Главная » 2020 » Май » 22 » Qashqadaryolik erkak o‘z otasini o‘ldirib, quduqqa tashlab yubordi
14:25

Qashqadaryolik erkak o‘z otasini o‘ldirib, quduqqa tashlab yubordi


Kutilmagan sovuq xabar Rahimso‘fi mahalla ahlini butkul karaxt ahvolga solib qo‘ydi. Gap shundaki, shu kuni uch farzandning otasi Ahmad Nurmatov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘z xonadonida to‘ng‘ich o‘g‘li Shuhrat Nurmatov tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilib, hovlidagi suvsiz quduqqa tashlab yuborilgani oshkor bo‘ldi.
Xo‘sh, bu mud­hish voqea qanday sodir bo‘ldi? Ne­ga o‘g‘il bunday razil qilmishga qo‘l urdi?
Bu kabi so‘rovlarga ja­vob topish hamda mash’um fojia tafsilotlariga oydinlik kiritish uchun avvalo ushbu xonadondagi muhitga nazar tashlash joiz.
Marhum Ahmad Nurmatov avvaliga turmush o‘rtog‘i Maryam Salomova bilan tinch-totuv yashab, uch farzandni voyaga yetkazishdi. Negadir keyinchalik er-xotin o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik, nojo‘ya gap-so‘z­lar ko‘paya bordi. Bu orada Maryam bir necha marta bolalarini yetaklab, ota xonadoniga ketib qoldi. Bi­roq keyinchalik mahalla-ko‘y, yaqinlarining aralashuvi bois, farzandlarining taqdirini o‘ylab, yana oilasiga qaytib keldi. Shundan so‘ng ularning turmushi yana bir maromda davom eta boshlaganday edi.
Qarangki, bundan ikki yil muqaddam arzimas narsalar ustidagi er-xotinning o‘za­ro tortishuvi katta mojaroga aylandi. Shundan so‘ng bu oilada mashmashalarning cheki ko‘­rinmay qoldi.
Axiyri, urush-janjallardan tamomila bezigan ayol qizi Nargizani yetaklab, yana ota xonadoniga qaytib bordi. ¤g‘illarining kattasi Shuhrat va eng kichigi Ozodbek otasi bilan birga qoldi.
Bu gal mahalla kayvonilari er-xo­tinni murosayu madoraga keltirishga qanchalik harakat qilmasin, baribir foydasi bo‘lmadi. Qisqasi, bir oila parokandalikka yuz tutib, farzandlar ham arosatda qoldi.
Ota uyida qolgan oilaning to‘ng‘ich farzandi Shuhrat qish­loq hududidagi fermer xo‘jaligida mavsumiy ish­­chi bo‘lib ishlay boshladi. Ishlash asnosida fermer bilan g‘alla hosili mavsumida ish haqi hisobidan 800 kilo, ya’­ni 1 million 360 ming so‘mlik bug‘doy olishga kelishib ham oldi.
Va’daga binoan, g‘alla mavsumi ni­hoyasida fermer Shuhratga kelishilgan miqdordagi bug‘doyni hi­soblab beradi. Hosilni Shuhrat ota xonadoniga olib kelib tushiradi va oradan bir hafta o‘tgach esa, qo‘shni Samar­qand viloyatidan tanishlari orqali ish topib, ishlash uchun jo‘nab ketadi.
Odatiy kunlarning birida Shuhrat Samarqandda ishlab yurganida otasi unga qo‘ng‘iroq qi­lib, «Uyga kelib ket, ertaga bozor bo‘­­la­di, bug‘doyni sotmoqchi bo‘lsang, so­­tib yubor, pulini nima qilsang, o‘zing bilasan», deb qoldi. Shundan so‘ng Shuhrat uyi­ga qaytib keldi.
Shuhrat Samarqanddan qayt­­­gach, to‘g‘­ri onasi vaqtincha yashab kelayotgan bobosi So­diq Pirmatovning xonadoniga kelib, otasining gapini onasiga yetkazdi.
Xullas, shu kuni Shuhrat bug‘doyni olib kelish maqsadida onasi Maryam opa hamda tog‘asi Hamdamlar bilan ota uyiga borishadi. Ularni tund hol­­da, sovuq qarshi olgan otasi negadir onasi va tog‘asini hatto darvozadan ichkariga ham kiritmaydi.
«G‘allani olib ketgin», deb o‘g‘ilni chaqirgan ota endi to‘­nini teskari kiyib olib, bug‘doyni berib yuborishga u-bu bahonalarni ro‘kach qilib, paysalga sola boshladi. Bundan norozi bo‘lgan Shuhrat tog‘asi bilan mahalla raisi hamda mahalla profilaktika inspektoriga arz qilishadi. Vaziyatni anglagan mahalla oqsoqoli va profilaktika inspektori Ahmad akaga qo‘ng‘iroq qilib, ish haqi evaziga kelgan bug‘doyni o‘g‘liga be­­rib yuborishini yotig‘i bilan tushuntirishadi.
Shundan so‘ng ertasi kuni Shuhrat onasi bilan g‘allani olib kelish maqsadida yana ota xonadoniga yo‘l oladi. Ularni ko‘rib, jahl otiga mingan ota bu gal ham ayolini ko‘chada qoldirib, o‘g‘liga hovliga kirib bug‘doyni olib chiqishiga izn beradi.
