08:57 Qizni uyning o‘g‘risi derlar... | |
Sarlavhani o‘qib, hayron qoldingizmi? Yo tasdiqladingizmi? Aslida har doim ham ota uyidan kelinlik xonadoniga narsa tashiydigan qizlarni o‘g‘ri atab bo‘lmaydi. Vaziyat taqozosi degan gaplar ham bor. Bugun «Mening oilam»da «o‘g‘ri» qizlar, ta’magir qaynonalar, qizg‘anchiq kelinoyilar va noiloj onalar mavzusini tahlil qilamiz. «Uning eri ishlamasa, biz boqishimiz kerakmi?» — Turmush o‘rtog‘im yolg‘iz o‘g‘il, birgina singlisi bor. Qaynsinglimning turmushga chiqqaniga besh yil bo‘layapti, ammo hamon bizning qaramog‘imizda. To‘g‘ri, erimning topish-tutishi yaxshi, qaynota-qaynonam ham ro‘zg‘orga yordam berishadi. Biroq qachongacha biz uning o‘zi-yu, eri, ikki bolasini boqamiz. Uyga kelsa, ro‘zg‘orning yarmini ko‘tarib ketadi. Na so‘rashni biladi, na uyalishni. Mana, o‘tgan hafta ham mehmonga kelib, uch kun qolib ketdi. Ketganidan so‘ng muzlatkichni ochib qarasam, ship-shiydon. Alam ustida qaynonamga «O‘tgan kungina bozorlik qilgandik, hech narsa qolmapti-ku», deya aytsam, «Muborak ham ijara uyda qiynalib qoldi, bolalarim yaxshi yesin, deydi-da u ham. Kuyovning ishlari yurishib ketsa, yaxshi bo‘lib ketar», deb qizini oqlab qo‘ya qoldi. Bu ketishda uyimizda baraka qolmaydi-ku! Nima, er-xotin ikkimizning orzu-havasimiz yo‘qmi? Umuman qaynsinglim qachongacha bizga boqimanda bo‘ladi? Bu odatiga nuqta qo‘ymasam, bir umr og‘irligini akasiga tashlab yashamaydimi? Xumora, 32 yosh Mulohaza: — Xumora, to‘g‘ri, qiz bolaning kelin bo‘lgach ham, ota uyiga moddiy jihatdan bog‘liq bo‘lishi yaxshimas. Ammo hayot ba’zida shuni talab etadi. Qaynsinglingizga ham kelinoyisining ko‘ziga balodek ko‘rinish yoqmasa kerak? U ham to‘lib-toshib ota-onasidan xabar olib ketishni istar. Biroq qo‘li qisqaligi uchun aksini qilar. Kuyovlaringizning ishi yurishmayotgan bo‘lsa, buning ustiga, ikki yosh bola bilan ijara uyda qiynalib qolgandir. Siz o‘zingizga qarab xulosa qilmang, turmush o‘rtog‘ingiz yaxshi toparkan, qaynota-qaynonangiz ro‘zg‘orning bir uchini ko‘tarisharkan, boshingizda boshpanangiz bor. Qaynsinglingizning vaziyati esa aksincha. Bag‘rikeng bo‘ling. Ikki yosh bolasi bilan uyingizda uch kun mehmon bo‘lishsa, kambag‘al bo‘lib qolmaysiz. Sizdan so‘rab narsa olmasa, demak, uyalar, uyalganini sizga ko‘rsatishni istamas. «Unim yo‘q, bunim yo‘q», deb sizga aytsa, ko‘ngli beshbattar ezilar, yoxud eridan nolib, sizlarga oilasini yomon ko‘rsatishni xohlamas. Xullas, qo‘li ochiq bo‘ling, qaynonangiz, eringizning yuziga qaynsinglingizning harakatlarini solmang, o‘zingizga yomon qilasiz. Yolg‘izgina qizi, yolg‘izgina singlisiga ularning mehribonligi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Yaxshisi, kuyovga yaxshi ish topishga yordam bering. Ya’ni eringiz orqali ta’sir o‘tkazing. Qaynsinglingizning ham ishlash imkoni bo‘lsa, unga ham opalarcha yo‘l-yo‘riq ko‘rsating. Ishoning, ular sizdan, albatta, minnatdor bo‘ladi. Odamlar begonani qo‘llab, begonalardan yordamini ayamayotgan bir paytda, eringizning jigariga nisbatan bunday munosabat bilidirishingiz to‘g‘rimas. Siz uni nochor paytda qo‘llang, rizqingiz, oiladagi kelinlik mavqeyingiz yanada baland bo‘ladi.
