil bayrami arafasida bolajonlar uchun ertak ham sahnalashtirmoqdamiz. Bu sahna asarida men Semurg‘ qushi rolida namoyon bo‘laman. 
Kinoda esa “Er bermoq — jon bermoq 2” filmining dublyaj ishlarini boshlaganmiz. Shuningdek “Isnod” kartinasining suratga olish ishlari ham o‘z yakuniga yetib qoldi. Nasib qilsa, ketma-ket premeralar bilan muxlislarni xursand etamiz. 

Xafa bo‘lsam
San’atkorlarning  ta’bi nozik. Ko‘ngilchanligi sabab xafa bo‘lishlari ham oson. Men ham bundan mustasno emasman. Ta’sirchan bo‘lganim uchun ba’zida arzimas gapga ham hafa bo‘laman. Lekin xafa bo‘lganimni ko‘pincha sezdirmayman. Chunki atrofimdagilarning hurmati men uchun muhimroq. Meni ranjitganini bilib u ham xafa bo‘lmasin, yonimda xijolat chekmasin, deb o‘zimni qo‘lga olaman. Vaziyat biroz yumshagandan keyin gapi ko‘nglimga og‘ir botganini yotig‘i bilan tushuntiraman. 
Kechirim so‘rash
Agar kimnidir xafa qilganimni sezsam, shu zahoti kechirim so‘rayman. Bu men uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi., aksincha o‘zim ham yengil tortaman.

Sport
Bolaligimdan profesional darajada hech bir sport turi bilan shug‘ulanmaganman. Ammo shashka o‘ynash jonu-dilim. Ming afsuski, shaxmat o‘ynashni o‘rganolmadim. Hozir esa uyda sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit bor, turli uskunalarda mashq bajarib turaman. Mavridi kelganda bir gapni alohida aytishni istardim. Bolaligimizda darsdan keyin mahalladagi qizlar bilan ko‘chada mazza qilib turli o‘yinlar o‘ynardik. “O‘rtaga tushar”, “Rezinkada sakrash”... ochig‘i, yugur-yugurlardan sportga hatto hojat ham qolmasdi. Bugun esa bolalarimizning bolaligi o‘zgarib ketgan...

Stil
Bu borada o‘zimni didimga ishonaman. Qomatimga yopishib turuvchi liboslarni yoqtirmayman. Birovlarni e’tiborini qaratuvchi, ko‘zga yarq etib tushuvchi liboslarni kiymayman. Bundan tashqari, poshnasiz yursam o‘zimni noqulay his etaman. Shuning uchun kamdan-kam hollarda sport uslubida kiyinaman. 

Yolg‘on gapirishsa
Hamma narsani ko‘zga qarab sezib turadigan darajada odamlarni yaxshi bilaman deyolmayman. Biroq kasbimdagi tajribamdan kelib chiqib, anglab olish qo‘limdan keladi. Odamlar bilan ko‘p suhbatda bo‘lsang, yillar o‘tgach, kim qanday ekanini bilib boraverar ekan kishi... O‘zim juda ham kam yolg‘on ishlataman. Hazillashib aldasam ham sezdirib qo‘yaman. 

Mish-mishlar
Ilgari o‘zim haqimda mish-mishlarni eshitib qolsam, juda xafa bo‘lardim. Har bir mayda gap ham ko‘nglimga botardi. Bugun esa bunday holatlarga qarshi o‘zimda “immunitet” hosil qilganman. Hatto atrofimdagilar ham kimdir haqida gapirishsa, ularni eshitmaslik uchun boshqa mavzuni boshlab yuboraman. Bu hayotda hamma avvalambor o‘zini bilishi, faqat o‘z hayoti bilan band bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. 

Yomon ko‘rgan savolim
Hayotimga bog‘liq o‘ta shaxsiy savollarni uncha xushlamayman. 

Ustozlarim o‘giti
Ustozim Minavvara Abdullayeva talabalik yillarimizda darsdan tashqari qizlar majlisi o‘tkazib, doim or-nomusli, odobli bo‘lishimiz, hech qachon yolg‘on gapirmasligimizni tayinlardilar. Yana bir ustozim Xayrulla Sa’diev hozirgacha “Onang yaxshimi, xafa qilmagin. Doim xabar olib tur”, deb  qaytaradilar. Kuni kecha teatrda ko‘rishib qolganimizda ham, shu gaplarni takrorladilar. Ustozlarimning har bir gapi men uchun muhim, hammasiga amal qilaman. 

Aliya SULAYMANOVA 
Fotomuxbir: Islom RO‘ZIEV


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Dilnoza Kubayeva | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz