U irodali ayol. Tabassumi ortiga yashirilgan haqiqatlarni o‘zgalarga bildirmaydi. Gohida ko‘zlari yoshlanib, kipriklariga yengil titroq kirishi mumkin, ammo shunda ham o‘zida kuch topib, yana tabassum qiladi. «Aktrisa-da» dersiz. Ammo rollarida ham begonani emas, o‘zini ijro etadi. "So‘g‘diyona" gazetasi mahoratli aktrisa Dilnoza Kubayeva bilan suhbat uyushtirdi.
—S’yomka maydonida hamkasbingizning biror xatosiga ko‘zingiz tushsa yoki ijrosidan ko‘nglingiz to‘lmasa, buni o‘ziga aytasizmi?
—Iymanaman, uzoq o‘ylanaman «Aytsammikan yoki yo‘q?», deya. Lekin adolatsizlikka, qandaydir qo‘rqoqlarcha ish qilishga nimadir yo‘l bermaydi. Oxiri aytaman. Ammo bora-bora «Kimgadir yaxshi bo‘lsin deb, mahmadonalardek ko‘rinib qolmayapmanmikan? Axir uni ham ko‘ngli bor-ku, qalbini sindirib qo‘ymaymanmi?» deb o‘ylanib qolarkansiz. Lekin chin yurakdan gapirayotganimga bo‘lgan ishonchim xayollarimni tinchlantiradi. Ko‘pincha fikrimni aytib kuzataman, agar suhbatdoshim e’tiroz bildirsa, «Mayli, o‘zingizga havola», deb uzoqlashaman. Bordi-yu o‘ylanib qolganini ko‘rsam, demak, adashmabman, to‘g‘ri qilibman, deyman.
—Kimnidir dilini og‘ritib qo‘yishdan juda qo‘rqasiz?
—Ha! Chunki dilimni og‘ritadigan vaziyatlar ko‘p bo‘ladi-da. «Bir ko‘ngilning imorati ming ka’ba ziyoratidek», deb bejiz aytilmagan. Kimningdir qalbini sindirib qo‘ydingizmi, aybingizni yuvish uchun har qancha urinmang, foydasi yo‘q. Dunyolarni tashlamaysizmi oyoqlari ostiga, o‘zingizni har ko‘yga solmaysizmi kechirsin deb, befoyda bari. Ko‘ngilning ishi murakkab. Vijdon azobida qovurilmaslik uchun ham kimnidir ranjitib qo‘yishdan qo‘rqaman.
—Xatolar haqida gapirdik. Ba’zan hayotimizda shunday vaziyatlar bo‘ladiki, hatto, yaqinlarimizning ham xatosini aytolmaymiz, ko‘z yumishni afzal bilamiz...
—To‘g‘ri, lekin nega shunday ekan-a? Bilasizmi, bugun hayotimdagi ko‘p insonlardan minnatdor bo‘layapman. Vaholanki, bir vaqtlar ulardan juda achchiqlanganman, meni ko‘rib qolishmasin deb, ko‘zdan panaroqda yurgan paytlarim ham bo‘lgan. Endi bo‘lsa, xatomni aytib, urishib to‘g‘ri qilishgan ekan, deyman. Bugun o‘zim ham yosh aktyor-aktrisalarga tanbeh berayapman. So‘zlarimni kimdir qulog‘iga ilar, kimningdir jahlini chiqarar balki. Ammo vaqti kelib, «Dilnoza opam to‘g‘ri aytgan ekan», deyishadi menga o‘xshab. Bu narsalar o‘zimdan o‘tayotgani uchun ham ishonch bilan gapirayapman. «Otam haq ekan», «Ustozimning tanbehi bekor emaskan» deb ko‘p o‘ylayman bugun. Gohida yosh ijodkorlarni xuddi o‘zimizdek ko‘rishni istab qolamiz. Ayniqsa, menda shunday kayfiyat ko‘p bo‘ladi. Hamma narsa tez bo‘lishini xohlayman-da, keyin o‘yga tolaman «Shoshqaloq Dilnoza, shu darajaga erishishing uchun qancha chig‘iriqdan o‘tganing yodingdami, nega endi bularni hovliqtirayapsan», deya yuragimdagi jo‘shqinlikni tinchlantiraman.
