22:30 Pandemiya vaqtida kafe va restoranlarga qanday talablar qo‘yildi? | |
Xabaringiz bor, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan 15 iyundan restoran, kafe va umumiy ovqatlanish joylari faoliyatiga ruxsat berilgan edi. Pandemiya sharoitida umumiy ovqatlanish maskanlari avvalgidek bemalol ishlay olmaydi. Endilikda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, amal qilinadigan bir qator talablar belgilangan. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva brifingda ma’lum qildi. Umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyati tiklanishiga quyidagi talablar belgilandi: • banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik; • faoliyatini 8:00 dan 23:00 ga qadar tashkil etish; • stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta’minlash; • bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan bir oila a’zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish; • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi; • har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash. Eslatib o‘tamiz, maxsus komissiya qarori bilan “yashil” toifaga kiruvchi hududlarda 8 iyundan diniy muassasalar faoliyatini tiklashga ruxsat berildi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|