19:49 Dunyoni yangi taqchillik xavfi kutmoqda – Erdo‘g‘andan jiddiy ogohlantirish | |
Turkiya Prezidenti jahon o‘g‘it bozorini barqarorlashtirishga chaqirdi. Aks holda, kelgusi yilda yanada kattaroq oziq-ovqat inqirozi dunyoga tahdid solishi mumkinligini aytdi. “Tomonlarning Qora dengizdagi koridor bo‘ylab BMT va Turkiya vositachilik saʼy-harakatlari bilan yaratilgan konstruktiv pozitsiyasi tufayli bugungi kunga qadar 10 million tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. Istanbul shartnomalari urushga qaramay kelishuv mavjudligini isbotladi. Bu mexanizm samaradorligini davom ettirish uchun to‘siqlar yaratuvchi omillarni yengillashtirish muhim ahamiyatga ega”, deydi Prezident. Turkiya rahbari o‘tgan yili jahon iqtisodiyotining o‘sish surʼati, qiyinchiliklarga qaramay, 6 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, jahon darajasida yuqori inflyasiya kuzatilayotgani, bu talabning ortishi, yetkazib berish zanjirlarining uzilishi va xomashyo narxlarining oshishi bilan bog‘liqligini taʼkidladi. U Rossiya-Ukraina urushining xomashyo tannarxiga ham og‘ir bo‘lgan, oziq-ovqat va energetika sohalarida muammolarga olib kelgan salbiy oqibatlariga eʼtibor qaratdi. Erdo‘g‘an oziq-ovqat xavfsizligi mavzusi Turkiya tomonidan 2015 yilda G20 raisligi davrida ko‘tarilganini eslatdi. “O‘sha davrda Antaliyada oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha harakat rejasi kelishib olindi. O‘tganetti yil Turkiya ko‘targan masalalar muhimligini tasdiqladi”, deydi Prezident Erdo‘g‘an. Turkiya nafaqat oziq-ovqat inqirozini yengishda, balki energiya markazi sifatida ham yaqin atrofdagi mintaqalar, jumladan, Yevropa xavfsizligiga hissa qo‘shayotganini taʼkidladi. Siyosatchi, shuningdek, Anqaraning BMT Xavfsizlik Kengashi tuzilmasini isloh qilish, jahon va mintaqaviy muammolarni muhokama qilishda Afrika davlatlarining ko‘proq vakilligini taʼminlash haqidagi chaqiriqlarini esladi. Erdo‘g‘an Afrika mamlakatlari bugungi qurg‘oqchilik fonida jiddiy oziq-ovqat tanqisligi tahdidiga duch kelganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan eksport qilinadigan g‘allani muhtoj rivojlanmagan mamlakatlar bozorlariga, birinchi navbatda, Afrikaga yetkazib berish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|