—Yosh aktrisalarimizdan biri suhbatda «Dilnoza Kubayeva singari rollarni chertib tanlashimga hali ancha qovun pishig‘i bor», degan fikrni aytib o‘tdi. Bir yilda bitta filmda ishtirok etsangiz ham talabgirligingizni yo‘qotmayotganingiz nazarda tutilgandir ehtimol?
—Juda xavotirli vaziyatni aytdingiz. Talabalik paytlari vujudim quloqqa aylanib, ma’ruzalarni eshitardim. Mavzu ichiga kirib ketardim go‘yo. Munavvara Abdullayeva, Hayrulla Sa’diev, Mohigul Hamroyeva, Arsen Ismoilov kabi ustozlar qo‘lida tahsil olganman. Kino, teatrdagi mas’uliyat, rollar, adashib qolmaslik, bir-birini qaytarmaslik to‘g‘risidagi suhbatlardan tobora ko‘proq kuch olib, «Ustozlarimning ishonchini oqlashim kerak, onamning yuzini yerga qaratmasligim lozim», deb o‘ylayverardim. O‘qishni tamomlab, katta maydonga qadam qo‘ydim, asta-sekin tanila boshladim, shunda ham xayollarim tinch qo‘ymadi. Bir pog‘ona ko‘tarilgandan keyin ortga qaytib qolishdan qo‘rqarkansiz, bu esa o‘z ustingizda yanada ko‘proq ishlashga undar ekan.
—Endi-chi, o‘sha o‘ylar bezovta qilmayaptimi? Yoki hali ham xavotirdamisiz?
—Rostini aytsam, hafsalam pir bo‘layapti.
—Sabab?
—O‘zbek kinosi juda qaltis vaziyatga tushib qolayapti. Bunga avvalo biz — ijodkorlar aybdormiz. Tomoshabinlarning ham ta’siri yo‘q deyolmayman. Dramaturgiyani tushungan-tushunmagan odam ham bizga tosh otishni kasb qilib oldi. Xohlagan kishi kinoni tanqid qila oladigan bo‘ldi. Lekin bu adolatdanmi? Nega aktyor-aktrisalar shifokorlar, o‘qituvchiyu boshqa soha vakillarining ishiga aralashmaymiz-u, bizni siquvga olaverishadi? Gapirishsin, agar shunga asoslari bo‘lsa! Butun boshli ko‘rsatuvlar bugun yaratilayotgan filmlarni qoralashga bag‘ishlanayapti. Ayrim muxlislarimiz teatrga kelib, «Nega bu holatga indamayapsizlar? Mehnatingiz-ku axir», deb gapirishdi ham. Hozir sizga so‘zlab berayapman, ammo yuragimdagi og‘riq o‘zimga ayon.
—Ho‘l ham, quruq ham baravar yonayapti, demoqchisiz-da?
—Ha, shunday. Biz biror soha vakilini gapirsak, faqat kamchiligini aytmay, yutuqlarini ham tilga olamiz-ku. Nega ijodkorlarga kelganda faqat xatosini izlashadi? Maqtashga arzigulik filmlar yo‘q deysizmi? So‘nggi paytlarda o‘zbek kinosida qanday o‘zgarishlar bo‘layapti, bilishmaydi, lekin mavzu kerak bo‘lsa, kinoga yopishishadi. Axir bu nohaqlik-ku!
—Noo‘rin tanqid bo‘layotgan ekan, nega indamayapsizlar?
—Bu birgina menga bog‘liq emas. Kinoga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlardan birida fikrimni aytdim. Gap egasini topdi. Lekin o‘sha odam vaziyatni yanada qaltis tus olishiga sabab bo‘ldi. Ehtimol, barcha ijodkorlar birlashsak, noo‘rin tanqidlarga chap bera olarmiz.
