22:10 Mutaxassislar bolalardagi COVID-19 “britancha” shtammining 5 ta alomatini ma’lum qildi | |
Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi shtammi xavfliroq bo‘lib, bolalarda bir qator o‘ziga xos simptomlar bilan kechadi. Bu haqda sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari ma’lum qildi, deb xabar beradi “RBK” Express’ga tayanib. Nashrning qayd etishicha, kasallangan bolalarning aksariyati charchoqdan aziyat chekadi. Ularning ayrimlari odamovi bo‘lib qoladi. Kasallangan chaqaloqlarda esa isteriya va yig‘lash holatlari ortishi kuzatiladi. Kasallangan bolalarning yarmidan ko‘pi (53 foiz) bosh og‘rig‘idan shikoyat qilgan. Shuningdek, qorin bo‘shlig‘ida ham og‘riq his qilishi mumkin. Shu sababli shifokorlar ota-onalarga farzandlarida bosh og‘rig‘i bilan bir qatorda qorin bo‘shlig‘ida ham noqulaylik yuzaga kelmayotganini so‘rab turishni tavsiya qiladi. Yana bir alomat — tana haroratining 37 darajadan yuqori bo‘lishi. Bunday holat koronavirusning “britancha” shtammiga chalingan bemorlarning deyarli yarmida kuzatilgan. Bundan tashqari, tomoq og‘rig‘i ham bolalarda infeksiya borligidan dalolat berishi mumkin. Bundan tashqari, bemorlarning taxminan 35 foizi ishtahaning yo‘qolishidan aziyat chekadi. Mutaxassislarning aytishicha, bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlar bunday holatga ko‘proq duch kelmoqda. Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya hukumati koronavirusning yuqumliroq turi aniqlanganini dekabr oyi o‘rtalarida ma’lum qilgandi. Keyinchalik SARS-CoV-2’ning ushbu varianti boshqa bir qator davlatlarda, jumladan, AQSh, Xitoy, Kanada, Turkiya, Rossiya, Gruziya, Daniya, Germaniya, Shveysariya, Fransiya, Gretsiya, Slovakiya, Yaponiya, Braziliya, Janubiy Koreya, BAA, Iordaniya Tailand, Vyetnam va Kiprda aniqlandi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, virusning ushbu turi dunyoning 50 dan ortiq davlatlarida aniqlangan. O‘zbekistonda koronavirusning “britancha” shtammi bilan kasallangan bemor yo‘qligi ma’lum qilingan.
Manba: "daryo.uz"
| |
|