Главная » 2016 » Ноябрь » 17 » Fotiham buzildi... Endi baxtim ochilmaydi(mi?)»
18:48

Fotiham buzildi... Endi baxtim ochilmaydi(mi?)»


«Yoshim yigirmada. Uch oy oldin unashtirilgandim. To‘y kunini ham belgilashgandi. Avvaliga yaxshi munosabat bildirayotgan bo‘lajak kuyov kelinlik libosi tanlashga borganimizda, «Ovora bo‘lmang ko‘ylak tanlab, baribir sizga uylanmayman», dedi dabdurustdan. Shu bilannikohga o‘n kun qolganda hammasi to‘xtatildi. Uning o‘z sevgani bor ekan. Hayotim ostun-ustun bo‘lib ketdi. Ko‘chaga chiqsam, hamma meni bigiz qilib ko‘rsatayotgandek bo‘ladi».

Sevinchoy

Katta hayotga orzu-niyatla qadam qo‘yayotgian qiz baxt deb o‘ylagan qasriga qadam qo‘ymasdan, qandaydir sabab tufayli ortiga qaytsa, tushkunlikka tushishi tabiiy. Fotihaning bekor bo‘lishi gap-so‘zga, xafagarchilikka, oilaviy muammolarga olib kelishi ham sir emas. Qizlarjon, bugun shu mavzuda gaplashamiz.

 

Nega to‘yni to‘xtatishdi?

To‘y tasvirlariyu tashvishlariga ko‘milib, shundoq ham nikoh oldi stressini boshdan kechirayotgan qizni fotihasi buzilganda bu savollar qiynaydi. Singlim, ko‘z yoshlaringizni arting-da, savolga javob izlang.

Sarpo, sep ustida mojaro chiqdimi? Bo‘lajak qaynonangiz ota-onangizning sizga ataganlaridan ko‘ngli to‘lmay, e’tirozlarini bildirdimi? Yoki ota-onaningiz quda tomonning siz uchun olib kelgan sandig‘idan hafsalasi pir bo‘ldimi? Avvalo bunday masala sabab fotihani buzmaslik kerak. «Mening bolam shunga arzibdimi?», deya yig‘layotgan kattalarning bu «katta» muammosini hal qilishga siz kichiklar urinib ko‘ring. Magarki, g‘isht qolipdan ko‘chgan  ekan, endi o‘kinmang. Baxtni latta-putta bilan o‘lchaydiganlar keyin ham tinchingizni bermasligi hech gapmas.

Kuyovning aybi oshkor bo‘ldimi? Bunday vaziyatlar, albatta, quvonarlimas. Lekin kelgan sovchilar yigitning «+»larini oshirib, «-»sini yashirgani ham yaxshimasdi. Ertaga nikoh o‘qilib, pasportga muhr bosilganidan keyin oshkor bo‘lgan sir qimmatga tushadi. Yo ilojsiz qolasiz, yo ajrashgan degan nom olasiz. Giyohvand, oilasini qadrlamay ajrashgan yoki yengiltak odam bilan taqdiringiz bog‘lanmaganiga shukr qiling.

Gap-so‘zlar, oilaviy muammolaringiz sababmi? Deylik, opangizning turmushi o‘xshamagani, qo‘shningizning siz haqingizdagi «ishonchli» ma’lumoti kabilar sabab o‘g‘il uylayotganlar fikridan qaytgan bo‘lsa va unashtirilgan yigitingiz ham ishtirokchimas, tomoshabinga aylansa, kuyunmang! O‘zining fikri yo‘q odamlar yashaydigan oilaga kelin bo‘lib ham, qo‘nim topib ketishingiz amrimahol?

 

«Bosh ko‘tara olmayapman...»

O‘zingizni aybdor his qilganingiz sari odamlarning ayblovlari oshaveradi, «dedi-dedi»lar bolalayveradi. Xo‘sh, ularning hammasiga qanday javob berish kerak. Axir ko‘chadagi har bir odamga bittalab nega fotihangiz buzilganini tushuntira olmaysiz-ku! Avvalo o‘zingizni ayblashdan to‘xtang. Bo‘lar ish bo‘ldi. Kim yoki nima uchundir to‘y to‘xtalidimi, demak, bu peshana! Shuni qabul qiling-da, «Bu taqdir», deya hayotingizni davom ettiring. Sizga yog‘ilayotgan savollarga ham shunday javob bering. Bir burchakka bekinib olsangiz, aksincha odamlarda salbiy fikrlar uyg‘onishiga turtki berasiz.

Fotihani o‘yin bilmang!

Afsuski, ortiqcha injiqlik, erkalikdan ham qizlar «Men bu odamga turmushga chiqmayman», deya xarxasha qilishadi. Agar unashtirilganingiz bilan oila qurmaslik uchun ma’lum sababingiz — ko‘ngilsizlik, sevganingiz borligi, ishonmaslik kabilardan bezovtalanayotgan bo‘lsangiz, oila a’zolaringizga fikringizni bildiring. Taxminiy o‘ylar qurshovida qolsangiz ham, podadan oldin chang chiqarmay, kattalarning gapiga quloq soling. Zero baxtsizlik deya sizni kutib turgan baxtdan yuz o‘girmang.

Xulosa o‘rnida...

Qizlar, fotiha bekor bo‘ldi degani ajrashdi, hayot tugadi, degani emas. Buni xursandchilik bilan qabul qilib bo‘lmaydi, ammo tushkunlikning domiga tushib, o‘zingizni baxtsiz sanab yashashingiz ham sizga quvonch olib kelmaydi. Baxtingiz o‘zingizdan-da chiroyli bo‘lishini tilab qolamiz.

KELINOYINGIZ


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: Fotiham buzildi, Ayol, Qiz, Baxt | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz