Главная » 2016 » Декабрь » 3 » Farzand o‘z onasidan otasi uchun o‘ch olsa...
11:37

Farzand o‘z onasidan otasi uchun o‘ch olsa...


— Sizdan ona va qiz o‘rtasidagi munosabat qanday bo‘lishi kerakligi haqida so‘ramoqchi edim. Bir tanishim onasiga gap qaytaradi, tengma-teng olishadi, uy yumushlarini volidasining gardaniga yuklab qo‘ygan. Onasiga sira rahmi kelmaydi. Undan bunday muomalasining sababini surishtirsam, «Onam kichkinaligimda hammaning oldida urardi, urishardi. Yana otamni pisand qilmagan, qarindoshlar, qo‘shnilar oldida ham kamsitardi. U kishi hech bir erkak chidab turolmaydigan gaplarni aytardi. Lekin otam o‘ta og‘ir, vazmin, sabrli kishi bo‘lgani uchun indamasdi. Otamdan ham xatolik o‘tgandir balki, lekin onamning bunday muomalasi bilan xato tuzalib qolmaydi-ku! Otamning o‘rniga men gapiraman», deya javob qildi. Eng achinarlisi, o‘sha qiz ota-onaga yaxshilik qilish qay darajada muhimligi biladi, ammo ilmiga amal qilmaydi. O‘sha tanishimga qanday nasihat qilsam bo‘ladi?

 

Savolga Toshkent shahar, Shayxontohur tuman bosh imom xatibi, «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi Odilxon qori YuNUSXON o‘g‘li javob beradi.

 

— Islom dini biz mo‘min-musulmon bandalarni har bir tirik jonga rahm-shafqatli bo‘lishga undaydi. Hatto, chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Shunday ekan, yaratilgan jonzotlar ichida eng sharaflisi hisoblangan inson zotiga ikki karra ko‘proq hurmat ila munosabat qilish lozim. Insoniyatning eng yaxshi vakillari bo‘lmish musulmonlar boshqa e’tiqoddagilarga nisbatan yaxshi muomalaga munosibroqdirlar. Musulmonlar ichida yaqin qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilarga o‘zgalardan ko‘ra ko‘proq muruvvat ko‘rsatiladi. Ota-ona esa inson bolasi yaxshilik qilishi kerak bo‘lgan eng muhtaram zotlardir. Ota-ona qaysi dinda, qanday martaba va yoshda ekanidan qat’i nazar, ularning ko‘ngillarini og‘ritmaslik shart.

Ona ilgari farzandlariga mehr ko‘rsatolmay, yaxshi tarbiyalay olmagani bu boshqa masala. Onaning ba’zi xatolari sabab unga yaxshilik qilish vazifasi farzand gardanidan soqit bo‘lmaydi. Balki farzand o‘zini dunyoga keltirib, boqib katta qilgan onasini e’zozlashi lozim. «Onam menga mehr bermagan», «Yoshligimda tashlab ketgan», «Otamga hurmatsizlik qiladi» kabi bahonalar ketmaydi. Zero, farzand harchand urinmasin, onasining homiladorlik vaqtida, qolaversa to‘lg‘oq tutganda chekkan bir lahzalik og‘rig‘ining haqini ham ado etolmaydi.

Siz aytgan singlimizga shuni ta’kidlaymizki, ota-onaning o‘rtasidagi masalaga farzand aralashmagani ma’qul. Sababi ota gapirishi mumkin bo‘lgan gaplarni  qiz onaga aytishga haqli emas. Ota o‘z ayoliga boshliq. Qiz esa ular uchun farzanddir, demak, ularning aytganini qilishi kerak. Shunday ekan, er-xotin o‘rtasidagi ba’zi tushunmovchilikni deb onani yomon ko‘rish noto‘g‘ri. Bu ish shariat ko‘rsatmalariga teskari! Unutmaylik, Rasuli akram (sollallohu alayhi va salam) Asmo binti Abu Bakr (roziyallohu anho)ni kofir onasiga rahm-shafqat ko‘rsatishga, unga yaxshi muomalada bo‘lishga buyurganlar.

muxlis.uz saytidan olindi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: Farzand, ona, Ota-ona | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz