20:30 FHDYO vakili: Bundan keyin mebelni kelin tomon sotib olmaydi | |
Namangan viloyati Pop tumani 2-FHDYO bo‘limi mudirasi Gulnora Alimova O‘zAga bergan intervyusida to‘y marosimlari nazoratga olinishini ta’kidlab o‘tdi. “Endi avvalgiday istihola qilmayapmiz, qat’iy nazoratni o‘rnatyapmiz. Talabimiz shu — bundan keyin mebelni kelin tomon sotib olmaydi. Yigitlarda oriyat va g‘urur bo‘lsa, bu tartibga amal qilishadi”, – dedi u. Alimovaning ta’kidlashicha, tuman hududi kattaligi bois bu yerda 2 ta FHDYO bo‘limi faoliyat yuritadi. Unga biriktirilgan hududda o‘tgan yilda 680 ta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, 2018-yilning 2 oyida 65 tani tashkil etmoqda. “‘Mahalla’ va ‘Nuroniy’ jamg‘armasi qo‘shma murojaati, Oliy Majlis Senatining qarori bilan ma’qullangan nizom loyihasi hozir qizg‘in muhokama qilinmoqda, — dedi Pop tumani 2-FHDYO bo‘limi mudirasi Gulnora Alimova. — To‘y va marosimlar milliy qadriyatlarimizga mos o‘tkazilmoqda. Masalan, to‘ydan bir kun oldin bo‘ladigan kuyovning o‘rtoqlari va qizning dugonalari qatnashadigan ZAGS marosimi bekor qilindi. Qiz tomon nahorda beradigan osh yo‘q qilindi. To‘yoldi shahar aylanishlari, boshqa ortiqcha marosimlar o‘tkazilmayapti. Masalan, ‘Olmazor’ mahallasida Nusratullo Ahmedov hamda Odina Rahmonaliyevaning namunali nikoh to‘yi barchaga ibrat bo‘ldi. Nikoh to‘ylariga bunday munosabat kelgusida ajrimlarning oldini olishga ham xizmat qiladi”. O‘tgan yilda tumanda 2 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, sud qarori bilan 231 ta nikoh bekor qilingan. Joriy yilning o‘tgan 2 oyida bu ko‘rsatkich 176 ta oila hisobga olingan, shu yilning 2 oyida barbod bo‘lgan oilalar tumanda 42 tani tashkil qilmoqda.
Manba: "daryo.uz"
| |
|