11:36 Ortiqcha ovqatlanishdan tiyilishga yordam beradigan 5 tavsiya | |
Keragidan ortiq ovqatlanish ko‘pchilikni bezovta qiladigan muammo hisoblanadi va ba’zi hollarda bu emotsional holat, stress va boshqa psixologik jarayonlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Bundan xalos bo‘lishga yordam beradigan tavsiyalar bilan bo‘lishamiz. Och qolmaslikka harakat qiling Haddan ortiq darajada och qolmang. Kishi och qolib ketsa, ko‘p ovqatlanib yuborish xavfi yuqori bo‘ladi. Nonushta, tushlik va kechki ovqat orasida ochlikni his qilsangiz, tamaddi qilib oling. Ammo iloji boricha tamaddiga meva yemaslikka harakat qiling, chunki ularning iste’molidan keyin qondagi qand miqdori o‘zgarishi, buning oqibatida esa ochlik hissi paydo bo‘lishi mumkin. Shoshmasdan ovqatlaning Shoshmasdan ovqatlanilganda taomning ma’lum qismi hazm bo‘ladi va organizm sizni to‘ydi deb hisoblaydi. Kun davomida uch mahal o‘z vaqtida ovqatlanish doimiy odatingiz bo‘lsin. Ovqatlanish vaqtida muammo va tashvishlar haqida o‘ylamasdan taomdan rohatlaning. Eng asosiysi esa taomni yaxshilab chaynab, keyin yutishga e’tibor qarating. Suv ichishni unutmang Ko‘p hollarda chanqash bilan ochlik hissi adashtiriladi va buning oqibatida keragidan ko‘p ovqatlaniladi. Kun davomida taom orasida suv ichishni unutmaslik kerak. Ochlik his qilinganda taom iste’molidan yarim soat avval bir stakan suv iching. Suv oshqozonni biroz to‘ldirgani hisobiga siz kamroq iste’mol qilishingiz mumkin. Telefon yoki noutbuk qarshisida ovqatlanmang Ekranga tikilib o‘tirib, qancha ko‘p ovqat yeganingizni bilmay qolishingiz, nazorat qila olmasligingiz mumkin. Qolaversa, bu vaqtda miya ovqat bilan emas, ma’lumot qabul qilish bilan band bo‘lgani sabab bu oshqozon kasalliklari, masalan, gastrit keltirib chiqarishi mumkin. To‘yib uxlang To‘yib uxlamaganda organizm stressni boshdan kechiradi. Uyqu yetishmagani, dam olmagani hisobiga esa qo‘shimcha energiya kerak bo‘ladi va buni ovqat hisobidan qondirmoqchi bo‘ladi. Shu sabab erta yotib, 8 soatdan kam uxlamaslik kerak.
Manba: "daryo.uz"
| |
|