18:09 Plastik ifloslanish: dengiz jonivorlarining 900 dan ortiq turi xavf ostida | |
Ularning aytishicha, Assension orolining janubi-g‘arbiy qirg‘og‘ida topilgan axlat Xitoy, Yaponiya va Janubiy Afrikaga tegishli. London zoologiya jamiyati (ZSL) jamoasi besh hafta davomida u yerdagi plastik ifloslanish darajasini baholadi. Ularning xabar berishicha, dengiz jonivorlarining 900 dan ortiq turlari xavf ostida. Assension orolida quruqlik qisqichbaqasi, fregat qushi va turli xildagi akula, toshbaqa, baliq va dengiz qushlari kabi plastik ifloslanishdan zarar ko‘rgan ko‘plab turlar mavjud. ZSL dengizni muhofaza qilish guruhining dengiz biologi Fiona Llevelin BBSga bergan intervyusida shunday deydi: “Plastmassa ajoyib material, lekin u hech qachon yo‘qolib ketmaydi. Orolning plastmassa bilan to‘lgan holatini ko‘rib yuragim ezilib ketdi. Ularning aksariyati boshqa joydan kelganini fahmlash qiyin emas”. Shuningdek, biolog yirik brendlar va hukumatlar tartibsizlik uchun javobgarlikka tortilishi kerakligini qo‘shimcha qildi. Llevelin xonim va uning hamkasblari ekspeditsiya davomida plyajdagi bitta boshpanada 1000 dona plastik chiqindilarini va jami 7000 dan ortiq bo‘laklarni topdilar. Aholisi bor-yo‘g‘i 800 kishi bo‘lgan kichik orol ekologik inqirozdan xavotirda. Hayvonlar plastmassani yutib yuborishadi, bu esa zarar yetkazishi mumkin. Mikroplastmassalar va ularning oziq-ovqat zanjirida qanday ishlashi haqida tashvishlar kuchaymoqda. Orol qirg‘oqlarida yig‘ilib qolgan plastmassa uyumlari orasida plastik butilkalar, singan qattiq plastik bo‘laklar, baliq ovlash asboblari va sigaret qoldiqlari mavjud. Tabiat himoyachilari odamlarni chiqindilarni tashlab ketmaslikka, tabiatni asrashga chaqirishmoqda.
Manba: "kun.uz"
| |
|