Shu asno Shuhrat yerga to‘kib qo‘yilgan donni bo‘sh xaltalarga joylar ekan, otasi to‘satdan o‘g‘liga tashlanib, uni silkilay boshladi. Otasining bu xatti-harakatidan tamomila sarosimaga tushib qolgan Shuhrat atrofda loyga botib yotgan tayoqni olib, ura boshladi. Tayoq zarbidan Ahmad akaning oyog‘i qattiq ja­rohatlanib, yiqilib tushadi.
Darvoza ortida Shuhratning chiqishini kutib o‘tirgan onasi ichkaridan baqir-chaqirlarni eshitib: «Otangni o‘l­dirib qo‘yasan-ku», deya yugurib kelib, ularning orasiga tushadi. Oradan bir oz o‘tgach, erining qonga belanib yotganini ko‘rgan Maryam opa ko‘chada o‘ynab yurgan kichik o‘g‘li Ozodbekni chaqirib, uchovlon Ahmad akani oshxonaga ko‘tarib olib kirishadi. Keyin esa, Maryam opa Shuhratga otasini boshqa urmasligini tayinlab, yana iziga qaytib ketadi.
Taassufki, onasi ketib qolgach, Shuhrat ukasi Ozodbekni ham aldab, oshxonadan chiqarib yuboradi-da, ko‘zi qonga to‘lgan ko‘yi, rahm-shafqat degan tushunchani mutlaqo unutib qo‘­yib, oshxona chetida yotgan temir bo‘lagini olib, o‘lim bilan kurashib yotgan otasining boshiga qay­ta-qayta uradi.
Qisqasi, ketma-ket urilgan og‘ir zarbdan Ahmad aka voqea joyida jon taslim qiladi.
Keyin esa, Shuhrat qotillikni yashi­­rish maqsadida jasadni yo‘qotish yo‘llarini iz­lay boshladi. Shu payt to‘satdan uning xayoliga allaqachon suvi qurib qolgan hovlidagi qu­duq keldi. U supa chetida yot­gan arqonni olib, jasadning bo‘yin qismidan ikki-uch marta aylantirib ol­di. So‘ng esa, hovli to‘rida mollarga suv berayotgan ukasi Ozodbekni chaqirib, unga otalarini o‘ldirib qo‘y­ganligini aytib, jasadni yo‘qotishga yordam berishini so‘raydi:
— Nega unday qildingiz, aka?! — dedi Ozodbek yum-yum yig‘lab. — Nega otamni o‘ldirdingiz?
— Yig‘lama, — deydi u. — Boshqa ilojim qolmadi. Onamga, bizlarga yetkazgan shuncha azoblari uchun o‘ldirdim.
Akasining gapidan Ozodbek battar uvvos tortib yig‘laydi.
— Bo‘lar ish bo‘ldi, yig‘ini bas qil. Endi jasadni yo‘­­­qo­tishimiz kerak, bu haqda hech kimga og‘iz ocha ko‘r­ma. Aks holda, men qamalib ketaman. Sen jasadni huv anavi qudug‘imizgacha sudrashib borsang, bo‘ldi. Qolganini o‘zim eplayman.
Shundan so‘ng aka-uka jasadni quduq tomon sudray boshlaydi…
Uzoq davom etgan surushtiruv va tergov ishlari asnosida Shuhratning qotilligi fosh etildi.
Sud hay’ati ushbu jinoyat­ni batafsil o‘rganib chiqib, sudlanuvchi Shuhrat Nurmatovni Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm etdi.
Inchunin, sud sudlanuvchi Maryam Aliboyevaga jazo ta­yinlashda, uning aybiga iq­ror va pushaymonligini, muqaddam sudlanmagani, qaramog‘ida voya­ga yetmagan farzandi borligi, qil­mishi og‘ir bo‘l­magan jinoyatlar tur­kumiga kirishi, oilada asosiy bo­quvchi ekani, bir oiladan ik­ki ki­shi sudlanayotganini inobatga olgan holda, uni jamiyatdan ajratmagan hol­­da axloqan tuzatish mumkin, deb hisoblab, muayyan­ muddatda ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni lozim topdi.
Shu o‘rinda ko‘ngildan ba’zi bir mulohazalar kechadi. Allaqachon parokandalikka yuz tutgan bu oilaning hayo­tini yaqindan bilgan mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni, qavm-qarindoshlar o‘z vaqtida vaziyatni yaxshilashga harakat qilganlarida, ehtimol, bu fojia yuz bermagan, o‘g‘il esa, otasining qo­tiliga aylanmagan bo‘larmidi?!
Ehtimollar ko‘p. Ammo en­di bundan foyda yo‘q. Shunday ekan, yuqoridagi kabi no­­xush voqealarning qayta takrorlanmasligi uchun tevarak-atrofimizga teranroq boqishimiz, odamlarning hayotiga hech qachon befarq bo‘lmasligimiz kerak.
Mazkur maqolani yoritishdan asl muddao ham shu.
Fozil Yusupov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Qashqadaryo viloyati
sudining sudyasi

Manba: "aniq.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: o‘ldirib, Erkak, quduqqa, tashlab yubordi, o‘z otasini, Qashqadaryolik | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz