14:24 Lola: “San’atdan ham muhimroq ishlarim bor” | |
Ismi jismiga monand, maftunkor va latofatli xonanda Lola Yo‘ldosheva “Darakchi” gazetasi mehmoni bo‘ldi. — Bahor, 8 mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin dildan tabriklaymiz. Har doimgidek go‘zalsiz! — Rahmat, o‘zingizga ham bayram muborak bo‘lsin! — Oilangizda bayramni qanday nishonlaysizlar? — Bolaligimizda 8 mart bu — onamning kuni edi. Hammamiz bir bo‘lib ularni xursand etish uchun turli-tuman sovg‘alar yasab, syurprizlar o‘ylab topardik. Bugungi kunga kelib esa men uchun bu kun ikki karra bayramga aylangan. Chunki men oyimni, bolalarim esa meni tabriklab, sovg‘alar berishadi. O‘g‘lim, bayram kuni qizim ikkimizga nonushta tayyorlab berishni yoqtiradi. Keyin bolalarim bilan birga onamning uyiga borib, bayramni o‘sha yerda davom ettiramiz. — Yangi mavsumdan nimalarni kutyapsiz? — Bilasizmi, o‘tgan qish oylarida, o‘zimni ayiqqa o‘xshatdim. Bahor kelib, endi “uyg‘onyapman”. Aslida, bu go‘zal mavsum men uchun alohida ahamiyatga ega desam adashmayman. O‘zgarishlar, yangilanishlar faslida o‘zimni qalban boshqacha his qila boshlayman. Atrofimda, hayotimda, o‘zimda yangilik yaratish istagi paydo bo‘ladi. Buning barchasi tabiatning ham uyg‘onishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. — Bu o‘zgarishlardan birini ko‘rishga ulgurdik. Yaqindagina, sochingizni juda kaltalatdingiz. Qiziq, bu keskin o‘zgarishlarning sababi nimada ekan? — Yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘zgarishlar mavsumi keldi. Bundan tashqari, insonning qalbidagi o‘zgarishlar, uning tashqi ko‘rinishiga ham ta’sir qiladi. Va yana bir oddiy sabablaridan biri, shunchaki uzun sochlardan charchaganim. — Konsert oldi ketma-ket yangi qo‘shiq va kliplar taqdim etib, muxlislaringizni shijoatingizga qoyil qoldirgandingiz. Ammo bugun jimsiz? Yaqin orada ijodiy yangiliklar yaratish rejangizda bormi? — Faqat harakatda bo‘lish odamni charchatadi. Hayotni faqat ish bilan bog‘lash, nuqul shoshib yurish bilan umr o‘tib ketayotganini sezmay qolamiz. Bu noto‘g‘ri, nazarimda. Chunki hayotdagi boshqa muhimroq narsalar, nazardan chetda qolib ketishi mumkin. Shuning uchun ham tanaffus kerak. Shundagina tinchlanib, atrofga nazar tashlashga imkon tug‘iladi. So‘nggi uch-to‘rt oy davomida hayotimda shunday payt bo‘ldiki, ijoddan to‘xtadim. O‘zimga-o‘zim “xo‘sh, keyingi manzil nima? Unga erishganimdan keyin nima bo‘ladi? Kasbimdagi maqsadlarimga yetib bordim, keyin-chi? Buning oxiri qanday yakun topadi?”, kabi savollar bera boshladi. Qalbim bu yo‘sinda davom etishimga qarshi edi. Aslida, mening o‘y-xayollarim, maqsadim bunday emas, hayotimdagi boshqa narsalar men uchun afzalroq ekan. Sa’natdagi o‘rnimni o‘ylab, tasvirga olish maydonchalarida kuyib-pishib yurishdan ko‘ra, bolalarim bilan uyda, turli mashg‘ulotlar bilan vaqt o‘tkazish yoqimliroq ekanini anglab yetdim. Bolalarimning bolaligi, buguni, ko‘z oldimdan, kino tasmadek o‘tib ketishini istamayman. Daqiqalar bilan yashashni xohladim. 2017 yil shaxsiy hayotimda bir qancha o‘zgarishlar bo‘ladi, rejalarim ko‘p. Shuning uchun hozir ijodim to‘g‘risida gapirib, muxlislarimni umidlantirib qo‘yishni istamayman. Ammo bu bilan “San’atni tark etaman” deya balandparvoz gaplar aymoqchi emasman. Chunki, ijodkor doim izlanishda, faoliyatda bo‘lishi kerak. Uni bu imkoniyatdan mahrum etish noto‘g‘ri. Bu unga nafas olishni taqiqlagandek gap. Ishoning, bu gaplarni men o‘z tajribamdan kelib chiqib, bu og‘riqni his etgan inson sifatida aytyapman. Kelajakda qalbim buyurganda, qo‘shiqlarim bilan tinglovchilarimni bahramad etib turaman. Lekin oldindan biror muddatni ayta olmayman. — 2016 yilgi yakkaxon konsert dasturingizda qizingiz Shahina ham