Главная » 2017 » Март » 27 » Prezident jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlarini tasdiqladi
11:37

Prezident jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlarini tasdiqladi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-martdagi qarori (pdf) bilan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini tasdiqladi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Hujjatda ta’kidlanishicha, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi davlat organlarining ish shakli va uslublari, eng avvalo axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yetarli darajada foydalanilmayotganligi sababli hozirgi kun talablariga to‘liq javob bermaydi.

“Davlat idoralari aksariyat hollarda huquqbuzarliklar profilaktikasini faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi sifatida baholab, oqibatda ushbu faoliyatga lozim darajada e’tibor qaratmayapti.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarning aniq manzilga yo‘naltirilmaganligi va ularga kompleks yondashilmayotganligi, shuningdek huquqbuzarliklarning tizimli ravishda sodir etilishiga doir sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish samaradorligi mavjud emasligi kutilayotgan natijalarni bermayapti”, — deyiladi qarorda.

Hujjatda “vakolatli organlarning yetarli darajada tashabbus ko‘rsatmayotganligi, lozim darajadagi idoralararo hamkorlikning mavjud emasligi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning o‘zaro nomutanosibligi huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirishni talab etishi” aytiladi.

Qarorda huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari, shuningdek xo‘jalik boshqaruvi organlarining ustuvor vazifasi etib belgilandi.

Ushbu sohada quyidagilar davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini, shu jumladan aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyatida faol ishtirok etish, fuqarolar murojaatlari va muammolariga bepisand munosabatda bo‘lish va byurokratik holatlarga yo‘l qo‘ymaslik orqali ta’minlash;

huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish choralarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali huquqbuzarliklarning, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida oldini olish hamda ularga chek qo‘yish, shuningdek ularning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish;

idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan videokuzatuv, elektron hisobga olish va o‘zaro axborot almashish, idoralararo ma’lumotlar bazalari tizimlarini profilaktik ishlarga keng joriy etish;

jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy va davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

amalga oshirilayotgan profilaktika chora-tadbirlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini, qonuniylik ahvoli hamda jinoyatchilik darajasi haqidagi ma’lumotlarni aholiga yetkazish masalalarida ommaviy axborot vositalari bilan faol hamkorlik qilish, Internet butunjahon axborot tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalanish, sodir etilgan huquqbuzarliklar va ularni bartaraf etish jarayoni to‘g‘risida keng jamoatchilikni tezkor xabardor qilish;

huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini, shu jumladan huquqbuzarliklar dinamikasi, ularni sodir etish takroriyligi, ijtimoiy fikr, profilaktik ishlar natijasidan fuqarolarning qoniqish hosil qilishi va aholi bilan hamkorlik darajasini inobatga oladigan baholashning aniq mezonlarini joriy etish;

huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha idoralararo dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda manzillilik, sohaviy ixtisoslashuv, hududiy va boshqa o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olinishini ta’minlash;

ijtimoiy muammolarni hal etish, birinchi navbatda aholi bandligini ta’minlash, ayollar va yoshlarni ijtimoiy-foydali faoliyatga jalb etishni faollashtirish, voyaga yetmaganlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish;

huquqbuzarliklar profilaktikasi muammolari bo‘yicha kompleks ilmiy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, profilaktik ishlarni olib borishning zamonaviy uslubiyotini joriy etish;

huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilar va g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan yoki sodir etgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimini rivojlantirish;

huquqbuzarliklar profilaktikasiga fuqarolar va jamoat tashkilotlarini, shu jumladan ularni moddiy va boshqacha tarzda rag‘batlantirish orqali jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish.

Qarorda Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalarni tegishincha Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi hamda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar etib qayta tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari huzurida prokuratura, ichki ishlar va O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining tajribali xodimlaridan iborat doimiy faoliyat yurituvchi idoralararo tezkor-tergov guruhlarini tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi quyidagi komissiyalar bo‘yicha yagona muvofiqlashtiruvchi organ etib belgilandi:

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi;

Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi;

Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi;

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi.

Haftaning har payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” etib belgilandi, ushbu kunda quyidagi tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi:

huquqbuzarliklarga murosasizlik madaniyatini shakllantirish, huquqiy nigilizmga barham berish va fuqarolarning qonunga itoatkorlik xulq-atvorini ommalashtirishga qaratilgan, shu jumladan ichki ishlar organlari tayanch punktlari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat idoralari va tashkilotlarida “ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etish orqali tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

qonuniylik ahvolini va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini atroflicha muhokama qilish uchun joylarda, birinchi navbatda kriminogen vaziyat nomaqbul bo‘lgan hududlarda fuqarolarning sayyor qabullarini hamda davlat idoralari va tashkilotlari vakillarining aholi bilan uchrashuvlarini tashkil etish;

ijtimoiy ahamiyati muhim bo‘lgan sud muhokamalari bo‘yicha sayyor sud majlislarini o‘tkazish;

aholi turmushining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini o‘rganish, huquqbuzarlik sodir etishga ko‘maklashuvchi shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida uyma-uy yurishlarni tashkil etish;

huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;

maxsus teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda davlat idoralari va tashkilotlari vakillari, jamoatchilik ishtirokida joylarda jinoyatchilik ahvoli, huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlari, jinoyatlarni fosh etish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ishlarning natijalarini muhokama qilish;

huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet butunjahon axborot tarmog‘ida maqolalar, sharhlar va boshqa materiallar chop etilishini tashkil etish.

Hujjatga muvofiq Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha 2017—2018-yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tuzilmasida Umumiy shtat birligi doirasida 21 shtat birligidan iborat bo‘lgan Qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Boshqarmaga noyuridik mutaxassislikdagi (iqtisodchilar, moliyachilar, sotsiologlar va boshqalar) zarur bilim va tajribaga ega yuqori malakali kadrlarni ishga qabul qilishi mumkin. Boshqarma xodimlariga lavozim maoshining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama haq belgilandi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasiga vakolatli organlar va boshqa tashkilotlar o‘rtasida ma’lumotlar va materiallarning samarali almashinuvini ta’minlaydigan yagona axborot tizimini joriy etish rejalashtirilgan.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: prezident, takomillashtirish, tasdiqladi, tadbirlari, tizimi, jinoyatchilikka qarshi kurashish | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz