11:13 Kam uyqulikning zarari yo‘qmi? | |
Imtihonga tayyorlanayotgan talaba tungi uyqudan voz kechadi. Muhim loyiha ustida ishlayotgan xodimlar kunni tunga ulashadi. Murakkab tizimga qarshi istalgan ta’sir o‘z javob reaksiyasiga ega. Uyquning kamligi yoki umuman bo‘lmasligiga inson tanasi qanday javob beradi? Ko‘plab tadqiqotlarda aniqlanishicha, sutkasiga 6-7 soatdan kam uxlovchilarda semirish, diabet va yurak xastaliklariga moyillik kuchayib boradi. Organizmdagi charchoqlar ortidan kelib chiqqan fiziologik o‘zgarishlar surunkali kasalliklar rivojlanishiga zamin yaratadi. Uyqudan voz kechish metabolik (ovqat hazm qilish va olingan energiyadan foydalanish), immun (kasalliklardan himoyalanish) va yurak funksiyalari buzilishiga olib keladi. Bu buzilishlarni batafsil o‘rganish uchun Janubiy Avstraliya universiteti olimlari ko‘ngillilarni jalb qilishdi. Ular qat’iy nazorat ostida bir necha kundan bir necha haftagacha laboratoriyada kam uyqulik yoki butunlay uyqusiz sharoitda yashashdi. Moddalar almashinuvi Uyquning yetishmovchiligi shakar moddasi qayta ishlanib, saqlanadigan yoki quvvat ishlab chiqaradigan glyukozaning o‘zlashtirilish jarayonini qiyinlashtiradi. Sog‘lom va navqiron yoshda, tana vazni me’yorda bo‘lganlarda qisqa muddatli uyquning yo‘qolishi glyukozani o‘zlashtirishni yomonlashtirib, insulinga sezuvchanlikni oshirib yuboradi. Bu jarayon takrorlanaversa kelajakda semirish va diabet rivojlanishi xavfini keltirib chiqaradi. Kechasi bedorlarda odatda ochlik hissi ko‘p uyg‘onadi va ular «tungi nonushta»ni kanda qilmaydilar. Oshqozonni «tinchlantirishi» kerak bo‘lgan bu ovqatlar ko‘pincha yog‘ va shakarga boy bo‘ladi. Shuning uchun ham kimki kam uxlasa, ortiqcha vazndan qutulishi ham qiyinroq kechadi. Ko‘pincha sutkasiga 8 soatdan kam uxlaydiganlar o‘rtasida tana massasi indeksi ham yuqori bo‘ladi. Immunitet Immunitet organizmni tashqi ta’sirlardan himoyalaydi. Kam uyqu yuqumli kasalliklar va saraton xavfini oshirsa, sog‘lom uyqu buning aksi. Organizm tabiiy immun reaksiyalarining o‘tmaslashishiga hatto bir oqshomgi bedorlik ham ham sabab bo‘lishi mumkin. Umuman uxlamaslik insulinga sezuvchanlikni pasaytirib yuborishi, osteoporoz va yurak xastaliklarni keltirib chiqarishi bilan xavfli. Yurak Oxirgi o‘n yilliklarda qon bosimi yuqori insonlar soni ko‘payib bormoqda. Shunga mutanosib ravishda kam uxlovchilar soni ham. 1976 yildan beri amalda bo‘lgan «Tibbiyot hamshiralari salomatligini tadqiq qilish» dasturi doirasida sutkasiga 5 soatdan kam va 9 soatdan ko‘p uxlovchi ayollarda yurak xastaliklari paydo bo‘lishi ehtimoli oshishi kuzatilgan. Xulosa Avstraliyalik tadqiqotchilar kam uyqulik asoratlarini tuzatish mumkin degan umumiy xulosaga kelishdi. Organizmning o‘zi unga qachon dam olish kerakligini eslatib turadi. Tushlikdan keyin ozgina mizg‘ib olish, dam olish kunlari to‘yib uxlash organizm uchun koni foyda.
Manba: "xabar.uz"
| |
|