qo‘shiq kuyladi. Kelajakda u ham xonanda bo‘laman desa, qarshilik qilmaysizmi? — Bolalarim bilan suhbatlashganimda ularning xohish-istaklari bilan qiziqaman. O‘g‘lim, men doim uyda bo‘lishimni, faqat ular bilan vaqt o‘tkazishimni istaydi. Qizim esa doim sahnada bo‘lishimni, qo‘shiq kuylashim va mashhur bo‘lishim tarafdori. Savolingizga kelsak, menimcha qizim san’at yo‘lini tanlamaydi. Biroq, agar u bunga qaror qilsa albatta uni qo‘llab-quvvatlayman, ko‘mak berishga harakat qilaman. Ochig‘i, qizim, bu kasb uning uchun emasligini, anglab yetishi uchun ham unga yordam beraman. — Instagramdagi “follover”laringiz haqida gaplashsak. Sizningcha, ular sizni yaxshi gaplar bilan siylashadimi yoki tanqidchilarning soni ko‘proqmi? — So‘nggi vaqtlar ular menga mehribon bo‘lib qolishganini sezyapman. Muxlislarim har bir suratim ostida ijobiy fikrlar bildirib, meni xursand etishyapti, ilhomlantirishyapti. Tanqidiy fikrlar avvalgiga ko‘ra ancha kamaygan. Biroq o‘zidagi salbiy energiya bilan sahifamni “bezab” turadiganlar ham yo‘q emas. Ularga munosabatim yomon emas. Hammaga birdek yoqib bo‘lmasligini allaqachon tushunib yetganman. — Kuni-kecha xonanda Manzura doim ochiq-sochiq kiyinishingizga shama qilib izoh yozdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, yangi xarid qilgan libosingiz surati ostiga “Vanihoyat yopiq libos...” deb yozganini o‘qib, xayolingizdan nimalar o‘tdi? — Hamkasbimni aynan shu mavzu bunchalik o‘ylantirishini bilmagan ekanman. Menimcha, Manzura men bilan shunchaki so‘z o‘yini qilib, hazillashdi. Men ham bo‘sh kelmasdan, hazilomuz javob qaytardim. Nazarimda, bu gaplarni jiddiy qabul qilish noto‘g‘ri. — Mashhur bastakorlardan biri “Rassomning yaxshi ijod qilishi uchun unga uch narsa muhim: bu maqtov, maqtov va yana bir bor maqtov” degan ekan. Sizga “ilhom parilari” kelishi uchun nimalar zarur? — Meni muhabbat harakatlantiradi. Nazarimda, har bir ishning poydevori ham aynan mehr va muhabbatdan yaralgan bo‘lishi kerak. — Ijtimoiy tarmoq orqali shaxsiy hayotingizda o‘zgarishlar ro‘y berayotganini bildirgandingiz. Bu o‘zgarishlar haqida batafsilroq gapirsangiz... — Shaxsiy hayotim faqat meniki, shu sabab sir bo‘lib qolishini istayman. Lekin bir narsaga izoh berib o‘tmoqchiman, bugungi kunda suratlarimni joylashtirayotganim, baxtim bilan qisman bo‘lishayotganim, o‘sha insonni endi uchratganimdan dalolat emas. Agar bu munosabatlar haqida gap boshlasam, uzoq yillar ortga nazar tashlashga to‘g‘ri keladi. Sevgimiz tarixini keyinroq, vaqti kelganda barcha bilan bo‘lishishga va’da beraman. Hozircha vaqti kelgani yo‘q. Faqat munosabatlarimiz jiddiylashib, ahdu paymon qildik. — U haqida nimalarni gapirib bera olasiz? — Bilasizmi, insonda shunday holat bo‘ladiki, u qalbida kemtiklik seza boshlaydi. O‘sha bo‘shliqni ish, qo‘shimcha mashg‘ulotlar bilan to‘ldirib borib, o‘zini band qilishga harakat qiladi. Aynan menda ham shunday edi. Ammo uchratgan insonim o‘sha kamchiliklarni to‘laqonlik qopladi. Mehri, e’tibori, barcha insoniy fazilatlari bilan ko‘nglimdan joy oldi. Ertangi kunga ishonchimni oshirdi. Munosabatlarimizda gumon, shubha, ishonchsizlikka o‘rin qolmadi. Menimcha, bir ayol uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. Bugungi baxtimni asrab-avvaylab yashashni istayman. Hozircha aytadiganlarim shu... Xonanda hayotidagi yangilik va ijobiy o‘zgarishlar haqida ko‘p narsalarni gapirib berishni istadi-yu, ammo uni ko‘z-ko‘z qilishni xohlamadi. Shuning uchun ham sevgisi va yaqin kunlarda rejalashtirayotgan muhim voqealar haqida batafsil to‘xtalib o‘tishni istamadi. Biz esa unga baxt va orzulari ro‘yobini tilab, xayrlashdik. Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Manba: "darakchi.uz"
| |
|