Главная » 2020 » Декабрь » 8 » Qo‘qonlik otaxon jirkanch jinoyatga qo‘l urdi va qurbon bo‘ldi
14:25

Qo‘qonlik otaxon jirkanch jinoyatga qo‘l urdi va qurbon bo‘ldi


Qo‘qonlik Daminjon Maqsudov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) qarib qolganiga qaramay, 2017 yilda rafiqasi vafot etgach, shaharning Turkiston ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning qizi Hanifa Maqsudova nomida bo‘lgan xonadonlaridan birida yolg‘iz yashay boshladi. Negadir u farzandlarining birga yashash haqidagi talab va iltimosiga ko‘nmadi. Shunday bo‘lsa-da, o‘g‘li G‘anijon Maqsudov hafta-o‘n kunda bir marotaba, katta nabirasi Shohruh Daminjonov esa, kunda-kunora xabar olib turishardi.

Garchi 80 yoshni qoralagan bo‘lsa-da, Daminjon ota on­da-sonda shahar bo‘ylab kirakashlik qilardi. Ammo ke­yin­cha­lik pul topishning «anti­qa», aniqrog‘i, jirkanch yo‘­li­ni topdi. Ya’ni turli yosh­da­gi sox­ta oshiq-ma’shuqlarga o‘z uyidan «boshpana» bera boshladi. To‘g‘ri, avvaliga «mijoz»lari uncha ko‘p emasdi. Biroq vaqt o‘tgan sayin ayni xilvat go‘­shaning daragi hammayoqqa ovoza bo‘­lib ketdi.

Uchko‘prik tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan Asadullo Teshaboyev ham o‘tgan 2019 yilda ko‘chada tanishgan ma’shuqasi bilan joy axtarib yur­­gan paytda tanishi Erkin Ochilov D. Maqsudovning manzili va telefon raqamini beradi.

Xullas, shu tariqa Asadullo Daminjon Maqsudovning doimiy «mijozi»ga aylanadi.

Joriy yilning 20 fevral kuni ham shunday bo‘ldi. Bozordagi savdodan charchagan yigit hech ikkilanmay, eski manzilga yo‘l oldi. Qarangki, xud­di uni kutib turgandek, o‘sha paytda D. Maqsudovning uyida ikki nafar juvon o‘tirgandi. Natijada Asadullo salom-alikdan so‘ng haligi ayollar bilan osongina til topishadi. Keyin esa, uydan chiqayotib, Daminjon otaga 100 AQSh dollari uzatdi. Xo­nadon sohibi esa, divan yonida turgan qutichasidan bir dasta pul olib, unga 650 000 so‘m qaytib berdi. Lekin aynan mana shu holat sodir etilajak qabihlikka zamin yaratishini kim bilibdi deysiz?

Gap shundaki, A. Teshaboyev ko‘ngilxushlikni yakunlab, tonggi soat 04.00 larda u yerdan chiqib ketadi. Ammo o‘z uyiga yetib borganda ham, undan ke­yin ham D. Maqsudovning pul saqlaydigan qutichasi xayolidan nari ketmaydi. Oxir-oqibat u qariyani gumdon qi­lib, o‘sha qutichani qo‘lga kiritishni rejalashtiradi. Shu maqsadda mahalladoshi Otabek Ermatovni maslahatga chaqiradi.

— Bir qariyaning uyiga borgandim. Uxlab yotganimda cho‘ntagimdagi ol­ti yuz dollarimni olib qo‘yibdi. Shuni qaytarib olishimiz kerak, — deydi u gapni uzoqroqdan boshlab.

— Mayli, borishga boramiz, ammo chol tan olmasa-chi?! Bundan tashqari o‘zimizni tuh­matchiga chiqarib, uyidan haydab chiqarsa-chi?, — dedi O. Ermatov.

— Bunday qilolmaydi. Men hammasini o‘ylab qo‘y­ganman. Qolaversa, pu­li qayerda turishini ham ko‘r­dim. Qo‘l-oyo­g‘i­ni bog‘lab, sal qo‘rqitib, ke­yin olamiz, — deydi Asadullo.

Shundan so‘ng 2020 yil 29 fevral kuni soat 21.00 larda A. Teshaboyev avvaliga Daminjon otaga sim qoqib, ik­­ki juft bo‘lib borishini, shu bois, joy tayyorlab qo‘yishini iltimos qi­ladi. Ke­yin ik­­­­kala mahalladosh uning uyi­ga yo‘l olishadi.

— Kelinglar. To‘rt kishi bo‘­lib boramiz degandinglar-ku?! — deb so‘­raydi mezbon ularni kutib olgach.

