«Er-xotinning urushi, doka ro‘molning qurishi…»
Bir kun janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka qochadi, deyishadi qadimgilar. Haqiqatda, oilada ikki kishi bir-birini tushunmasa, bundan nafaqat ular, balki atrofdagi yaqinlari ham azob chekishadi. Keling, muammoli vaziyatlarni yaxshilik bilan hal qilish choralarini topish uchun avvalo, oiladagi janjal kelib chiqishining asosiy sabablarini o‘rganib chiqamiz.
Rashkdan yonmang!
Avvalo, tinchlaning! Endi yaxshilab mulohaza qiling, rashkka nima sabab bo‘layapti? Ko‘ngil g‘ashligi tufayli turmush o‘rtog‘ingizga turli ayblov yuklayotgan bo‘lsangiz, olg‘a! Haq ekanligingizni isbotlang. To‘polon ko‘taring, rashk qiling, qo‘l telefoni va cho‘ntaklarini kavlab, xiyonatga isbot qidiring. To‘g‘ri-da, axir shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi, ko‘ngil aldashi mumkin emas. Faqat... bu ishlarni boshlashdan avval, oqibati nima bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘rdingizmi? Ajrashishga tayyormisiz? Shuncha mehnat bilan qurilgan oila poydevorini buzib tashlashga ko‘zingiz qiyadimi?
Minnat qilavermang!
Ayrim ayollar oila boshining uyga olib kelayotgan ro‘zg‘orini xuddi u bunga majburdek qabul qilishadi. Er ham o‘z o‘rnida xotinini shirin taom, tekis dazmollangan kiyim, uydagi orastalik uchun maqtab qo‘yish lozimligini unutadi. Oddiygina ikki og‘iz so‘z bu holda masalani ijobiy hal qilishi mumkin. Shunda mehnati qadrlanayotganini sezgan juftlikda bu haqda bir-biriga eslatish zarurati tug‘ilmaydi. Masalan, «Menga umuman yordam bermaysiz» jumlasi o‘rniga «Tansiqroq taom tayyorlay degandim, ammo bolalarning dars qildirishga ulgura olmayman», deyish mumkin. «Mening tashqi ko‘rinishim qanday ekanining sizga umuman qizig‘i yo‘q» gapini «Azizim, ko‘rinishimni maqtab gapirsangiz, yaxshi ko‘rib ketaman sizni»ga almashtiring.
Talablarni chegaralang!
Masalan, romantik bo‘lmagan erkakdan kutilmagan «sryupriz»larni kutmang. Axir turmush qurishdan avval uning qanday ekanini bilgansiz. Umuman erkak kishidan har tomonlama mukammal bo‘lishni, doimiy e’tiborni talab qilish noto‘g‘ri. Axir u oilani ham boqishi, ishlashi kerak-ku! Tabiiyki, ishdan charchab kelgach, injiqliklaringizni ko‘tara olmay, zarda qiladi. Qarabsizki, ikki qo‘ldan chiqayotgan qars bahona uy yana janjalxonaga aylanadi. Ba’zida vaziyatni ayol bo‘lsangiz-da o‘zingiz qo‘lga olishingiz zarur. Romantikani sevsangiz, uni yaratish uchun rang-barang tasavvuringizni ishga solib ko‘ring. Ikki-uch safardan keyin turmush o‘rtog‘ingiz ham bunga hissasini qo‘sha boshlasa, ne ajab?!
Xatolar ustida ishlang!
Turmush o‘rtog‘ingizga nisbatan minnat, ayblov, noroziliklaringiz bo‘lsa, bir varaq qog‘ozni olib, yarmiga uning sifatlarini, yarmiga bo‘lsa, kamchiliklarini yozing. Ba’zi kamchiliklariga ko‘z yumishga yoki masalani yaxshilik bilan hal qilishga rozimisiz? Uydan urush chiqayotganini sezganingiz zamon shu qog‘ozchaga bir qur nazar tashlab oling. Uning keyingi payt qilgan uchta yaxshiligini eslab, bu uchun minnatdorchilik bildirib qo‘ying!
Qaynona qaynamasa, kelinlar aynimaydi!
