21:29 Krishtianu Ronaldu koronavirusga chalindi | |
Turinning «Yuventus» va Portugaliya terma jamoasi futbolchisi Krishtianu Ronalduning koronavirusga topshirgan test natijasi musbat chiqdi. Bu haqda Portugaliya futbol Federatsiyasi (FPF) saytida ma'lum qilingan. Qayd etilishicha, 35 yoshli hujumchi hech qanday alomatni sezmayapti, u izolyasiyaga olingan. Ronaldu milliy jamoadagi ishidan ozod etilgan. U chorshanba kuni Lissabonda bo‘lib o‘tadigan Millatlar ligasining guruh bosqichida Shvetsiya jamoasiga qarshi o‘yinda maydonga tushmaydi. 11-oktyabr kuni Ronaldu Millatlar ligasi doirasida Parijning Sen-Deni shaharchasida bo‘lib o‘tgan Fransiya jamoasiga qarshi 90 daqiqa to‘p surdi. O‘yin durang bilan yakunlandi. Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasi safida 101 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, seshanba kuni Portugaliya terma jamoasida COVID-19ga o‘tkazilgan test natijalarida boshqa yuqtirish holatlari qayd etilmagan. Ronaldu — besh karra «Oltin to‘p» sohibi, Portugaliya termasi safida Yevropa chempioni, turli klublar bilan birgalikda ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan. O‘tgan mavsumda hujumchi barcha musobaqalarda 46 ta uchrashuv o‘tkazib, 37 ta gol urdi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|