18:30 Gulnora Karimovaning Fransiyadagi 10 mln dollar aktivi O‘zbekistonga qaytarildi | |
Bugun, 14 may kuni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida Fransiyadan 10 million AQSH dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetiga o‘tkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi. Qayd etish joizki, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda. Xususan, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSH dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSH, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan, ular Gulnora Karimova (uning oila a’zolari) ning tasarrufida emas. Shu bois O‘zbekistonga mulklar va mablag‘lar bevosita Gulnora Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi mulohazalar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi yana bir bor ta’kidlandi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|