19:30 Navoiyda uysiz qolgan qizni fohishalikka majburlagan ayol ushlandi | |
Navoiy viloyatida yashovchi 29 yoshli Zarina Z. tanishi 19 yoshli Roxatoy O‘.ning boshpanasiz va moddiy jihatdan qiynalib qolganligidan foydalanib, unga o‘zi bilan birga yashashi haqida aytadi. Qiz rozi bo‘lgach, o‘zi vaqtincha istiqomat qilib keladigan uyga olib kelib, shu yo‘l orqali fuqarolik pasportini qo‘lga kiritadi. So‘ng uni moddiy jihatdan qaram bo‘ladigan vaziyatga tushirib, mo‘may daromad ilinjida uni erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab keladi. Bu holat 2021 yilning 10 fevral kuni viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-tadbir davomida oshkor bo‘ldi. IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, Navoiy shahrida joylashgan «Gumbaz» nomli kafeda tadbirga shartli ravishda mijoz sifatida jalb qilingan shaxsga Roxatoy O‘.ni 400.000 so‘m evaziga 3 kun muddatga jinsiy aloqa qilishi uchun sotgan vaqtida, Zarina Z. tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, 400 000 so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Zarina Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov jarayonida, Zarina Z. ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Manba: "xabar.uz"
| |
|