20:08 Istanbuldagi teraktni amalga oshirgan ayol qo‘lga olindi. U buyurtmachini fosh qildi | |
Ko‘chaga bombani joylashtirib, o‘zi g‘oyib bo‘lgan ayol Suriya fuqarosi ekani maʼlum bo‘lgan. Suriyaning Afrin viloyati orqali Turkiyaga kirgan terrorist qo‘lga olingach, Xavfsizlik Bosh boshqarmasidan bayonot berildi. "Bomba joylagan voqea joyiga olib keluvchi yo‘llarni kuzatgan 1200 ta xavfsizlik kamerasi tekshirildi. Ayol voqea joyidan taksiga o‘tirib, Esenlar tumaniga ketgani aniqlandi. O‘tkazilgan jismoniy-texnik tekshiruvda shaxs bilan aloqada bo‘lgan 21 ta manzilda operatsiya o‘tkazildi”, deyiladi Xavfsizlik bosh boshqarmasi xabarida. Operatsiya chog‘ida 46 kishi qo‘lga olingan va ularning hammasi tergov-surishtiruv ishlarida bombani joylagan shaxsning Kichikchekmacha tumanidagi manzilga ravona bo‘lganini maʼlum qilgan. Belgilangan manzilda soat 02:50 da olib borilgan operatsiyada qo‘poruvchilik harakatini sodir etgan Suriya fuqarosi Ahlam Albashir tiriklayin qo‘lga olindi. U ko‘rsatmalarida Kurdiston Ishchi partiyasi, Xalq o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari va Demokratik ittifoq terror tashkilotlari tomonidan maxsus razvedka xodimi sifatida taʼlim olganligini va Afrin orqali noqonuniy yo‘llar bilan Turkiyaga kirganini tan olgan. U Suriyaning Kobani shahridagi yuqori nomlari keltirilgan terrorchilik tashkilotilari qarorgohidan kecha, 13 noyabr kuni portlashni amalga oshirish haqida buyruq olgani va soat 16:20 atrofida uni sodir etib, qochganini bayon qilgan. Ayni vaqtda ushbu holat bo‘yicha tergov davom etmoqda.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|