13:25 Erkaklar Bepushtligining davosi bormi? | |
«Har bir oila farzand ko‘rishga haqli!» Mazkur ibora haqiqatga aylanishi uchun zamonaviy tibbiyot sohasida bir qator ishlar amalga oshirilayotgani sir emas. Afsuski, shunda ham bepushtlikka taxmin qilinayotgan juftliklar soni kamayayotgani yo‘q. Xususan, erkaklar salomatligidagi ayrim muammolar farzand ko‘rishga monelik qilishi tez-tez tilga olinmoqda. Xo‘sh, aslida erkaklardagi bepushtlik tashxisi qanday asoslanadi va bu holatda erkakning nasl qoldirish imkoniyati bormi? Shu kabi savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan Urologiya markazi oliy toifali shifokori androlog-urolog Abuqodir Fozilovga murojaat qildik.
Nasl qoldirish borasida muammolar borligini shifokor ko‘rigidan avval ham bilish mumkinmi? — Oila qurgach, bir yil davomida farzandli bo‘lolmayotgan juftliklarda nasl qoldirish xususiyati bilan bog‘liq muammolar borligi taxmin qilinadi. Ammo bu taxmin xolos. Aniq ma’lumot qator tekshiruvlardan so‘ng aytilishi mumkin. Agar erkak yaqinlik vaqtida bezovtalik yoki jinsiy a’zolarda biror o‘zgarish sezsa va ayolda bir yil davomida homiladorlik yuzaga kelmasa, mutaxassisga ko‘ringani ma’qul. Bunday vaqtlarda birinchi tekshiruv urolog huzurida amalga oshiriladi. Erkaklardagi bepushtlikning sabablari qanday? — Erkaklarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nasl qoldirish xususiyatiga ta’sir etuvchi sabablar quyidagilar bo‘lishi mumkin. Bular:
Tahlillar nimalardan iborat? — Bepushtlikka taxmin qilinayotgan erkak uchun birlamchi tekshiruv usuli, bu — sperma tahlili. Tekshiruv davomida sperma tarkibidagi spermatazoidlar soni, faollik darajasi kamligi yoki shaklining o‘zgarishi aniqlansa, qayta tekshiruv tayinlanadi. Agar takroriysida ham avvalgisidek natija bo‘lsa, qo‘shimcha tekshiruv belgilanadi. Birlamchi tekshiruvda spermatazoidlar miqdori, harakatchanligi, shakli va tirikligi tekshiriladi. Ikkilamchi tekshiruvda qon tarkibidagi gormonlar miqdori, spermatazoidlar harakatchanligi, immunologik tekshiruv, urug‘ o‘tkazish yo‘lining ochiqligi va UTT amalga oshiriladi. Zarur hollarda shifokor tomonidan erkak spermasining qo‘shimcha tahlili hamda yorg‘oq biopsiyasi o‘tkazilishi mumkin. Tekshiruvdan avval bemorga qanday ko‘rsatmalar beriladi? — Tahlil natijasi ishonchli va kerakli ma’lumotlar olish imkonini berishi uchun tekshiruvdan avval quyidagicha tayyorlanish tavsiya etiladi: 1. Tahlil topshirishdan avval 3-5 sutka jinsiy yaqinlikdan saqlanish; 2. To‘la tekshiruv uchun sperma to‘liq miqdorda yig‘ilishi kerak. Buning uchun turli surtmalardan foydalanish man etiladi. Sababi surtmalar spermatazoidlar harakatchanligini kamaytirishi mumkin. 3. Eyakulyat olinganidan so‘ng 30-45 daqiqa ichida tana harorati darajasida laboratoriya tekshiruviga topshirilishi kerak. Shu bois ham bunday tekshiruvlar maxsus laboratoriyalarning alohida xonalarida o‘tkaziladi. Reproduktiv tizimga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan qanday holatlar bor? — Aksariyat hollarda erkaklardagi reproduktiv tizim faoliyatining me’yorda bo‘lmasligi erkak urug‘ining zararlanishi va sifatining buzilishi bilan baholanadi. Misol tariqasida bir necha hayotiy omillarni keltirish mumkin. Bular:
