20:19 Prezident karantin talablarini yumshatishni davom ettirish haqida gapirdi | |
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 13 may kuni videoselektor yig‘ilishi o'tkazildi. Prezident yig‘ilish avvalida dunyoda pandemiya hali davom etayotgani, lekin qator davlatlar karantin cheklovlarini asta-sekin yumshata boshlaganini qayd etdi. – Dunyo hamjamiyati koronavirusga qarshi vaksina va davolaydigan dori vositasi hali topilmagani sababli ushbu infeksiya mavjud bo‘lgan sharoitda yashash va ishlashga o‘rganish zarurligi to‘g‘risida yakuniy xulosaga kelmoqda. Biz ham epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda, karantin talablarini yumshatishni boshlaganmiz va buni bosqichma-bosqich davom ettiramiz. Buni, eng avvalo, iqtisodiy faollikni tiklash orqali, aholining ishlashi va daromad olishini ta’minlash maqsadida amalga oshirmoqdamiz. Bu borada o‘zimizdagi haqiqiy ahvol va xalqaro tajribani keng o‘rganyapmiz. Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, qayerda hokimlar butun mas’uliyatni o‘ziga olib, chuqur o‘ylab, odamlar bilan maslahatlashib, ish olib borayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda yaxshi natija bermoqda. Lekin ba’zi joylarda berilgan erkinlikni noto‘g‘ri tushunib, aholi, ayniqsa, yoshlar hech qanday zaruratsiz ko‘chalarni to‘ldirib yurgani kuzatilmoqda. Bunday holatlar hamda oxirgi kunlarda infeksiya yuqtirganlar soni yana oshayotgani hammamizni hushyor bo‘lishga chaqirmoqda. Umuman, koronavirus xavfi yo‘qolganidan keyin ham xalqimiz karantin paytidagi ayrim qoidalarni o‘zining odatiy turmush tarziga aylantirishi kerak. Jumladan, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilish, qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya qilish, turli to‘y-marosimlarni juda cheklangan tarkibda o‘tkazish, yuqumli kasal bo‘lsa maska taqish odatiy qoidaga aylanishi zarur. Bir haqiqatni barchamiz aniq tushunib olishimiz shart: pandemiya sharoitida biz joriy etgan yangi tizimning qanchalik samarali ishlashi faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Manba: "sof.uz"
| |
|