18:57 Floridada “Ien” dovuli qurbonlari soni 40 nafardan oshdi | |
Dovulga kuchlilik darajasi bo‘yicha to‘rtinchi toifa berilgan. Shamolning tezligi soatiga 250 km ga yetgan. Shtatda ko‘plab vayronagarchiliklar qayd etildi, 2,5 millionga yaqin odam elektr energiyasidan mahrum bo‘ldi, telekommunikatsiya tarmoqlari uzildi, aeroportlar yopildi. AQSH prezidenti Jo Bayden matbuot anjumanida jurnalistlarga shunday degan: “Bu Florida tarixidagi eng ko‘p o‘lim keltirgan bo‘ronga aylanishi mumkin. Bizda mavjud raqamlar uzil-kesil emas, lekin kelib tushayotgan xabarlarga qaraganda, qurbonlar soni katta bo‘lishi mumkin”. 30-sentabr kuni kechqurun “Ien” post-tropik siklon darajasiga tushib, Janubiy Karolinaga yetib keldi. Vayronkor shamollar va xavfli bo‘ronlar shtatga urildi. “Ta’kidlash kerakki, ‘Ien’ post-tropik siklonga aylangani uchun xavf hali tugamagan”, — deya ogohlantirdi Milliy dovul markazi. Uning ta’kidlashicha, ushbu siklon tufayli hali bo‘ron ko‘tarilishi, toshqinlar va kuchli shamollar bo‘lishi prognoz qilinmoqda. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Karolinada “mol-mulkka zarar yetkazilishi, elektr ta’minotidagi uzilishlar va qutqaruv uchun chaqiruvlar ko‘paymoqda”, hukumat aholidan uylarini tark etmaslikni talab qilmoqda.
Manba: "daryo.uz"
| |
|