—Keling, ijodingiz haqida suhbatlashsak, «Kechikkan hayot»dagi ijrongizni tomosha qilganimda qahramoningiz orqali go‘yo allaqanday dardni chiqarib yuborishni istayotgandek tuyulgansiz menga. Balkim adashayotgandirman?
—Filmning boshlanishidagi lavhani negadir olib tashlashgan, hozir eslab qoldim. Qahramonim shifoxonaga kelganida shifokorlar onasining vafot etganini aytishadi. U bo‘lsa dod solib yig‘lamaydi, balki undan ham battar ahvolga tushib, bukilib, egilib qoladi. Balkim ijrom yaxshi chiqmagandir yoki biror texnik nosozlik bo‘lganmi, xullas, shu joyi qirqilgan. «Kechikkan hayot» haqida gapirish men uchun biroz qiyin. Kinosinovga chaqirishganida, baribir meni olishmaydi, chunki bu qahramon men emasman, deb borgandim. Lekin rostini aytishim kerak, agar bu rolni mendan boshqa aktrisa ijro qilganida yaxshiroq o‘ynagan bo‘lardi.
—Nega bunday fikrga kelayapsiz? Men Shahodatni sizdan boshqa aktrisa ijrosida tasavvur qilolmaganman.
—Men bo‘lsam aksincha, o‘zimdan boshqa hamma aktrisani Shahodat qiyofasida tasavvur qilib ko‘rganman. Ko‘pchilik «Sening hayoting kechikkan emasdi, yosh boshingga tushdi bu savdolar», deydi. Nima bo‘lganda ham bu taqdir.
—Dilnozani cho‘chitgan rollar ham bormi?
—Bor! «Kechikkan hayot» cho‘chitgan, «Baron»dagi rolim ham shunday.
—«Baron»dagi rolingizdan nima sababdan xavfsiradingiz?
—Kichik rol bo‘lgani bilan vazifasi katta edi. Filmda Farhod Mahmudovning qahramoni turmush o‘rtog‘im ekanligini ham bildiraman, ham buning aksi. Ko‘p muddat ko‘rishmaganman, sog‘inganman, uchrashganimizda esa sog‘inchimni sezdirmasligim va bir vaqtning o‘zida hislarimni bildira olishim lozim. Qiyin-da bu.
—Teatr yoki kinodagi qahramonlar aktyor-aktrisalarni tarbiyalaydi. Qaysidir ma’noda sizga ta’sir o‘tkaza olganlari bo‘ldimi?
—Rollarimning barini o‘zimdan olaman. Bolaligim ham oddiy o‘tmagan. Ancha-muncha kinoga tatiydigan lahzalar ham bor-da. «Kelgindi kelin» eslang, «Allo, dadajon...» deb boshlanuvchi lavha bor-ku, ana shu o‘zimniki. Tarbiyalagan rollarim esa asosan teatrda. «Andishali kelinchak»dagi Olmaxon misol uchun, hamisha qo‘li ko‘ksida, kulib turadi, «Xo‘p bo‘ladi», deydi doim. Egilganingiz sari yuzaga chiqasiz, Olmaxondan shularni o‘rganaman. «Quyoshni sen uyg‘otasan», «Ogoh bo‘ling, odamlar»dagi rollarim esa shukr qilishga undaydi.
—Bolaligim oddiy o‘tmagan deganda, nimani nazarda tutdingiz?
—Har bir oilaning o‘ziga yarasha past-balandliklari, yaxshi-yomon kunlari bo‘ladi. Bu haqda gapirishni xohlamasdim... Kichikligimdan boshqalarga qo‘shilolmasdim, bir chekkada qimtinibgina turadigan qizaloq bo‘lganman. Maktabga ham borishni istamasdim. Har bir voqea-hodisani o‘ylayverardim, «Nega bu shunday?» deb. Tan olaman, qiyinchilikda o‘sganmiz. Lekin hammasi uchun shukr qilaman. Chunki mana shularning barchasi bugun rollarimda ifodasini topayapti. Agar qiyinchilik ko‘rmay ulg‘ayganimda balkim bugungi darajaga erisha olmagan bo‘larmidim?
