20:20 Namanganda eshak go‘shti sotuvga chiqib ketgani rostmi? | |
Ijtimoiy tarmoqlarda «Namanganda eshak go‘shtini so‘yganlar ushlandi, balki sotuvga chiqib ketgan bo‘lishi ham mumkin» izohi bilan tarqalgan video yuzasidan Namangan viloyati IIB rasmiy ma’lumot berdi. Unda aytilishicha, 16 oktyabr kuni Namangan shahar, Boburshoh ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uy oldidagi chiqindi tashlash joyiga «Moskvich» (M-412) haydovchisi eshakning ichki a’zolarini tashlab ketayotgani to‘g‘risidagi Namangan viloyati IIB 102 qisqa raqamiga xabar kelib tushgan. Xabarga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv ishlarida aniqlanishicha, 36 yoshli fuqaro 16 oktyabr kuni so‘yilgan eshak go‘shtidan chiqqan chiqindilarini akasining uyidan olib, ushbu chiqindixonaga tashlab ketgan. Akasi 16 oktyabr kuni Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanida joylashgan hayvon bozoridan 3 bosh eshakni 580 ming so‘mga sotib olib, yashash xonadoniga olib kelib, bir o‘zi so‘ygan. Go‘shtni Namangan shahrida yashovchi 73 yoshli tanishiga sotgan. Eshak go‘shtining ichki a’zolarini esa ukasiga tashlab kelishini aytgan. Eshak go‘shtini sotib olgan fuqaro esa Namangan shahrida joylashgan hayvonot bog‘ida ekspeditor lavozimida ishlab kelishi va hayvonlarga kunlik oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish bilan shug‘ullanishini ma’lum qilgan. 16 oktyabr kuni tanishidan 600 ming so‘mga go‘sht sotib olgan va uni hayvonot bog‘idagi hayvonlarga berishini aytgan. Xabarda aytilishicha, mazkur holat bo‘yicha Namangan shahar IIO FMB tomonidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Manba: "aniq.uz"
| |
|