14:54 Ovsinimning cho‘risimanmi? | |
Hatto kundoshlar bir-biriga paxta otib turgan paytda, ovsin qo‘liga toshni oladi, degani bejiz emasga o‘xshaydi. Ovsinidan shikoyat qilib tahririyatga murojaat qilayotgan ayollarning hasratini o‘qib, bunga o‘zingiz amin bo‘lasiz. Ovsinchilik, bu — ikki yoki undan ko‘proq mustaqil ayolning qarindoshlik rishtasi bilan bog‘lanib, bir oilada teng maqomda yashashi, xizmat qilishi, bir-biriga yelkadosh bo‘lib, yaxshi-yomon kunlarda qo‘llashi, opa-cingildek mehribonlik ko‘rsatishidir. Bugun «Mening oilam» sahifasiga murojaat qilgan ayollarning esa bu gapga hech ko‘ngisi yo‘q. Bunga yetarli asoslari bormikan? Keling, birgalikda mulohaza qilamiz. «Kimning eri ko‘p topsa, o‘sha haqmi?» — 19 yoshimda turmushga chiqdim. Hozir 2 yashar bolam bor. Ovsinim tibbiyot institutida 10 yil o‘qidi, keyin ishga chiqib ketdi. O‘tgan vaqt ichida uyda o‘tirganim sababli ovsinimni ham, qaynonamni ham xizmatini qildim, birovga bir marta buni minnat qilib, og‘iz ochganim yo‘q. Ovsinimning bolasini 3 oyligidan boshlab o‘zim qaradim, to onasi o‘qishdan uyga kelguncha, uning o‘rnini bosishga harakat qildim. Birgina aybim, mening turmush o‘rtog‘im ro‘zg‘or qilmaydi. Hozir vaqtincha ishsiz, avval ham kam maoshli ishda ishlardi. Ovsinim esa hamma narsani turmush o‘rtog‘i olib kelib, ta’minlagani uchun qo‘lini sovuq suvga urmaydi. «Hammani mening erim boqayapti», deb yuzimga solgani-solgan. Men indamay chidayman, tilim qisiqligi uchun ham u ishdan kelguncha hamma yoqni o‘zim tartibga solib, birorta ish qoldirmayman. Ovsinim ishga boradi-keladi, hech kim uning mushugini pisht demaydi. Shunday bo‘lsa ham, qachon qarama men va qaynonam, aka-ukalar o‘rtasiga sovuqchilik tushirib, gap tashib yuradi. Yaqinda juda xunuk voqea bo‘ldi. «Shampunimni uyingga olib kirib ketgansan, berkitib qo‘ygansan, u meniki», deb rosa janjal qildi, bu katta urushga aylanib ketdi. Bilaman, bu oddiy, mayda narsalar, lekin nohaqlikka chidolmayapman. Chunki gap-so‘z orasida menga katta tuhmat ham qildi. «Erga tegmasingdan avval har xil yigitlar bilan uchrashib yurgansan, mashinasiga o‘tirib ketgansan», deb. Bu gapni eshitib, esim og‘ay deb qoldi, to‘g‘ri, ishga ketayotganimda aka-ukalarimning mahalladagi o‘rtoqlarining mashinasiga bir-ikki chiqqandirman, ammo hech kim bilan aylanishib yurmaganman. Ovsinim nega men haqimda bunday deydi? Yomon niyat bilan to‘yimdan oldin meni kuzatib yurganmi? Tushunolmayapman, chidolmayapman. Uyimga ketsammikan? Gulchehra, Toshkent shahri Mulohaza: — Ovsin uchun uydan ketish?! Sizni eringiz haydadimi? Yoki sizga shubha qildimi? Yoki qaynonangiz ajratmoqchimi? Burgaga achchiq qilib ko‘rpa kuydirmang! Agar shunday qilsangiz, uning gaplarini isbotlagan bo‘lasiz. Tuhmat