19:19 Toliblar O‘zbekistonga bosim o‘tkazyapti – “Reuters” | |
Taxminan uch hafta davomida O‘zbekiston hududida maxsus lagerda bo‘lgan afg‘on harbiy uchuvchilari AQSHga evakuatsiya qilinish o‘rniga Afg‘onistonga qaytarilishi mumkinligidan qo‘rqmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar bermoqda. Agentlik muxbirlari lagerda saqlanayotgan ba’zi uchuvchilar bilan uyali telefon orqali suhbatlashgan. Ulardan biri o‘zini qamoqxonada yashayotgandek his qilayotganini aytgan.
U, shuningdek lagerda o‘zi bilan birga ushlab turilgan afg‘onlarning sonini ham ma’lum qilgan — 465 kishi. Ta’kidlanishicha, ularning orasida A-29 Super Tucano yengil hujum samolyotlarini boshqargan 15 ga yaqin uchuvchi, UH-60 Black Hawk vertolyotlarini boshqargan 11 uchuvchi, MD-530 vertolyotlarini boshqargan 12 uchuvchi va ko‘plab Mi-17 vertolyotlari uchuvchilari bor. Qayd etilishicha, lagerda o‘nlab uchuvchilardan tashqari, harbiy aviatsiya xodimlari va boshqa harbiy bo‘linmalarning xizmatchilari ham bor. Ularning barchasi Afg‘onistonni toliblar hokimiyatni egallashidan oldingi oxirgi kunlarda va soatlarda tark etishga muvaffaq bo‘lgan. Mozori Sharif va Qobul aeroportlaridan 46 ta samolyot uchishga muvaffaq bo‘lgan —Afg‘onistonning sobiq harbiy havo kuchlari 160 ga yaqin samolyotdan iborat bo‘lgan. Jurnalistlarga ko‘ra, bu samolyotlarning barchasi keyinchalik O‘zbekistonga qo‘ngan. Avgust oyining oxirida agentlikka berilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari lager atrofidagi baland devorlarni namoyish etgan, ularning yashash joylari ilgari COVID-19 kasallarini davolash uchun ishlatilgan. Bu ob’ekt Afg‘oniston bilan chegaradosh Termiz shahri yaqinida joylashgan. Ma’lum qilinishicha, AQSHning hozirgi va sobiq amaldorlari Amerika hukumatining Afg‘oniston xodimlari va samolyotlarini O‘zbekistondan evakuatsiya qilishni tashkillashtira olmayotganini tanqid qilmoqda. Chunki toliblar ularni o‘z ixtiyoriga olish uchun o‘zbek hukumatiga bosim o‘tkazmoqda. Hozir Termiz yaqinidagi lagerda saqlanayotgan harbiy uchuvchilar AQSH mutaxassislari rahbarligida o‘qitilgan. AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon E. Xyorbstning fikricha, O‘zbekiston Afg‘onistonga uchuvchilar va samolyotlarni qaytarishni istayotgan “Tolibon” tomonidan haqiqiy va jiddiy bosimga duch kelgan. “Ular (O‘zbekiston rasmiylari — tahr.) “Tolibon” bilan yaxshi munosabatda bo‘lishni xohlaydi”, degan Xyorbst. Ma’lumot o‘rnida, “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganidan ko‘p o‘tmay, aviatsiya sohasida mutaxassislar yetishmasligiga duch kelgan. Masalan, harakat Qobuldagi xalqaro aeroportni boshqarishga Qatar va Turkiyadan mutaxassislarni taklif qilgan. Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi. Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi. Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|