21:11 Nargiz Zokirova va oilasiga bosim o‘tkazishyaptimi? | |
2014 yilda Rossiyaning «Birinchi kanal»idagi «Golos» teleloyihasida qatnashib, 2-o‘rinni egallagan o‘zbekistonlik Nargiz Zokirova Facebook’dagi sahifasida ushbu kanal unga va oilasiga bosim o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Dastlab, xonanda «Birinchi kanal»dagi ko‘rsatuvlardan birining 2014—2017 yilgi «Golos» ishtirokchilari haqidagi soniga uni taklif qilishmaganidan ranjigan. Dasturga «Golos» loyihasining o‘sha yillardagi barcha ishtirokchilari chaqirilgan, ammo Nargiz bundan umuman bexabar qolgan. «Ko‘rsatuvda mening ismim biror marta ham tilga olinmadi. Go‘yoki, loyihada men hech qachon qatnashmagandekman», — deb yozdi qo‘shiqchi. Keyinroq esa Nargizga onasi qo‘ng‘iroq qilib, uni «Birinchi kanal» xodimlari tinch qo‘ymayotganini ma’lum qilgan: kanal xodimlari ayolga tinmay qo‘ng‘iroq qilib, Nargiz Zokirova bilan bog‘lana olmayotganini aytib, uni zudlik bilan topishga yordam berishni so‘rab, hol-joniga qo‘ymagan. «Ko‘ngillari tusagan vaqtda chaqirishadi, qolgan paytda esga ham olishmaydimi?» — deya ranjiganini bildirdi xonanda. Shuningdek, Nargizning sobiq turmush o‘rtog‘i Fil Balzanoga ham «Birinchi kanal»dan tinimsiz qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan: uni shoularga taklif qilib, qo‘shiqchining «sirlarini fosh qilish»ni so‘rashgan. Ammo, Nargizning so‘zlariga ko‘ra, sobiq eri bilan o‘zaro ahillikda ajrashgani tufayli, u bunday takliflarni rad etgan va ular haqida Nargizga o‘zi xabar bergan. Xonanda o‘z postida «Birinchi kanal» vakillariga murojaat qilib, uni va oilasini tinch qo‘yishni so‘radi. «Bundan buyon onamni, farzandlarimni, nevaramni va turmush o‘rtog‘imni bezovta qilmang! Aks holda, o‘z advokatlarimning yordamidan foydalanishga majbur bo‘laman», — deb yozdi Nargiz Zokirova.
Manba: "hordiq.uz"
| |
|