Kundalik hayotimizda Alsgeymer – aqliy zaiflik kasalligi haqida qanchalik kam gapirsakda, har yili kamida 10 mln kishi u bilan to‘qnash kelmoqda. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, Alsgeymer kasalligi aqliy zaiflikning eng keng tarqalgan sabablaridan biri hisoblanadi (60-70 foiz holatlarda).
Demensiya sindromi bu xotira, o‘ylash, xatti-harakat, kundalik va hattoki, eng oddiy harakatlarni bajarish qobiliyatining degradatsiya (o‘zgarish)ga uchrashidir. Demensiya ko‘pincha, keksa yoshdagilarni zararlovchi, me’yoriy qarish jarayonlarining bir bo‘lagi bo‘lmagan holat ekanligini tushunish juda muhim. Yaqinda London universiteti tadqiqotlarida salbiy o‘y-hayollar Alsgeymer bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aniqlandi.
Xo‘sh, Alsgeymer qanday kasallik?
Aksariyat odamlar demensiyaning boshlang‘ich belgilari keksalikdagi jarayon, deb qabul qilib shifokorga murojaat etishmaydi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, aqli zaiflik butun dunyoda nogironlik va qaramlikning asosiy sabablaridan biridir. Chunki kasallik nafaqat bemorga, balki uning oila a’zolariga, uni parvarishlovchilarga ham katta zarar keltiradi.
Demensiya har xil odamda turlicha shakllanadi, bu esa tashxislashda qiyinchilik tug‘diradi. Qolaversa, 70 foiz holatda demensiya Alsgeymer asorati sifatida namoyon bo‘ladi. Qolgan 30 foizi esa demensiyaning boshqa shakllarida kuzatiladi. Shu o‘rinda bir narsani aniq bilish kerak: demensiya turlari orasida aniq chegara mavjud emas. Shu sabab ko‘pincha aralash turdagi demensiya kuzatiladi.
Mutaxassislar kasallikning uch bosqichini farqlashadi
• Demensiyaning boshlang‘ich bosqichi ko‘pincha sezilarsiz kechadi. Unutuvchanlik, vaqt hisobini yo‘qotish, mo‘ljal olishning buzilishi kabi umumiy alomatlar kuzatiladi.
• Kasallikning o‘rta bosqichida kasallik belgilari yanada yorqin namoyon bo‘ladi. Joyni mo‘ljal ololmaslik, yaqinda ro‘y bergan voqealar, munosabatlarni unutish, ismlarni yoddan chiqarish, muloqot qilishda qiynalish, o‘zini parvarishlashda atrofdagilarning ko‘magiga ehtiyoj sezish kabilar kuzatiladi.
• So‘nggi bosqichda bemor atrofdagilarga to‘liq tobelanib qoladi. Xotira sezilarli buziladi, demensiya belgilari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Kasallikning kechki bosqichlarida vaqt, makonni mo‘ljal qilishning yo‘qolishi, do‘stlar va qarindoshlarni tanishning qiyinlashishi, harakatlanishdagi murakkabliklar, agressivlik paydo bo‘ladi.
Depressiya, xavotir va demensiya: o‘rtada bog‘liqlik bor
Bu kasallik bilan qanday kurashish mumkin degan savolga oddiygina javob berish mumkin: hozirgi kunda demensiyani davolashning yoki uning shakllanishini o‘zgartira oluvchi terapiya mavjud emas. Xususan, Alzheimer’s & Dementia jurnalida chop etilgan maqola miyada tez-tez qaytariluvchi salbiy o‘y-hayollar Alsgeymer kasalligining kognitiv va nevrologik markerlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Yanada tushunarliroq qilib aytadigan bo‘lsak, tez qaytarilib turuvchi xavotirli hayollar kognitiv – gapirish, fikrlash, nutq kabi oliy insoniy qobiliyatlarning susayishi bilan bog‘liq ekan. Negaki, salbiy hayollar dipressiya, xavotir olishlarda ham namoyon bo‘ladi. Mazkur yangilik esa bunday buzilishlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni va demensiya xavfining ortishini izohlashga yordam beradi.
Olimlar shuningdek, demensiya bilan og‘rigan bemorlar bosh miyasida zararli oqsillar ortishini aniqlashgan. Aniqlanishicha, negativ hayollar oralagan insonlarda navbatdagi 4 yil ichida mana shunday zararli oqsillar – tau-oqsil, beta-amiloidlarning miqdori ortganligi kuzatilgan. Shu sabab mutaxassislar negativ yoki sizni xavotirga soluvchi hayollardan chetda bo‘lishni tavsiya etishadi. Xo‘sh, buni qanday uddalash mumkin, deysizmi? E’tiboringizga yomon hayollardan qutulishning samarali uch texnikasini havola qilamiz...
1-usul: Kesib tashlash
Miyangizda salbiy o‘ylar o‘ralashganini sezdingizmi, uni shunday “kesib tashlang”. Qanday qilib deysizmi? Qo‘lingizga qaychini olib, hayollar oqimidan salbiylarini tanlab, ularni kesayotganingizni tasavvur qiling. Kesilgan bo‘lakni tahlil qilish, uni tushunishga harakat qilish shart emas. Oddiygina kesib tashlab, ulardan qutuling.
2-usul: Shishirish
“Garri Potter” filmini tomosha qilgan bo‘lsangiz kerak! U yerda talabalar qo‘rquvni kulgili bir jonzotlarga, buyumlarga aylantirib qo‘yishadi. Bu usuldan siz ham foydalanib ko‘rishingiz mumkin. Barcha salbiy hayollaringizni bir pufakning ichiga solib, uni yorilib ketgunga qadar shishirishga harakat qiling. Unutmang, bularning barini hayolda bajaryapsiz! Pufak shishib, yorilgach, hayollar har tomonga sachrab, yo‘qolib ketadi.
3-usul: Qarshi turish
Salbiy hayollarga to‘qnash keldingizmi, ularga qarshi turishni o‘rganishingiz ham kerak. Masalan, “men unchalik ko‘p miqdorda pul topa olmayman”, degan negativ hayol keldimi uni darrov “men, albatta, o‘ylagan maqsadimga yetaman va ko‘p pul ishlab topaman”, deng.
“Hech narsa qo‘limdan kelmaydi, shunchalik omadsiz bo‘lamanmi?”, degan o‘ylarni “men omadli insonman. Omadim bo‘lmaganida edi, ... maqsadlarimga erisha olmagan bo‘lardim” bilan oson almashtirishingiz mumkin.
Unutmang, hamma salbiy hayollarni yaxshisi, pozitivi bilan almashtirish mumkin. Hammasi o‘z qo‘lingizda!