Jinsiy a’zolardagi tug‘ma nuqsonlar nasl qoldirishga mone’lik qilishi mumkinmi? — Erkaklar jinsiy a’zolaridagi tug‘ma nuqsonli xastaliklar sifatida quyidagi holatlar qayd etiladi: Urug‘ yo‘lining bo‘lmasligi. Bunda spermatazoid harakatlanishi uchun kerakli sharoit bo‘lmay, urug‘lantirish yuz bermaydi. Bu holatda nasl qoldirish xususiyatini tiklash uchun jarrohlik aralashuvi talab qilinadi. Klayfentler sindromi — genetik noqislik bo‘lib, qo‘shimcha X xromosoma miqdori bilan xarakterlanadi. Kasallikning keng tarqalgan ko‘rinishi eyakulyatda spermatazoidlar miqdorining kamayishi yoki umuman bo‘lmasligidir. Klayfelter sindromi aniqlanganda genetik mutaxassis bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. Kasallik bolaga otasi tomonidan o‘tadi. Bu sindromda farzandli bo‘lish imkoniyati har doim ham kutilganidek bo‘lavermaydi. Kriptorxizm — yorg‘oqda bitta yoki ikkala moyakning bo‘lmasligi. Agar yangi tug‘ilgan o‘g‘il bolaning moyaklari bir yil ichida yorg‘oqqa tushmasa, kelgusida nasl qoldirish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin. Patalogiya aniqlanganda esa bolaning 4 yoshigacha davomli muolaja olib borilsa, yaxshi natijaga erishish mumkin. Erkaklar bepushtligida yosh ko‘rsatkichining o‘rni qanday? — Ma’lumki, ayolning birinchi farzand ko‘rishi 35 yosh va undan yuqorisiga to‘g‘ri kelsa, homiladorlik og‘ir kechishi mumkinligini hisobga olib, yoshga doir me’yorlar keltiriladi. Ammo erkaklarda yoshga doir cheklovlar yo‘q. Ammo erkakning yoshi kattalashgani sari sog‘lom nasl qoldirish xususiyati ham zaiflashib borishi mumkin. Biroq organizmning individual ko‘rinishi va immunitetining mustahkamligiga ko‘ra ma’lum yosh belgilanmagan. EKU va inseminatsiya usullari haqida ko‘p gapirilayapti. Haqiqatan ham bu usullar erkaklardagi bepushtlikda samaralimi? — Mazkur usullarga murojaat qilishdan avval erkakning umumiy holati, belgilangan tahlillar natijasi o‘rganiladi. Aniqlangan holatlar yuzasidan kerakli muolajalar, zarur hollarda jarrohlik aralashuvlari o‘tkaziladi. Davolash ishlari yakunlangach, ma’lum muddat natijasi kuzatiladi. Hech qanday o‘zgarish bo‘lmasa, qayta tekshiruv o‘tkazilib, shunga ko‘ra sun’iy inseminatsiya yoki EKU usullari tavsiya qilinishi mumkin. Tibbiyotda bu usullar 100 foiz ishonchli deya kafolatlanmaydi. Bepushtlik muammosi erkakning qaddini bukishi rost. Hatto ba’zida kuchli emotsional o‘zgarishlarni ham keltirib chiqaradi... — Ha, rost. Ayol farzandli bo‘lishi uchun umidini so‘ndirmasa-da, erkak uchun bu jiddiy emotsional zarba. Bu vaqtda erkakda o‘ziga nisbatan ishonchsizlik, asabiylik, atrofidagi holatlarga nisbatan befarqlik, o‘z qobig‘iga o‘ralib qolish kabi holatlar kuzatilishi mumkin. Vaziyatni nazorat qilish va olg‘a intilish uchun ayol va erkakda birdek qat’iyat, kuchli iroda bo‘lishi kerak. Ayollarga maslahatim:
Shifokor sifatida farzand ko‘rish muammosi bilan yuzma-yuz turgan erkaklarga qanday maslahat berasiz? — Avvalo ruhiyatingizni cho‘ktirmang. Xohish va iroda bo‘lsa, hamma narsaning iloji bor. To‘ydan keyin bir yil o‘tgach farzand bo‘lmasa, darrov ayolingiz yoki o‘zingizdan ayb qidirmang. Yaxshisi, shubhalaringizni chetga suring-da, shifokorga ko‘rining. Farzand ko‘rishning erta-kechi bo‘lmaydi. Shunchaki salomatlikka e’tibor qilinsa bo‘lgani. Dildora YuSUFBEKOVA
Manba: "http://darakchi.uz"
| |
|