bo‘lib oyog‘ingizga ilashgan loyni qoqib tashlab yo‘lingizda davom etavering. Nazarimizda, ovsiningiz oliy ma’lumotli shifokor bo‘lgani uchun ham sizga nisbatan o‘zini bir pog‘ona balanddaman, deb hisoblaydi. Ko‘pincha kelinlarning ma’lumoti, ijtimoiy kelib chiqishi teng bo‘lmasa, ustiga-ustak, kelinlar farosatli bo‘lmasa, oilada mana shunday kelishmovchiliklar kelib chiqadi. Emizikli bolasini qarab berganingiz uchun aslida sizga butun umr qarz, lekin u buni tushunib yetishi uchun yana farzandli bo‘lib, qimir yetmay uyda o‘tirishi kerak. Qo‘yavering, bunisi ham bo‘lib qolar. Maslahatimiz, olishmang, talashmang, birov bu ming yillik jangda yutganini tarix ko‘rgan emas. Har janjaldan so‘ng mana shunday kurakda turmas ayblovlar yuzaga chiqadi. Sizga shu kerakmi? Bu yerda nozik masala, eringiz ikkovingiz ham moddiy mustaqil emasligingizdir. Ayol kishi borki, eri yaxshi topganidan keyin tili bir yarim qarich o‘sadi. Turmush o‘rtog‘ingiz tezroq ishga joylashsin, maoshning qanchaligi muhim emas, tekintomoq bo‘lib o‘tirgandan ko‘ra har qalay ishlagani ma’qul. O‘zingiz ham avval ishlagan ekansiz, bolangiz ikki yosh bo‘libdi. Shartta bog‘chaga bering-da, ishga qayting. Bir kelini ishlaydigan qaynona ikkinchisiga qarshilik qilmaydi. Ishingizni to‘g‘ri taqsimlasangiz, ish va uy bir-biriga xalaqit bermaydi. Harakatda — barakat, deyishadi. Kimning qachon omadini berishini esa hech kim avvaldan bilmaydi, balki, yo siz, yoki ovsiningiz alohida ro‘zg‘or bo‘lib chiqib ketar. Shunda hammasi joy-joyiga tushadi.
«Hamma u tomon…» — 10 yillik tajribaga ega kelinman. Oiladagi uchinchi o‘g‘ilga turmushga chiqqanman. Katta o‘g‘il uylanib-ajrashgan, o‘rtanchasi ham ikki marta uylanib-ajrashgan, hozir uchinchi turmushi bilan yashaydi. Shu qaynog‘amning oldingi turmushidan o‘g‘li bor, biz bilan yashaydi. Hozirgi ayoli bilan o‘rtasida farzand bo‘lmayapti. Mana shu bolani kichikligidan men katta qilib, xizmatini qildim. Ovsinim ayollar sartaroshi, uyda bo‘lmaydi hisobi. Uydagi hamma yumushlar mening zimmamda. Bu kelin ishlab pul topgani uchun qaynonamga dasta-dasta pul berib turadi, sovg‘alar qiladi, shuning uchun tili uzun, qaynonamni o‘ziga qayirib olgan. Yaqinda erining tug‘ilgan kuni bo‘ldi. Bir kun oldin uyga bozorlik qilib tashlab, oyisinikiga yotishga ketdi. Men kun bo‘yi urinib, pishirib-kuydirib o‘tirdim, u kishi tayyor dasturxonga ro‘zg‘or qilgan qahramondek kirib keldi. Mana shunday voqealar ko‘p, na bir rahmat, yoki chiroyli muomala bo‘lmagani uchun sabrim tugayapti. Ko‘p janjallashyapmiz, har safar turmush o‘rtog‘im mening yonimni oladi. «Xotiniga tarafkashlik qiladi», deb erimni gap qiladi. Xullas, oilamizda tinchlik yo‘q, o‘zim ishlay desam, xo‘jayinim bunga qarshi... Hammasidan ham alam qiladigani, o‘sha o‘zim katta qilgan bola menga gap qaytaradigan, urushadigan bo‘lib qolgan. Nima qilsam ekan? Mohira, Samarqand viloyati Mulohaza: — Muammo mulohazasini shu oxirgi jumladan boshlasak: o‘z onasi yo‘q, ona o‘rnidagi ayoldan o‘ziga kerakli munosabatni ololmagan bolaning atrofdagilarga nisbatan noroziligi oshib ketgan bo‘lish mumkin. Siz yuragingizni keng qiling, mana shu bolaning tilini toping! Unga oson emasligini ona sifatida tushuning! Siz unga qimmat sovg‘a olib bermassiz, qo‘liga pul tutqazmassiz, lekin hadeb «Seni katta qilgan menman, mana bu ishimni qilib ber», deb boshqalarga o‘xshab tergamang! Mana shu bolani siz o‘zingizga qayishtirib oling, do‘stiga aylaning, ko‘rasiz, atrofingizda hamma parvona bo‘ladi. Otasi kimning ko‘proq mehnati singayotganini tushunadi, «onasi» ham bolaga nisbatan o‘zgaradi. Ovsinchilikdagi muammoingizga kelsak, bu yerda uchta yo‘l bor: yo eringiz bu pultopar kelindan ko‘proq pul topib, unga qaram emasligingizni isbotlashi kerak, yoki ro‘zg‘orni alohida qilishingiz, yoki o‘zingiz ham bir ishning boshini tutishingiz lozim. Mohira, «Ishlashimga erim ruxsat bermaydi» degan gaplar urfdan qolgan. Ishlash uchun, albatta, ertalab yangi ko‘ylak kiyib, erta ketib, kech kelish shartmas. Birinchidan, qozoningizni alohida qiling, ammo unda ko‘ngli yarim bolakayga, albatta, joy bo‘lsin. Uyda o‘tirib ham ayollar daromadini ko‘paytiradigan o‘nlab yo‘li bor. Nega o‘sha uyda qilib o‘tirgan ishingizdan foyda topishni ko‘zlamaysiz? Hamma uchun pishiradigan «bulochka»ngizdan to‘rttasini paketga o‘rasangiz, yoningizdagi do‘kon birpasda sotib bermaydimi? Odamning o‘ziga bog‘liq, kuchingiz va aqlingizni ovsin bilan kurashishga sarflamang, 10 yillik kelinga bu yarashmaydigan ish. Albatta, uydagi ishlar ba’zan sartaroshlik ishidan ham ko‘proq odamni charchatadi. Buning uchun qaynonangiz oxirgi so‘zni aytishi kerak: hammang kelib, o‘zingning ovqatingni o‘zing tayyorlab, o‘zingni tovog‘ingni o‘zing yuv, deb! Shu qarorga kelinsa, balki ovsiningiz sahiylik qilib, uning ishlarini qilayotganingiz uchun sizga maosh belgilar, kim biladi, deysiz! Xullas, ovsin uchun butun oila bilan yuzko‘rmas bo‘lish uyat. Pul, bu hamma narsa, ammo aslida hech narsa! U issiq ovqatga aylanishi, chiroyli ko‘ylak olib berishi, hatto uyingizni tozalab berishi mumkin, biroq muomala va mehrni bera olmaydi. Siz o‘sha ovsiningizning vaqti va kuchi yetmaydigan mana shunday qurollarni ishga soling! Ovsinlar-u-u-u-u-u, biroz sabrni, biroz odamgarchilikni, ozgina mehrni, bir chimdim makrni oila degan qozoningizga tashlab yuborsangiz, o‘rtaga suzilgan «oshingiz» tirik yoki lanj bo‘lib qolmaydi. Raqobatlashmang! Hamma o‘z ishini qilsa, olam — guliston! Aziza QURBONOVA
Manba: "darakchi.uz"
| |
|