«Uyga qaytganimda, qo‘limga qarab o‘tirishadi...» — Turmushga chiqqanimga, mana, besh yil bo‘layapti. Hamon yangi kelinlardek ota uyga borganimda to‘lib-toshib qaytishim shart. Bo‘lmasa, qaynonamning qovog‘idan bir hafta qor yog‘adi. Mendan katta ikki ovsinim o‘ziga to‘q oilaning qizlari bo‘lgani uchunmi, qaynonam quda tomondan keladigan tog‘oralarga o‘ch bo‘lib qolgan. To‘g‘risi, ota uyimning moddiy ahvoli unchalik ham zo‘r emas. Ikki akam bola-chaqasi bilan bir hovlida siqilib yashayapti. Hozir topgan-tutganlarini o‘rtaga tashlab, uy olish tashvishida. SHu sabab katta akam, ikki yildirki, xorijda. Har borganimda ota-onamning boshiga soliq solishim kelinoyilarimga yoqmasligi turgan gap. Ammo nima qilay, men ham uyimning tinchini o‘ylayman... SHohista, 26 yosh Mulohaza: — SHohista, uyning tinchini o‘ylagan ayol, avvalo, boshqaning oilasining tinchiga soya solmaydi. O‘zingiz hammasini tan olib, tushunib turibsiz, lekin och qornim, tinch qulog‘im qabilida ish tutib kelayapsiz. Ongingizga «Uyga qaytganimda qo‘lim to‘lib qaytmasam, qaynonam urishadi, keyin oilam darz ketadi. Ota-onam, akalarim esa meni tinch yashashim uchun ta’minlab turishlari shart», degan tushuncha o‘rnashib qolgan. Sizga shu tushuncha bilan yashash va harakatlanish qulay. CHunki ortiqcha tashvishlar, ortiqcha urinishlardan holisiz. Qaynonangizga yoqish uchun harakat qilmaysiz, u kishining og‘zini tog‘ora bilan yopsangiz bas. Akalaringizning qiynalganini bilsangiz ham, ota-onangizga soliq solishdan to‘xtamaysiz. Axir boshqa ilojingiz yo‘q-da. Yo‘q. Aslida bor. Ikki ovsiningizdan kam bo‘lmaslikni o‘ylab, tog‘orani to‘ldirib kelishni to‘xtating. Asta-asta. Bir borganingizda ovqat emas, oddiy shirinlik ko‘tarib kelishdan boshlang. Qaynonangizni sekin-sekin o‘rgating. Agar haqiqatda ko‘zi och ayolga kelin bo‘lgan bo‘lsangiz, ota-onangiz, akalaringizning hisobidan emas, eringiz yoki o‘zingizning hisobingizdan amalga oshiring bu «poraxo‘rlik»ni. Faqat me’yori bilan! Umuman, siz kelin sifatida o‘zingizni boshqa tomonlama, mehnatingiz, shirinso‘zligingiz, uddaburonligingiz bilan yuzaga chiqara olsangiz, «tog‘ora o‘yinlari»ga barham berishingiz mumkin.
«Qizimni ko‘zim qiymaydi...» — Aslida hamma gap o‘zimda. Qizimni erka, tantiq qilib tarbiyalaganman. Uzatganimdan keyin tarbiyada tuzatib bo‘lmas xatolarga yo‘l qo‘yganimni bilib, tilimni tishlab o‘tiribman. Uyga kelsa, jonim bezillab turadigan bo‘lgan. Ko‘ziga nima chiroyli ko‘rinsa, qo‘liga nima ilinsa, ko‘tarib ketadi. Bermasam, xafa bo‘ladi. Kichik o‘g‘ilimni uylantirsam, deb olib qo‘ygan sarpolarimning boshiga yetib bo‘ldi. Mana, keyingi hafta qaynopasi qizini uzatayapti. Kelin yanga bo‘layapman deb, nafaqa pulimni oxirgi tiyinigacha olib ketdi. Kelinim buni bilgach, janjal ko‘tardi. «Menga nuqul, kelin, siz to‘xtab turing, to‘y qilib olaylik, deb aytasiz, na biror joyim og‘risa, davolanishga pul berasiz, na ust-bosh olishimga ruxsat. Bunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, erimning oyligini ham, dekret pulimni ham bizdan olmang», dedi. O‘g‘lim ham xotinining gapiga kirib, «Singlim uyga tinch kelib ketsa, kelsin, bo‘lmasa, uyida o‘tirsin. Men ham mashina olmoqchiman, bo‘ldi, to‘yga emas, mashinaga pul yig‘aman», deb aytdi. Bu gaplardan juda xafa bo‘ldim. Bir boshim bilan o‘stirgan bolalarim nahot bir-biriga qayishmasa? Nahot ko‘rpani hamma o‘zi tomonga tortsa, birimiz ikki bo‘lmasligini tushunishmasa? Marg‘uba, 49 yosh Mulohaza: — Ha, ko‘rpani hamma o‘z tomoniga tortsa, uyingiz uy bo‘lmaydi. Bu tortishishni aslida o‘zingiz boshlab bergansiz. Ya’ni bolalaringizga munosabatda adolat qilolmayapsiz. Tashingizda tan olmasangiz-da, ichingizda, men qizimni ta’minlab o‘tiribman, kelinning ham ota-onasi bor, degan fikr hukmron. SHuning uchun joni og‘risa ham, «Kichik o‘g‘limni uylantirishim kerak, chidang», deysiz, biror nimaga ehtiyoj tug‘ilsa ham, shu gapni takrorlaysiz. Sizga qolsa, uni ham ota-onasi ta’minlasa. Aslida-ku qizingizning bu qilig‘idan o‘zingiz ham kuyib o‘tiribsiz. Yaxshimas, xunuk odatligini tan olayapsiz. Nega uni to‘xtatmaysiz? Xafa bo‘ladi, debmi? CHegarani chiroyli qilib chizib ko‘rsatib bering. Bir kun xafa bo‘lar, ikki kun xafa bo‘lar, uchinchi kun, onasisiz-ku, tushunadi. Oilangizdagi tinchlikni, moddiy muvozanatni saqlash uchun erkatoyingizning istaklarini chegaralamasangiz bo‘lmaydi. Buning ustiga, qizingiz erining uyiga narsa tashib obro‘ topmaydi. Uning ham xonadonining tinchi buzilishi mumkin. Hamma qaynonalar ham ta’magir emas. Hamma kuyovlarga ham xotinining hamon akalariga bo‘yinturuq ekanligi yoqmaydi. Bu erkakning g‘ururiga tegadi. O‘g‘lingizning gaplariga kelsak, u ham jahl ustida gapirgan. Buni xotinining izmiga yurishga o‘yib, hosil bo‘layotgan jarlikni kattalashtirmang. Buni oilaviy byudjetni qayta rejalashtirishim va o‘g‘illarim bilan bamaslahat sarflash payti kelibdi, deb tushuning. Umuman o‘g‘illaringizga moddiy tomonlama erkinlik beradigan payt yetdi. SHu bilan mas’uliyatni ularning bo‘yniga yuklashingingizga imkon tug‘iladi. MUXLISA
Manba: "darakchi.uz"
| |
|