10:07 IIV rasmiysi Yulduz Usmonovaning ruhiy sog‘lomligiga shubha bilan qarayapti | |
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning xatti-harakatlari, xususan Ichki ishlar xodimlariga qaratilgan haqoratlariga nisbatan huquqiy baho berilishi haqida xabar bergan edik. Ayni vaqtda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. QALAMPIR.UZ ayni masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov bilan telefon orqali muloqot qildi.
IIV rasmiysining fikricha, Usmonova o‘z xatti-harakatlari bilan jamiyatda yurish-turish qodilarini qasddan mensimagan. Ichki ishlar organlari xodimlarining sha’ni va qadr-qimmatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kamsitishga harakat qilgan. Ushbu masala qonuniy tartibda ko‘rib chiqiladi va javobgarlikka tortiladi. Shohruh G‘iyosov suhbatda davom etarkan, Yulduz Usmonovaning ruhiy sog‘lomligiga shubha bilan qarayotganini urg‘uladi:
Yulduz Usmonovaning bir nafar yoki bir guruh Ichki ishlar xodimlari bilan o‘zaro kelishmovchiligi ortidan butun soha xodimlarini la’natlashi, ularni haqoratlashi va ishlamayotganga chiqarishi sohada ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan tajribali, oriyatli va vijdonli kishilarning qon bosimini oshirdi. G‘iyosovga ko‘ra, Usmonovaning haqoratlarini og‘ir qabul qilganlar talaygina. Endi ularning g‘azabidan Usmonovani yana ichki ishlar xodimlari himoya qilishi kerak.
Ma’lumki, Yulduz Usmonova oradan ko‘p o‘tmay aytgan gaplari uchun Ichki ishlar organlari xodimlaridan uzr so‘rab chiqdi. Xo‘sh, bu hammasi unut bo‘ldi deganimi?
Manba: "qalampir.uz"
| |
|