20:30 O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yangi kriptopoytaxti deb e’tirof etildi | |
Toshkentda 28 aprel kuni 25 mamlakat va 100ga yaqin tashkilot vakillari ishtirokida blokcheyn va kriptovalyutalar bo‘yicha Butunjahon sammiti o‘tkaziladi. Bu haqda Sputnik nashri xabar qilmoqda. "MDHning uchinchi o‘rindagi eng yirik iqtisodiyoti — O‘zbekistonga xush kelibsiz! Mamlakat iqtisodiy siyosatidagi o‘zgarishlar va tayyorlanayotgan qonunchilik islohotlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yangi kriptopoytaxti sifatida tanlandi", deyiladi sammit saytida. Tashkilotchilarning fikricha, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan blokcheyn va kriptovalyutalar bo‘yicha Butunjahon sammiti investisiyalar va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlarga to‘la yangi bozorga chiqish uchun o‘ziga xos imkoniyatdir. Ishtirokchilar International Hotel Tashkent mehmonxonasida raqamli iqtisodiyot, jumladan, ma’lumotlar maxfiyligi, blokcheyn-texnologiyalarni qo‘llash, mayning, kriptovalyutani saqlash va almashtirish masalalari bo‘yicha muhokamalar o‘tkazishadi. Sammitda Qozog‘iston, Latviya, Gollandiya, Isroil, Bahrayn, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Rossiya, Nigeriya va boshqa davlatlardan kelgan blokcheyn va kriptovalyuta bo‘yicha mutaxassislarning chiqishlari rejalashtirilgan. Sammit doirasida O‘zbekiston bo‘yicha loyihalar taqdim etiladigan Uzbekistan ICO Show tadbiri ham bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston 2018 yil boshida kriptovalyuta yig‘ish eng arzon tushadigan mamlakatlar ro‘yxatida jahonda uchinchi o‘rinni egallagandi. International Business Times nashri ekspertlarining hisoblashlaricha, O‘zbekistonda bir bitkoyn yig‘ish 1790 dollarga tushadi. Bu borada faqatgina Trinidad va Tobago (1190 dollar) va Venesuela (531 dollar) O‘zbekistondan yuqori o‘rinda turadi. Janubiy Koreya bitkoyn yig‘ish befoyda mamlakat deb topilgan, bu yerda bir bitkoyn yig‘ish 26170 dollarga tushadi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|