17:23 Karimov O‘zbekiston SSSR Prezidenti sifatida qancha oylik olgan? | |
Keltirilishicha, O‘zbekiston parlamenti 1990 yilning 20 iyun kuni nafaqat Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilgan, shu bilan birga O‘zbekiston prezidentining oylik maoshi va pensiyasi miqdorini belgilagan. 1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining “O‘zbekiston SSR Prezidentini ta’minlash, unga xizmat qilish uni himoya qilish to‘g‘risidagi” qarorida uning oylik maoshi miqdori, maxsus jihozlangan samolyot, maxsus vazifalar uchun aftomobil transporti, prezident lavozimida ishlab turgan vaqtda Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida yashash uchun xonadon kabilar belgilangan. Xususan, Prezident soliq to‘lagan holda 1500 so‘m miqdorida maosh olishi keltirilgan (O‘sha vaqtda bu pul oddiy ishchining taxminan 5 oylik maoshiga teng bo‘lgan yoki oddiyroq avtomobil sotib olish mumkin edi). Shuningdek, Islom Karimov prezidentlikdan ketganidan so‘ng umrining oxirigacha 1000 so‘m pensiya olishi kerakligi qayd etilgan. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda prezident lavozimi ilk bor 1990 yil 24 martda joriy etilgan va O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida Islom Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylangan. Shu munosabat bilan respublika Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartishlarda “O‘zbekiston prezidenti lavozimiga 35 yoshdan kichik bo‘lmagan va 65 yoshdan katta bo‘lmagan O‘zbekiston SSR grajdani saylanishi mumkin”ligi va u “O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasini hamda O‘zbekiston SSR qonunlarini buzgan taqdirda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidangina lavozimidan tushirilishi mumkin”ligi, “bunday qaror O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining tashabbusi binoan O‘zbekiston SSR Konstitutsion nazorat komitetining xulosasini hisobga olib, O‘zbekiston SSR xalq deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovozi bilan qabul qilinishi” belgilab qo‘yilgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|