12:35 Navoiyda pochchasi bilan ichkilikbozlik qilgan uka opasini pichoqlab o‘ldirib qo‘ydi | |
Navoiy viloyati Karmana tumanida pochchasi bilan janjallashib qolgan uka ularni ajratishga uringan opasini pichoqlab qo‘ydi, deb xabar beradi Oliy sud matbuot xizmati. Ma’lumotlarga ko‘ra, Karmana tumanida yashovchi Uyg‘un (ism-shariflar o‘zgartirilgan) bayramni uyida qarindoshlari bilan birga nishonlashga qaror qilgan va ikki opasiga qo‘ng‘iroq qilib, avval bayram bilan tabriklagan so‘ng, ularni pochchalar bilan birga uyiga mehmondorchilikka chaqirgan. Shu kuni tushda Uyg‘un to‘ng‘ich pochchasi bilan ichkilikbozlikni boshlab yuborgan. Kechki payt ularning davrasiga kichik pochchasi Davlat Otajonov ham kelib qo‘shilgan. Birozdan so‘ng katta pochcha uyiga ketgan. Uyg‘un bilan Davlat esa, ichkilikbozlikni davom ettirgan. Biroq ular o‘zaro gap talashib qolgan va Uyg‘un pochchasini haqoratlagan. Davlat ham bunga javoban har xil noo‘rin so‘zlar aytgan. Jahl otiga mingan Uyg‘un Davlatning kiyimini yirtib tashlagan. Shunda uning opasi o‘rtaga tushib, erini tashqariga chiqarib yuborgan. Bundan g‘azablangan Uyg‘un opasining chap tomon yelka o‘mrov sohasiga qo‘lidagi o‘tkir oshxona pichog‘ini sanchib olgan. Og‘ir tan jarohati olgan ayol tez tibbiy yordam avtomashinasida zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan. Biroq ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Sud majlisida so‘roq qilingan sudlanuvchi Uyg‘un Shokirov aybiga iqrorlik bildirmagan. Uning ta’kidlashicha, “tarvuz so‘yayotganda pichoq to‘satdan opasining tanasiga kirib ketgan”. Jinoyat ishi yuzasidan guvoh sifatida so‘roq qilingan jabrlanuvchining qonuniy vakili Davlat Otajonov va boshqa guvohlarning ko‘rsatmalari, shuningdek, Xadicha Sulaymonova nomidagi sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Navoiy filiali Karmana tuman bo‘linmasining 2020-yil 10-sentabrdagi 51-sonli xulosasiga asoslanib, sudlanuvchining ko‘rsatmalarini javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida o‘ylab topilgan vajlar deb topdi. Sud majlisida qo‘shimcha guvoh sifatida so‘roq qilingan sudlanuvchi Uyg‘un Shokirov istiqomat qiladigan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi S. Tojiqulovning ko‘rsatmasi ham olingan. “Uyg‘un ilgari ham spirtli ichimlik iste’mol qilib, tez-tez janjal chiqarib turar edi. Opasi bilan o‘rtalarida kelishmovchilik bo‘lganini eshitmaganman. Lekin pochchasi Davlat Otajonov bilan chiqisholmasligidan xabardor edim”, — deydi u. Sud sudlanuvchi Uyg‘un Shokirovni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topgan va unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Farg‘onada kelinini pichoqlab o‘ldirgan qaynota 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingani, Samarqandda ikki yigitning o‘zaro janjali birining pichoqlab o‘ldirilishi bilan yakunlangani, Andijonda er ishdan kech kelgan 21 yoshli ayolini urib, o‘ldirib qo‘ygani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|