23:12 O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni ortdi | |
Joriy yilning 19 may kuni samarqandlik I. viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida og‘ir ahvolda yotqizilgan. O‘tkazilgan tahlillar natijasida unda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan. Paxtachi tumanida yashovchi 63 yoshli (erkak) ushbu bemor 3 yildan buyon I-guruh nogironligi bo‘lib, surunkali buyrak yetishmovchiligi va anemiya og‘ir darajasi tashhisi bilan dispanser nazoratida turgan. 2017 yildan buyon doimiy gemodializ muolajasini olib kelgan. Shu yilning 25 may kuni bemorning ahvoli yomonlashgan, burundan va ichki qon ketish belgilari paydo bo‘lgan va reanimatsiya bo‘limiga olingan. Bo‘limda bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar asosida reanimatsion yordam ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, vazirlikning turli yo‘nalishlar bo‘yicha bosh mutaxassislari va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi xodimlari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar ham o‘tkazilib, doimiy nazorat ta’minlangan. Biroq ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. Bu koronavirusdan vafot etgan o‘n to‘rtinchi bemor bo‘ldi. Eslatib o'tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirda mamlakatda koronavirusga chalinganlar 3281 nafarni tashkil qilmoqda. Bugungacha bemorlarning 2636 nafari sog'aygan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|