22:26 O‘zbekiston hududiga kirib kelish bo‘yicha yangi tartib o‘rnatildi | |
O‘zbekistonga kirib keluvchi fuqarolar uchun yangi tartib o‘rnatildi, deya xabar qilmoqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi. Respublika maxsus komissiyasining tegishli qarori bilan quyidagi yangi tartib o‘rnatildi:
Koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari natijalari ingliz yoki rus tillarida bo‘lishi talab etiladi hamda temiryo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tishdan oldin tegishli avia yoki temiryo‘l kompaniyalari xodimlari tomonidan, O‘zbekiston hududida esa tegishli aeroport, temiryo‘l vokzali hamda avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlarida faoliyat ko‘rsatuvchi sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan nazorat qilinadi. Avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi natijasida musbat natija qayd etilgan hollarda belgilangan tartibda tegishli hududda joylashgan tibbiyot muassasalariga yuboriladi. O‘zbekistonning So‘x tumani, Shohimardon, Cho‘ng‘ara va Toshtepa aholi punktlariga kirishda hamda ulardan O‘zbekiston tomon tranzit tarzida borayotgan O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolaridan koronavirus infeksiyasiga barcha turdagi test tahlillarini topshirish talab etilmaydi. O‘zbekistonga 2021-yilning 25-martidan boshlab xorijiy mamlakatlardan tashrif buyuruvchilardan faqat tan olingan laboratoriyalarning koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari havo yoki temiryo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tkaziladi yoxud avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi o‘tkazmasdan kiritiladi. Bunda, Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan tan olingan laboratoriyalarning (kamida 10 ta) ro‘yxati shakllantiriladi. Shuningdek, mamlakatga kirish vizasini rasmiylashtirishning markazlashtirilgan elektron tizimida viza olish uchun arizalar qabul qilinishi qayta yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, Respublika hududiga kirib kelish bo‘yicha o‘rnatilgan tartib bilan bir qatorda fuqarolar tomonidan tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, dezinfeksiya ishlarini o‘tkazib borish talabiga rioya qilish belgilandi. Bundan avval O‘zbekistonga manfiy natijali PZR-test natijasi bilan kirib kelgan 173 nafar yo‘lovchida ekspress testda COVID-19 qayd etilgani hamda TIV o‘zbekistonlik talabalarning Rossiyaga kirishiga qo‘yilgan cheklov bekor qilinmagani bo‘yicha yana bir ogohlantirish bilan chiqqani haqida xabar berilgandi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|