16:27 O‘zbekistonda “juma tabriklari”ni tarqatish taqiqlanganiga oid mish-mishlarga munosabat bildirildi | |
Bildirilishicha, rasmiy diniy sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarni mutolaa qilish yoki ulashish javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ham vahima uyg‘otuvchi yolg‘on xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. “Ijtimoiy tarmoqlarda aholi orasida sarosimaga soluvchi shunday noto‘g‘ri xabarlar tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlik keltirib chiqaradi”, deyiladi munosabatda. Keltirilishicha, 2021 yil 5 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, e’tiqod erkinligi kafolatlangan. Shunga ko‘ra, fuqarolar dinga e’tiqod qilish, diniy rasm-rusumlar va marosimlarni o‘tkazish hamda o‘z dinining ta’limotlarini o‘rganish haq-huquqiga egadir. “Shunga binoan mo‘min-musulmonlar uchun zarur bo‘lgan diniy masalalar rasmiy elektron manbalar orqali keng yoritib borilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-saytlari, masjid-madrasalar, iqtidorli imom-xatiblarning sayt va ijtimoiy tarmoq sahifalarini mutolaa qilish hamda ulardagi ma’lumotlarni yaqinlariga ulashish mumkin, jumladan, juma tabriklarini ham tarqatishga ruxsat etilgan. Bularga hech qanday ta’qib yo‘q”, deya ta’kidlanadi munosabatda. Urg‘ulanishicha, buzg‘unchi oqimlar g‘oyalarini o‘ziga jalb etuvchi musiqiy ohang, fotosurat yoki ramzlar orqali zimdan tarqatishga urinmoqda. Shuning uchun ham ekstremistik g‘oyalarni har qanday shaklda xoh juma tabrigi bo‘lsin, xoh boshqacha atribut yoki surat shaklida bo‘lsin, ularni tarqatish, saqlash va foydalanish qonunan ta’qiqlanadi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda taqiqlangan ekstremistik va terroristik kontentlar ro‘yxati e’lon qilingan edi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|