12:22 OTMga kirish imtihonlari soddalashtiriladi - Prezident qarori loyihasi | |
Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari yanada soddalashtiriladiPrezidentning “Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflari ma'qullanishi mumkin: 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining bitiruvchilari yakuniy davlat attestatsiyasi hamda respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish sinovlarini birlashtirib, majburiy fanlar va maktab bitiruvchisi tanlagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos ikkita fan bo‘yicha yagona test sinovlarini aprel – may oylarida o‘tkazish; test sinovlari natijalarini o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e'lon qilish; test sinovlari natijalarini maktab bitiruvchilari umumiy o‘rta ta'lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirgandan keyin o‘tkaziladigan yakuniy davlat attestatsiyasida hamda oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tanlovida inobatga olish. Belgilab qo‘yilishicha: maktab bitiruvchilari uchun test sinovi topshiriladigan fanlar, baholash mezonlari, topshiriqlar soni, test sinovlari va tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishning aniq muddatlari O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi; Xalq ta'limi vazirligi test sinovi fanlari bo‘yicha natijasini umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi attestatga qo‘yish va yagona ma'lumotlar bazasiga kiritish uchun minimal ko‘rsatkichni (qoniqarlilik darajasini) belgilaydi, maktab bitiruvchilari haqidagi tegishli ma'lumotlarni har yili 1 fevralga qadar Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritilishini ta'minlaydi hamda test sinovlarini belgilangan talablar asosida tashkil etilishida mas'ul hisoblanadi; maktab bitiruvchilari majburiy uchta fan va o‘zi tanlagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan test sinovlarini topshiradi; maktab bitiruvchisi tanlagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos ikkita fanning har biridan o‘tkazilgan test sinovi natijasi qoniqarli bo‘lganda, ularning natijasi umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi attestatiga baholash mezoniga muvofiqlashtirilgan holda qo‘yiladi va qo‘shimcha test sinovlarisiz belgilangan tartibda test sinovi topshirgan mos o‘quv tili va ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda qatnashadi; maktab bitiruvchisi tanlagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos ikkita fanning kamida biridan test sinovi natijasi qoniqarsiz bo‘lganda, u maktab tomonidan o‘tkaziladigan yakuniy davlat attestatsiyasida majburiy ravishda ishtirok etadi; test sinovlarida ishtirok etmagan yoki unda qoniqarsiz baholanganlarga belgilangan tartibda, barcha abituriyentlar qatori iyul-avgust oylarida test sinovlarida qatnashish huquqi beriladi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha, test sinovlari o‘tkaziladigan binolarni zarur qurilmalar bilan jihozlaydi.
Manba: "kun.uz"
| |
|