11:15 Jasur Umirov ishini yopdi-yopdi qilgan mas’ullarga chora ko‘rildi | |
Avvalroq qo‘shiqchi Jasur Umirovning ishi bo‘yicha dastlab jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan IIB tergovchisining harakatlari prokuratura tomonidan o‘rganilayotgani haqida xabar bergan edik. Qo‘shiqchiga nisbatan to‘plangan hujjatlar bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilgan xodimlar harakatiga baho berildi. Bu haqda Samarqand viloyat prokuraturasi xabar bermoqda. Ma’lum qilinishicha, voyaga yetmagan Sh.M.ning nomusiga tegish ishi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazgan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi TB tergovchisining harakatlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Unda tergovchi dalillarni sohtalashtirmagani, ko‘rsatmalarni o‘zgacha tarzda qayd etmagani va tergovga qadar tekshiruv harakatlarida ishtirokchilarning ko‘rsatmalarini o‘zlarining so‘zlaridan yozib olgani aniqlangani sababli, unga nisbatan Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan. Biroq, u holat bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilish uchun dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli, unga nisbatan viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘i bilan “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanilgan. Shuningdek, mazkur holatda idoraviy nazoratni yetarli darajada ta’minlamagan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB TB boshlig‘iga “hayfsan”, tuman IIB boshlig‘iga “tanbeh” intizomiy jazosi qo‘llanilgan. Viloyat IIB TB boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimdan ozod qilingani bilan chegaralanilgan. Avvalroq, xonanda Jasur Umirov voyaga yetmagan Sh.M.ni nomusiga tekkani, unga nisbatan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2020 yilning 21 dekabr kuni qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida xabar bergan edik. Keyinchalik Jasur Umirovning sudi yopiq tarzda o‘tkazilishi aytildi. Sud hukmi bilan Umirov va boshqalar aybdor deb topilib, ularga nisbatan sud hukmi bilan tegishli jazolar tayinlandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining 2021 yil 2 fevraldagi hukmiga ko‘ra, Jasur Umirov Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|