08:57 Dj Piligrim Imidjini tubdan o‘zgartirdi | |
SHahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg‘onib ketdi. Endigina ko‘zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to‘lmay sun’iy ovqatga o‘rgatgani uchun bir dardi ikki bo‘lgan. SHahloning o‘zi belida turgan og‘riqdan tishini-tishiga qo‘yib, ichida «Qizim uyg‘onib ketmasin-da», deya chidab yotdi. Qaerda? Qaynonasi tungichiroqni o‘chirib, eshikni yopishi bilan bolasi bezovtalandi. SHu bilan tongotargacha SHahloning ko‘zlariga uyqu ilmadi. Ikkiga yaqinlashib qolgan bolasiga qarash ham mayli, ammo hech o‘tib ketmayotgan bel og‘riga chidashning o‘zi bo‘lmayapti. Buning ustiga, eri ham yonida yo‘q. Maoshi yaxshi, karera qilaman deb, viloyat markazida ishlaydi. SHanba-yakshanba kunlari dam olish uchun kelib-ketadi. SHahlo necha marta «Bizni ham olib keting. Ovqatingiz issiq, ko‘ylagingiz toza turadi», deb yalindi, yo‘q, qaynonadan ruxsat yo‘q. Ikkinchisiga homiladorligida «Ko‘nglim nimanidir tusasa, onangizga aytolmayman. Qiynalib ketdim», deya yig‘ladi, ammo uning noloasini injiqlikka yo‘ydi sevib oila qurgan yori. Xullas, uch yildirki, er-xotin ayriliqda. To‘g‘ri, eri ham bir-ikki bor oilasini o‘zi bilan olib ketishga ota-onasini ko‘ndirmoqchi bo‘ldi, qaynonasi yon bermadi. — SHaharda yashashning o‘zi bo‘ladimi? Oila bo‘lib yashaganingdan keyin ijara haqi ham oshadi, yeb-ichish ham falon pul. Nimaga kerak ortiqcha xarajat? Nega sizlar birimiz ikki bo‘lsin, demaysizlar? SHuncha yil o‘qitib, uylantirib, endi rohatlaringni ko‘ramiz, deganimizda hammang to‘rt tomonga qochasan. Akangga «Bir-ikki yil shoshmay tur», desak ham ko‘nmay, alohida chiqib ketdi. Ukangni, singilaringni o‘qitish, ularga to‘y qilish kerakligi xayollaringga ham kelmaydi, — deb gap bilan jonlarini uzib-uzib oldi. SHu-shu eri «Och qornim — tinch qulog‘im», deydi. SHahloning esa qorni ham och, qulog‘i esa tinch emas. Yosh qiz, o‘qigan, juda boy oilada katta bo‘lmagan esa-da, qorni to‘q, usti but yashagan. Kelinlik oilasida esa... Yangi kelin bo‘lib tushgan paytlari hayratdan yoqa ushlab qolgandi. Bu uyda hamma narsa sanoqli va qaynonasining nazoratida ekan. SHahlo pazanda qiz emasmi, bir kun yangi oilamdagilarni xursand qilay deb, olmali pirog pishirdi. Dasturxonga shirinlikni tortishgach, erkaklar maqtab qo‘ydi-yu, qaynonasining uch kun qovog‘i ochilmadi. Yana bir dam olish kuni «Erim keladi», deya shirinlik pishirish taraddudiga tushgandi, qaynonasi oshxonaga kirdi-da, «Bugun bayram bo‘lmasa, nimaga kerak bunaqa narsalar?» deya shakar bormi, tuxum bormi — barchasini yig‘ishtirib, xonasiga olib kirib ketdi. SHu-shu kundalik masalliqlardan boshqa narsalar qaynonasining xonasida, qulfda saqlanadi. Birinchi homiladorligida hech narsani bilmagan ekan. SHifokorlar UZIga tushing desa, qaynonasi «Biz UZI deganlarisiz ham besh bola tug‘avergan ekanmiz», deya og‘ziga urgandi. Qizalog‘i ko‘z tegmasin eson-omon tug‘ildi, ammo tug‘rug‘i juda og‘ir o‘tdi. CHillasi chiqqach, homiladorlikdan saqlanish vositasini qo‘ydirishga ham ruxsat bermadi. SHu bilan to‘ng‘ichi yoshiga yetmay, yana bo‘yida bo‘lib qoldi. «Kelin, men nafaqadaman, qizlarim ham tushdan keyin o‘qishdan qaytishadi. Siz ishlang. Bolaga o‘zim qarayman», deb ikki oylik homilador kelinini ishga tushirdi. Kun bo‘yi ish, uyga kelib osh-ovqat, qozon-tovoq tashvishi, kechasi bilan ko‘krakdan ajratgani uchun injiq bo‘lib qolgan qizaloqqa qarash tinkasini quritsa-da, SHahlo chidadi. Oylik maoshidan kam-ko‘stini to‘ldirib olishdan umid qilgandi-da. CHuchvarani bu gal ham xom sanagan ekan. Eng yomoni, ishga ketdim deya, onasidan pul olib, UZIga tushganida homilasining rivojlanmay qolganini bilgani bo‘ldi. Homiladan voz kechishgach, bel og‘rig‘ini orttirib oldi. Bugun kechasi