12:50 Mashhurlarning asab tolalarini taranglashishiga nimalar sabab bo`ladi? | |
Oynai jahon orqali, konsert, klip, filmlarda ishtirok etgan mashhur insonlarni kuzatamiz-da, ularning tashvish yo`q, barchasi bir tekisda davom etayapti deb o`ylaymiz. Vaholanki, hech kim kundalik, hayotiy tashvishlar, turli asabbuzar vaziyatlardan himoyalanmagan. Xo`sh, mashhurlarning asab tolalarini taranglashishiga nimalar sabab bo`ladi? Javoblarni birgalikda o`qiymiz. «IShDA REJA BO`LMASA» Ayub Shahobiddinov, rejissyor: — Hayotda juda og`ir-bosiq insonman. Ammo masala ishga kelib taqalganda asabimni buzish juda oson. Masalan, ishda tartib bo`lmasa, rejaga amal qilinmasa, asabiylashishim aniq. «YuLDUZLIK KASALIGI»GA ChALINIShSA» Narimon Sultonxo`jaev, klipmeyker: — Ishimiz mashhurlar bilan bog`liq. Ular bilan kunda gaplashib, ish borasida mulohaza almashaman, uchrashuvlar olib boraman. Ana shunday vaziyatlarda birovga nisbatan bepisandlik bilan qaragan, xalqqa tanilib kimligini unutib qo`ygan, bir so`z bilan aytganda «yulduzlik kasali»ga chalinganlarni ko`rsam diqqatim oshadi. «BOLAM XASTALANSA...» Feruza Sobitova, aktrisa: — Bugungi kunda hamma narsada tezlik bor. Doim shoshib yuramiz. Tan olishim kerak ko`p narsalarga asabim buziladigan bo`lib qolgan. Misol uchun, yaqin insonlarim meni noto`g`ri tushunishsa, bolam xastalansa, tasvirga olish jarayonida hamkasblarim kech qolib ma`suliyatsizlik qilsa... Lekin har qanday holatda ham asabni asarash kerak. Chunki ko`p narsa asabga bog`liq. «KAM UHLASAM...» Munojat Alimboeva, aktrisa: — Kam uxlasam sal narsaga ham asabiylashib yuraman. Bundan tashqari, aytilgan joyga qandaydir sabablar bilan kech qolayotgan bo`lsam ham asablarim «ishga tushadi». «TUHMAT VA G`IYBATDAN» Muqaddas Sa`dullaeva, aktrisa: — Tuhmat, yolg`on va g`iybatdan tepa sochim tikka bo`ladi. Ayniqsa odamlar san`atkorlarni aslida qanday ekanini bilmay turib, turli mish-mish tarqatishsa, g`iybatlar bilan hayotiga aralashaversa bundan yomoni yo`q. «KIMSIZ?» DEYIShSA!» Anvar Sanaev, xonanda: — Menga qo`ng`iroq qilib, «Kim bu?» deyishsa, juda asabiylashaman. Odam qaerga, kimga qo`ng`iroq qilayotganini bila turib ham shunday ahmoqona savol berishi mumkinmi? Yana odamlar «Nega televizorda ko`rinmaysiz?» deyishganida hayron bo`laman. Aslida, har kuni kliplarim aylanayapti! O`zlari ko`rmay, bilmay turib savol berishadi. «QORNIM OChSA» Umidaxon, xonanda: — Tabiatdan xushchaqchaq, quvnoq qizman. Shuning uchun diqqatimni oshirish biroo-oz qiyin. Biroq qornim ochsa bormi? Umuman boshqa insonga aylanaman. Ul-bul egulik tanovul qilib olmagunimcha jig`ibiyron bo`laveraman. «MAS`ULIYaTSIZLIKDAN» Anvar Sobirov, xonanda: — Ko`pincha insonlardagi mas`uliyatsizlikdan ta`bim tirriq bo`ladi. Inson qanday sohada faoliyat yuritmasin, avvalam bor ishiga mas`uliyat bilan qarashi shart deb bilaman. Shuningdek, san`atni tijoratga aylantirganlarni ko`rsam jinim qo`ziydi. «SOHTA MUNOSABATDAN» Feruza Normatova, aktrisa: — Institutda o`qigan paytlarimiz ustozimiz Jo`ra Mahmudov sezish, his etish kabi psixologik mavzulardan chuqur ta`lim bergan. Balki shuning uchundir insonlardagi sohtalikni tezda sezib olaman. Agar suhbatdoshim yoki hamkasblar davrasida kimlardir sohta mulozamat qilayotganini bilsam, asabiylashib ketaman. «VA`DAGA VAFO QILMASA» Muhammadali Iskandarov, aktyor va klipmeyker: — Har doim, har qanday vaziyatda o`zimni qo`lga olishga intilaman. Ammo shunday vaziyatlar bo`ladiki... Masalan, gapirgan gapida turmagan insonlar tufayli asabiylashaman. Nazarimda har bir inson bergan va`dasini bajarishi shart! Aliya SULAYMANOVA tayyorladi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|