17:01 Muhim! 1 iyuldan nimalar o‘zgaradi? | |
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshiga 30 foiz qo‘shimcha maxsus ustama to‘lanadi. Bundan tashqari yana bir qancha yo‘nalish va sohalarda o‘zgarishlar kuzatiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxati 67 taga kengaytiriladi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish xabar berish tartibida o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matrisali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar, BHMning kamida 50 foizi hajmida to‘laydi.
2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda ko‘p qavatli monolit uy-joylar qurish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatga muvofiq import qilinadigan beton quyish qoliplari, beton tayyorlash mashina va mexanizmlari bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi. Bojxona to‘lovlarini to‘lovchilar 2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda import qilinadigan qurilish sohasida foydalaniladigan mashina va mexanizmlar, texnologik jihozlar, kichik mexanizasiya vositalari, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar bo‘yicha bojxona to‘lovlarini (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqiga ega bo‘ladi.
Eksperiment tariqasida, Toshkent shahrida davlat xizmatlari markazlari binolarida nizolashuvchi fuqarolarga mediator xizmatidan foydalanish uchun alohida xonalar ajratiladi.
2020 yil 1 iyuldan boshlab:
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshiga 30 foiz qo‘shimcha maxsus ustama to‘lanadi.
Noshirlik faoliyatini lisenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblari bekor qilinib, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimi joriy qilinadi.
Joriy yilning 1 iyulidan boshlab:
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o‘z faoliyati bo‘yicha, shuningdek, Hukumat a’zolari va tarmoqlar rahbarlarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlarini muntazam ravishda eshitish tartibi amaliyotga tatbiq qilinadi.
Qurilish sohasida nazorat inspeksiya va hududiy inspeksiya boshliqlariga huquqbuzarlik faktiga e’tiroz bildirilgan hollarda ishni ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi.
Mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Unga ko‘ra, aholi jon boshiga nisbatan daromadlar darajasi yuqori, o‘rtachadan yuqoriroq va o‘rtachadan pastroq bo‘lgan davlatlar guruhiga kiruvchi kamida 10 ta referent mamlakatlar tanlanadi. Dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentrasiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositasining har bir savdo nomi uchun belgilangan eng yuqori narxi qayd etiladi. Bunda dori vositasini ushbu qiymatdan yuqori narxlarda O‘zbekistonga yetkazib berish (import dori vositalari uchun) va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishi (mahalliy dori vositalari uchun) mumkin emas. Shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar respublikaning barcha tibbiyot tashkilotlarida majburiy tartibda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha resept yozilishi tartibi joriy qilinadi Bundan tashqari, “Farmasevtika mahsulotlarining sirli xaridori” instituti joriy etiladi. Ushbu institutning asosiy vazifalaridan biri mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar tomonidan reseptlarni yozish va dori vositalarining savdo nomi uchun cheklangan narxlarni shakllantirish jarayonini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etilishini monitoring qilish va baholash hisoblanadi.
Mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar barcha tug‘ruqni qabul qilish muassasalarida Elektron ma’lumotlar almashinuvi dasturi yuritilishi majburiy hisoblanadi.
Huquqni cheklaydigan prosessual majburlov choralarini qo‘llash, jumladan shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritib boriladi.
Soliq va statistika hisobotlari ma’lumotlari (ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va to‘langan soliqlar, ish haqi to‘lash fondi va boshqa mezonlar) asosida avtomatik tarzda shakllanadigan loyiha-qidiruv tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi.
2023 yil 1 iyulga qadar nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk va yer soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi.
Manba: "aniq.uz"
| |
|