bilan azoblanib chiqqan SHahlo ne umidlar bilan qaynonasiga tish yordi: — Oyi, belimning og‘rig‘i qolmayapti. Kelinoyimdan so‘ragandim, «SHamollashmi yoki kuchli zo‘riqishmi, bo‘lsa kerak, tezroq do‘xtirga borib, davolaning. Avj olib ketmasin», dedi. — SHahlo, paxtaga yog‘ surtib, qalin ro‘mol bilan belingizga bog‘lab yurmayapsizmi? — qaynonasi doimgidek muloyimlik bilan rad javobni berishga kirishdi. — Bir haftadan beri shunaqa qilayapman, lekin bu ahvolimni beshbattar qilishi mumkin ekan, kelinoyim aytdi, bilib-bilmay har xil narsalar surtish xavfli ekan. — Kelinoyingiz o‘zi bir hamshira bo‘lsa, qaerdan ham bilardi? Buning ustiga, bitta ham bola tug‘magan. Mening gapimga ishonsangiz bo‘lmaydimi undan ko‘ra, — qaynonasi oxiri nishini sanchdi. — Oyi, unaqa demang, o‘g‘li bor-ku! — SHahloning alamdan biroz ovozi dadillashdi. — Voy, butun yurt biladi-ku bolasini asrab olganini. Mana, uch oydan beri oshqozonim og‘riydi. Yara tushgan. Do‘xtirga yugurmay, har kun xom tuxum ichib yuribman-ku! — «Boshlandi solishtiruv, o‘zini misol qilib ko‘rsatish darsi» ichida o‘yladi SHahlo. Ammo beldagi og‘riqning zo‘ridan taqdirga tan bergisi kelmadi. — Oyi, shifokorga uchrashing. Nega sog‘ligingizga beparvo qaraysiz? — dedi. — Bugun men, ertaga siz do‘xtirma-do‘xtir yursak, bu uy qachon uy bo‘ladi? Besh bolani o‘qitish, odam qilishning o‘zi bo‘ladimi? SHu yil qaynukangizning ham boshini ikki qilishimiz kerak, bir yoqda shartnoma pulining yarmi to‘lanmay turibdi. CHidang biroz! SHu ishlar o‘rtadan chiqsin, keyin davolanasiz! Bu gap SHahloning paymonasini to‘ldirdi! — O‘g‘lingiz mukofot puli oldim, degandi. Ertaga ishdan javob so‘rab kelib, o‘zi olib boradi shifoxonaga, — bu gapini oxirgi qat’iy hukm deb o‘ylangandi SHahlo. Adashibdi. — Hali o‘g‘lim bilan mendan yashirincha ish qiladigan bo‘ldingizmi? Men yomon qaynona bo‘lib qoldimmi? Asli boshqalarga o‘xshab, onangiznikiga jo‘natib, o‘sha yerda davolanib keling, deyishim kerak ekan, — qaynonasining ovozi balandlashdi. — Jo‘nata qoling, — SHahlo ham tilini tiya olmadi. — Keting! — qaynonasi shunaqa deb o‘rnidan turdi-da, darsga bormagan kenja qizi bilan palto olish uchun bozorga ketdi. SHahlo ko‘z yoshlarini to‘xtata olmay chaqalog‘ini emizdi. Keyin eriga qo‘ng‘iroq qildi. «Abonent boshqa yo‘nalishga javob berayapti. Iltimos, aloqada qoling» degan yod bo‘lib ketgan gaplarni eshitdi. Hozir qalbini alam bilan birga gumon ham yemirayotganidan xo‘rligi keldi. Kecha yarim tunda ham eri boshqa yo‘nalishga javob berayotgandi. O‘zi oxirgi paytlarda o‘zgarib qolgan. Dam olish kunlari ham uyga kelmaslikning yo‘lini izlaydi. Bir-ikki gapirgandi, «O‘ynab yuribmanmi?» deya SHahloni urishib berdi. SHahlo avvaliga bolasining narsalarini yig‘di, o‘zining bir sidra kiyimlarini oldi. Eshikka yetganda, bir og‘iz kimnidir ogohlantirib qo‘ysammi, deb o‘yladi. Onanimi? Yo‘q, «CHida bolam, o‘zing sevib tekkansan», deydi. Erinimi? Yo‘q, «SHahlo meni yaxshi ko‘rsang, iltimos, sabr qil», deb eski qo‘shig‘ini aytadi. Lekin o‘zi ham sabr kosasini to‘ldirayotganini tan olmaydi. Yo‘q! Bo‘ldi! Kelinlik faqat xizmat talab qilmas, quldek ezmasliklari uchun ozgina jur’at ham kerak ekan. SHu o‘y bilan bolasini aravachaga solib, yo‘lga tushdi. Qaynsinglisi «Kelinoyi, qaerdasiz? Tushlik vaqti bo‘libdi-ku», deya qo‘ng‘iroq qilganida, u yengil mashinada viloyat markaziga, eri ijarada turgan uyga ketayotgandi. Bugun uyda janjal qo‘pishi aniq! Ammo endi u uyga qaytsa, yonida turmush o‘rtog‘i bilan qaytadi. Qaynota-qaynonasi hali chaqqon va bardam, buning ustiga xizmatlarini qilish uchun oldlarida ikki bo‘yi yetgan qizlari bor. U bu qadamini nafaqat o‘z sog‘ligi, balki oilasini asrab qolish uchun ham tashlagandi... MUXLISA
Manba: "darakchi.uz"
| |
|