—Bilishimcha, ijtimoiy tarmoqlarning hech biriga a’zo emassiz?
—Uzoqroq yurishga harakat qilaman. Ukalarimning ham ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolishini istamayman.
—Turli xil mish-mishlar qaysi bir Dilnozaga og‘ir botadi, sahnadagisigami yoki hayotdagisiga?
—Albatta, hayotdagisiga... To‘g‘risi, oxirgi paytlarda charchab qoldim gap-so‘zlardan. Bir tarafdan assosiz-ku bular nega siqilishim kerak, deyman. Hadeb kuyib-yonaversam, qiladigan ishlarim qolib ketadi-ku, deb o‘zimni yo‘lga solishga harakat qilaman.
—Har safar dugonalar yoki hamkasblar bilan birgalikdagi suhbatlarga taklif etsam, «Unday yaqinim yo‘q-da», deysiz.
—Rostanam yo‘q-da.
—Nega, kimgadir ishonch bildirishga qo‘rqasizmi yoki ko‘nglingizni cho‘ktirganlar ko‘p bo‘ldimi?
—Ishonch bildiraverib, pand yeyaverib, o‘zimni salgina orqaga torta boshladim. Juda ishonuvchan edim. Kimgadir yaxshilik qilsam, ertaga o‘zimga qaytadi derdim-da. Hozir bo‘lsa ehtiyotkorman. Oilada bir qizman, uch ukam — qalqonim. Kezi kelganida onamga ham aytolmaganlarimni qaniydi singlim yo opamdek inson bo‘lsa-yu u bilan dardlashsam, derdim. Ammo uchrata olmadim-da shundayini. Oxiri onajonim, o‘g‘il bola bo‘lsa ham, jigarlarimdan qo‘ymasin, deydigan bo‘ldim. Ukalarim har qancha singildan ham a’lo. «Opajon, nima istayapsiz, qanaqasiz?» deb ko‘nglimga qarashadi. Shukr, bugun o‘g‘lim tog‘alari safiga qo‘shilib, himoyachilarim to‘rtta bo‘lishdi.
—Dilnoza, savolim ranjitsa ma’zur tuting, shaxsiy hayotga jiddiy e’tibor berish fursati kelmadimikan?
—...Niyat qilganimdek insonni hali uchratganimcha yo‘q. Men o‘zidan kechib, sevadigan insonman. Kimgadir ko‘ngil bersam, undan ham shuni istayman. Vaqti-soati bilan bo‘ladi... Orzularim ko‘p.
—O‘g‘lingiz otasi haqida so‘raydimi?
—Ikkimiz otasi haqida ko‘p suhbatlashamiz. Ishonasizmi, har safar «Dadang bunday derdi, mana bu ishni yaxshi ko‘rardi» desam, go‘yo o‘g‘limning qanotlari yozilib, uchishga shaylanayotgandek tuyuladi menga. Ko‘zgu oldida uzoq qolib ketadigan odati paydo bo‘lgandi, «Otang, erkak kishi o‘ziga ko‘p oro berishi kerak emas», derdi» deganimdan so‘ng o‘zgardi.
—Murakkab vaziyatlarda nima sizga kuch beradi?
—Sabrim, vazminligim, dadam ham shunday edi. Kengroq o‘ylashga harakat qilaman.
—Yolg‘iz qolishni istagan paytlaringiz bo‘ladimi?
—Ha! Ilgari ko‘proq bo‘lardi, hozir yolg‘izlikdan salgina uzoqlashayapman. Xayollarimni tartibga keltirib olishim kerak bo‘lganida, o‘zim bilan o‘zim qolaman.
—Gohida ayolning ko‘ziga yosh keladi, o‘z-o‘zidan, nega shunday bo‘ladi sizningcha?
—Tushunmaganliklaridan, qalbi bir og‘iz iliq so‘z eshitgisi kelganidan, ruhiga quvvat yetishmayotganidan ko‘zlari yoshlanadi. Qadriga yig‘laganida esa ado bo‘ladi.
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi