11:06 Osiyoda maymun chechagidan birinchi o‘lim qayd etildi | |
Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 yoshli yigitning sog‘lig‘ida boshqa hech qanday muammo bo‘lmagan. U Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) 19 iyul kuni maymun chechagi uchun topshirgan testi ijobiy chiqqan va Hindistonga qaytib kelgan. Uyga kelganidan keyin biroz vaqt o‘tgach, isitmasi ko‘tarilgan. Shundan so‘ng bemor shifoxonaga yotqizilgan va keyinroq sunʼiy nafas oldirish apparatiga ulangan. Yigit 30 iyul kuni vafot etgan. U bilan aloqada bo‘lgan shaxslar kuzatuv ostida. AFP maʼlumotlariga ko‘ra, Hindistonda maymun chechagi infeksiyasining kamida to‘rtta holati qayd etilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga ko‘ra, may oyi boshidan beri Afrikadan tashqarida 18 000 dan ortiq kasallanish holati qayd etilgan, ularning aksariyati Yevropada kuzatilgan. Maymun chechagi bilan bog‘liq Afrika qitʼasidan tashqarida kamida uchta o‘lim holati tasdiqlangan: ikkitasi Ispaniyada va bittasi Braziliyada. Hindistonda qayd etilgan holat to‘rtinchi va Osiyoda birinchisidir. Joriy yilning 23 iyul kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maymun chechagi kasalligini sog‘liqni saqlash uchun global favqulodda holat (FH) deb eʼlon qildi. O‘sha vaqtga 75 mamlakatda 16 000 dan ortiq holat maʼlum edi. Ko‘plab holatlar Yevropa va Amerikada aniqlangan. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, ushbu kasallik anʼanaviy maʼnoda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiya emas, u har qanday yaqin jismoniy aloqa orqali yuqishi mumkin. “Biroq, bizning ishimiz shuni ko‘rsatadiki, hozirgi kunga qadar kasallikni yuqtirish holatlarining aksariyati, birinchi navbatda, erkaklar orasida ko‘p kuzatilmoqda”, deydi tadqiqot rahbari Jon Tornhill. Kasallik tarqalishiga qarshi kurashish uchun JSST Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus infeksiya tasdiqlangan guruhlar bilan bog‘lanishni, epidemiologik nazorat va sog‘liqni saqlash choralarini kuchaytirishni, kasalxonalarda infeksiyaning oldini olish ishini kengaytirishni, vaksinalar, terapevtik vositalardan foydalanish bo‘yicha tadqiqotlarni jadallashtirishni tavsiya qildi. Eslatib o‘tamiz, Yevropada maymun chechagidan birinchi o‘lim holati Ispaniyada qayd etilgan edi. Maʼlumot o‘rnida, maymun chechagi kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, asosan yovvoyi hayvonlardan odamlarga yuqadi. Kasallikning belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, limfa tugunlari shishishi, titroq va charchoqni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yuz va tananing boshqa qismlarida teri toshmasi ham paydo bo‘lishi mumkin. JSST maʼlumotlariga ko‘ra, maymun chechagi epidemiyasi uchun o‘lim darajasi odatda 1 foizdan 10 foizgacha, o‘limning aksariyati yosh guruhlarda sodir bo‘ladi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|