19:44 Putin: Rossiya hech kimni mamlakatdan chiqarib yubormaydi | |
Rossiya TIV bir muddat ilgari mamlakat prezidenti Vladimir Putinga AQShning yangi sanksiyalariga javoban 35 nafar amerikalik diplomatni chiqarib yuborishni taklif qilgan edi, ammo bunga javoban Kreml rahbari RF hech kimni chiqarib yubormasligini ma’lum qildi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda. Kreml saytida chop etilgan bayonotga ko‘ra, Oq Uyning iste’foga chiqayotgan ma’muriyati amalga oshirgan xatti-harakatlar provokatsiya sifatida qabul qilinadi hamda AQSh–Rossiya munosabatlarini yanada buzishga qaratilgan akt sifatida baholanadi. Bundan tashqari, Kreml bu harakatlarga javoban amerikalik diplomatlarni va ularning oilalarini mamlakatdan chiqarib yubormaydi, ularga Yangi Yil kunlari dam olish joylaridan foydalanish taqiqlanmaydi. Bundan tashqari, Rossiyada akkreditatsiyadan o‘tgan ikki nafar amerikalik diplomat Kremldagi Yangi Yil va Rojdestvo archasiga rasman taklif etildi. “Prezident Obama ma’muriyati faoliyatini bunday yakunlayotganidan afsusdamiz, lekin, shunga qaramay, uni va oila a’zolarini kelayotgan Yangi Yil bilan tabriklayman. Saylangan prezident D. Trampni, butun AQSh xalqini tabriklayman! Barchaga farovonlik va gullab-yashnashni tilab qolaman!”, — deyiladi Putinning rasmiy bayonotida. 29-dekabr kuni Obama imzolagan farmonga binoan Rossiyaning bir qator kompaniya va fuqarolariga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etildi. O‘sha kuni AQSh 35 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishi ma’lum bo‘ldi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|