Главная » 2020 » Июль » 8 » Gulnora Karimova 48 yoshni qamoqda qarshiladi
16:35

Gulnora Karimova 48 yoshni qamoqda qarshiladi


O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bugun, 8 iyul kuni 48 yoshni qarshiladi. Karimova ayni vaqtda qilgan jinoyatlari qonun oldida javob bergan holda qamoq muddatini o‘tamoqda. 
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash Koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.
Joriy yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. 
O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.
Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.
Xususan, sud hukmiga ko‘ra, N. Sodikovga 20 yil, O. Sviridovga 17 yil 3 oy, A. Ergashevga 18 yil 1 oy, Sh. Sabirovga 17 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, G. Avakyanga 3 yil sinov muddati bilan 5 yil 3 oy 21 kun shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
J. Abduraxmanov va B. Teshabaev esa javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilindilar.

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Gulnora Karimova | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz