Главная » 2017 » Январь » 12 » Er-Xotin munosabatlari: muammo va yechimlar
09:56

Er-Xotin munosabatlari: muammo va yechimlar


Muhabbat turfa xil bo‘ladi. Va undan xafsalangiz pir bo‘lmasligi uchun sizni juftingiz bilan qanday tuyg‘ular bog‘lab turganini va ularni qay tarzda mustahkamlashni bilish kerak…

«Bir-birimizni so‘zsiz ham tushunamiz»

Muhabbat-do‘stlik. O‘zaro tushunish, bir to‘xtamga kela olish, qiziqishlarning o‘xshashligi… Baxt uchun yana nima kerak, dersiz? Rostdan ham bu eng mustahkam juftlikka xos xususiyatlar. Ammo…

Xavfi. Bunday munosabatga ko‘pincha «yig‘ilib-yig‘ilib, oxiri portlash» rahna solishi mumkin. Do‘stlik asosidagi muhabbat ko‘pincha juftliklardan biri oldingi muhabbat qissasida muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin yuzaga keladi. Do‘stim deb yurgan insonining qo‘llab-quvvatlashidan so‘ng (ko‘pincha bu holat qizlarda kuzatiladi) «baxtni uzoqdan izlashga hojat yo‘q» degan qarorga keladi. Bunday munosabatda juftlikning biri sevadi, ikkinchisi sevmasa-da, seviladi.

Nima qilish kerak? Tuyg‘ular o‘ta alangalanmasa-da, unutmang, sokin suvda suzuvchi muhabbat qayig‘i uzoqqa boradi.

 «Hammasini to‘g‘ri hisobladimmi?..»

Muhabbat-daromad. Ko‘pchilikka tanish holat: oshiq yigitning shaxsiy uyi, qimmatbaho mashinasi bo‘lsa, bu uning yoqimliligini oshiradi. Erkaklar buni juda yaxshi bilishadi va «hisob-kitob»ga asoslangan munosabatlarni aksariyat hollarda futbolchilarning bitta darvozaga gol urishiga qiyoslash mumkin. Siz sotuvchi, sherigingiz esa yoshligingiz va go‘zalligingiz xaridori.

Xavfi. Sizga bunday «shartnoma» ma’qul bo‘lsa ham muammolar tug‘ilishi mumkin. Bunday hayot ba’zida oltin qafasga tushib qolganlik hissini berishi mumkin.

Nima qilish kerak? Tanlang: muhabbatmi yoki boylik? Tanlovda shuni ham inobatga olingki, moliyaviy ahvol hamisha bir maromda kechmasligi mumkin.

 «Negadir zerikayapman…»

Muhabbat-odat. Insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchi unga qat’iylik va xavfsizlik hissini beradi. Juftini tushunish, bir qarorga kelishda jiddiy qarama-qarshiliklarning bo‘lmasligi munosabatlarni uzoq saqlash imkonini beradi.

Xavfi. Bir xil hayot tarzi hammaga ham yoqavermaydi. Bu tarzdagi munosabatdan juftlik zerikib, bir-biriga qiziqishi so‘nib borishi mumkin.

Nima qilish kerak? Hayot tarzingizni rang-baranglashtiring! Imidjingizni o‘zgartiring, uyingizni o‘zgacha qilib bezating, yangi mashg‘ulotlar toping. Xullas, sevgilingizni o‘zgarishlar bilan hayratda qoldiring!

 «Uni tushunib bo‘lmaydi»

Muhabbat-azob. Kun bo‘yi qo‘ng‘iroq qilishini kutib o‘tirish, ich-etni yeydigan rashk, dugonalarning rahmdillik qilib beradigan maslahatlari — bularning barchasi hayotingizni uzoq davom etadigan serialga aylantiradi. Va siz keyingi «seriya»larda barcha muammolaringiz hal bo‘lishiga umid qilasiz.

Xavfi. Kun o‘tgani sari rashkingizga, muammolaringizga muammo qo‘shilaveradi. Ayniqsa, oilada farzand dunyoga kelsa, munosabatlarning bunday kechishi ko‘ngilni xira, vaziyatni battar chigal qiladi.

Yechim. Farzandli bo‘lishni rejalashtirayapsizmi? Unda muomala uslubingizni o‘zgartiring. Barcha muammolarni juftingiz bilan ortiqcha gap-so‘zlar, janjallarsiz hal qilishga urining.

 «Boshqa kim ham qayg‘urardi?»

Muhabbat-shafqat. «Yomon bo‘lsa ham boshimda erim bor!» Bu gapni siz ham eshitgandirsiz? Turmushga chiqmagan, yolg‘iz dugonalarini ko‘rganda aytiladigan shu birgina gap ham munosabatlarning qay tartibda ekanini anglatadi. Bunday muhabbatning ikkita sababi bor: yolg‘izlikdan qo‘rqish va ayollarga xos rahmdillik hissi.

Xavfi. Ajablanarlisi, bunday juftlikdagi erkak ancha qulay vaziyatda bo‘ladi. Chunki u nima bo‘lgan taqdirda ham sevgilisi yonida bo‘lishiga ishonadi. Ayol esa ertami kechmi, eri uning g‘amxo‘rligi va mehribonligidan yana-da ko‘proq foydalana boshlashidan jazavaga tushadi.

Yechim. Juftingizga mehribonlikda davom eting, lekin o‘ta taltayib ketib, hatto uydagi erkak kishi talab etiladigan ishlarni ham bajarmay qo‘yishiga yo‘l qo‘ymang. Buning uchun «uy ishlarini qilmaysiz», deb janjal ko‘tarish shart emas. Eringiz odatlangan mehribonligingizdan foydalansangiz kifoya.

NILUFAR tayyorladi


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Er-xotin, muammo va yechimlar, Er-Xotin munosabatlari | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz