23:49 O‘zbekistonda yana bir kishi koronavirusdan vafot etdi | |
“Covid-19” koronavirus infeksiyasidan yana bir bemor vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1959 yilda tug‘ilgan poytaxtlik G. shu yilning 15 aprel kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi (insult) bilan yotqizilgan. O‘tkazilgan tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng, bemorda “Covid-19” koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan. Shundan so‘ng, unga ixtisoslashgan tibbiy yordam berish maqsadida, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga og‘ir holatda o‘tkazilgan. Bemorda bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, ikki tomonlama bronxopnevmoniya, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, gipertoniya kabi qator xastaliklar bo‘lganligi sababli davolanish og‘ir kechib, 14 kun sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan. Bundan avval , ya’ni 2-fevralida u ilk bor bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi ( insult) tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan va davolanib chiqqan. 61 yoshli ushbu bemor davolanish davomida kunlik ahvoli video muloqotlar orqali xorijlik va mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari nazoratida bo‘lgan. Ular tomonidan muntazam konsiliumlar o‘tkazib kelingan. Biroq mutaxassislarning belgilangan standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir respirator disstres sindrom, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|