Bu muammo tug‘ilgan oilada vaziyatni mo‘’tadillashtirishning yagona yo‘li erkak kishining o‘rtaga tushmasligidir. Er bechora onasining yonini olaman desa, xotini arazda, aksi bo‘lsa, volidasining ko‘ngli og‘riydi. Shu sabab, kelinidan noligan qaynonaga «Oyi, o‘ziga tushuntiring, tushunadi» deyish, rafiqasini esa «Onam sen haqingda hech yomon gapirmaydi», deb yupatish kerak. Shu orqaligina o‘rtadagi muvozanatni bir maromda ushlab turish mumkin. Nasib qilsa, qaysar qaynona buviga, o‘jar kelin onaga aylanadi. Endi ularning bor e’tiborini bolalarga qaratiladi va o‘zaro til topishib ketishadi.
Bolalar sabab janjallashish?!
Ota-onasining urishayotganini ko‘rgan bola o‘zini aybdor his qila boshlaydi. Yana unutmang, kichkintoylar kattalarning baland ovozidan qo‘rqishadi. Bu vaqtda ular o‘zlarini hech kimga keraksizdek his qilishadi. «Meni hech kim yaxshi ko‘rmaydi», deya o‘ylaydi jajji bolakay va bu kabi xayollardan hattoki kasal bo‘lib qolishi ham mumkin. Kattalarning janjalidan bolakaylar o‘zlarini ayblashi isbotlangan ilmiy fakt.
Qisqa tanaffus
Janjal boshlanayotganini sezganingiz zamon xonadan tezda chiqib keting. Jahl qilmay, zardasiz, oddiygina qilib baxsni to‘xtating, tamom! Qanaqasiga deysizmi? Janjal vaqtida hech narsani isbotlay olmasligingizni eslashning o‘zi kifoya. Barcha masalani xotirjam suhbatlashib hal qilgan yaxshiroq.
Solishtiruv
Eringizni boshqa erkaklar bilan solishtirmang. Unutmang, u sizning jufti halolingiz! Dugonangizning oilaparvar eri boshqa! Siz ham dugonangizni takrorlamaysiz-ku, to‘јrimi? Buning ustiga, erkak zotiga bunday ma’nisiz solishtiruvlar aslo yoqmaydi. Aksincha, katta janjallarga sabab bo‘ladi.
Erga ma’shuqa bo‘lmoq san’ati
O‘sha erlarni o‘ziga qaratib oluvchi jodugarlar ham aslida ozmuncha ter to‘kishmaydi. Latofatli, didli, nozik xatti-harakat sohibasiga siz ham aylana olasiz. Farzandingiz ayb ish qilsa, har qancha sabringiz to‘lsa-da, otasi borida baqirib-chaqirmang. Unga shirin gaplar bilan muomala ham qilib turing.
Organizm bilan uyg‘unlashing!
Kuniga necha soat uxlayotganingizni hisoblab ko‘ring. Agar ko‘rsatkich 6,5 soatdan kam bo‘lsa, vaziyatni o‘zgartirish kerak.
Endokrinolog yoki nevropatolog qabuliga borib qo‘ring. Balki organizmda biror fiziologik yoki gormonal o‘zgarish ketayotgandir.
Tushkun kayfiyatni nima chaqirayotganini aniqlang. Masalan, toksikoz, emizish davri, yangi sharoitga ko‘chish yoki ko‘nikish, iqtisodiy qiyinchilik, oila a’zolaridagi o‘zgarish.
Janjal chiqmasin desangiz…
Jizzakilikni nazorat qilish ustida ko‘proq ishlang. Psixologik adabiyot yoki malakali ruhshunos bunda sizga yordam beradi.
Urush chiqqanida hech qachon ota-ona yoki ular bilan bog‘liq gaplarni tilga olmang. Bu turmush o‘rtog‘ingizda chuqur alam uyg‘otib, qonini qaynatib yuboradi.
Munosabatni och qorin, charchagan yoki uyquga to‘ymagan paytda hal qilmang. Urushga tortayotganlarini sezsangiz, voqea joyini darhol tark eting.
Eng muhimi, nima bo‘lishidan qat’i nazar o‘qilgan sahifani qayta-qayta o‘qib yomon xotiralar bilan juftingizni ayblamang. Bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi, uni kechirdingiz. Davomiga nuqta qo‘yib yangi, chiroyli xotiralarni kashf etishga yeng shimaring! Keyingi sonlarimizda esa oila buzilishiga sabab bo‘luvchi omillar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida mulohaza yuritamiz.