— Ha, to‘g‘ri. Oyim qizchalar hozir orqamizdan kelishadi, — deya yolg‘on gapiradi doimiy «mijoz». So‘ng­ra suv ichish bahonasida oshxonaga chiqib, Otabek bilan yana jinoiy re­jani kelishib oladi. Shundan so‘ng ikkalasi ham tibbiy qo‘lqop ki­yib, D. Maqsudovning yotog‘iga kirishadi. O‘sha mahal xonadon sohibi chiroqni o‘chirib, divanda yonboshlab yot­gandi. Bu esa, Asadulloga juda qo‘l keladi. Ya’ni u og‘aynisiga ishora qilib, birdan qariyaga tashlanadi. Aniqrog‘i, uning qo‘l-oyog‘ini skotch bilan bog‘lashga harakat qiladi. O. Ermatov esa, sochiq bi­lan otaxonning og‘­zini berkitadi. Biroq ik­kalasi ham jiddiy qarshilikka uchraydi.

— Meni kechiringlar, — deb yolvoradi D. Maqsudov xirillagan ovozda.

Ammo Asadullo ham, Otabek ham unga rahm qilmay, o‘z ha­rakatini davom ettirishadi. Keyin A. Teshaboyev divanda turgan yostiqni Daminjon otaning yuziga bosadi.

Oqi­batda jabrlanuvchi bi­roz tipirchilab, so‘ng qi­mirlamay qoladi. Negaki, u yostiq ostida nafasi qaytib, jon taslim qil­gandi. Shunga qa­ramay qotillar uning qo‘l­larini bog‘lab tashlashadi.

Buni qarangki, marhumning ko‘ngli sezgan ekanmi, pullarini qutichadan olib, boshqa joyga yashirib qo‘y­­gandi. Binobarin, ji­noyat­chilar ikkovlashib pul qidirishga tushishadi. Natijada Otabek divan o‘tirg‘ichlarini ko‘tarib tushirayotganda yelim xaltaga o‘ralgan pullar topiladi. Xaltani ochib ko‘rishganda esa, 100 000 so‘mlik pullar va AQSh dollarlari borligi ma’lum bo‘ladi. Biroq Asadullo pullarni sanamay, kurt­kasining ichki cho‘ntagiga solib qo‘yadi. Keyin tashqarida hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, xonadondan chiqib ketishadi.

Shundan so‘ng ular Uchko‘prik tumanining Sho‘x va G‘ijdon qishloqlari chegarasiga borib, pullarni sanab ko‘­rishadi: yelim xaltadan 2 600 000 so‘m va 500 AQSh dollari chiqadi. Shu bois A. Teshaboyev 1 300 000 so‘m va 200 AQSh dollarini O. Ermatovga beradi. Pulning teng yarmi va 300 AQSh dollari esa, o‘zida qoladi. Lekin ularning razil qilmishi oradan ko‘p o‘tmay fosh bo‘ldi.

Gap shundaki, ertasi, ya’ni 2020 yil 1 mart kuni ertalab G‘anijon Maqsudov otasidan xabar olgani keladi. Ke­ladiyu, uy eshigi ochiqligini ko‘­rib, yuragi shig‘ etadi. Ichkariga kirganda esa…

Shundan so‘ng G‘. Maqsudovning xabariga ko‘ra, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tezkor xodimlari zudlik bilan ishga kirishishadi. Shunda ko‘p qavatli uy ro‘parasiga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamasi jinoyatni fosh etishda juda qo‘l keladi. Negaki, ikki nafar yigitning D. Maqsudovning uyi yo‘lagiga kirib, yarim soatlardan keyin chiqib ketgan holati tasvirga muhrlanib qolgandi. Binobarin, ularning yuz tuzilishiga qa­rab qidiruv boshlanadi. Natijada 2020 yil 2 mart kuni ikki noma’lum shaxsning biri A. Teshaboyev, ikkinchisi O. Ermatov ekanligi aniqlanadi. Lekin IIB tezkor xodimlari izlab borishganda Otabek 1 mart kuni safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga ketgani ayon bo‘ladi. Shu bois, u harbiy qismdan ushlab kelinadi.

Asadullo esa, ishga ketgani sababli otasi Abdulatif aka unga qo‘ng‘iroq qiladi. Ammo qotil o‘g‘il vahimaga tushib, poytaxt Toshkentga jo‘­nab qoladi.

Qolaversa, yo‘lda ketayotib — Qamchiq dovonidan o‘tayotganda uyali telefonini tog‘dan pastga uloqtiradi. Biroq Toshkent­da uch-to‘rt kun yurib, qayerga borishini bilmay boshi qotgandagina qaytib kelib, o‘zi­ni qonun himoyachilari qo‘liga topshiradi. Oqi­batda har ikkala ji­noyat­chiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat­ ishlari bo‘yicha Far­g‘ona viloyat sudida ko‘rib chiqi­lib, aybdorlarning, jabr­lanuvchi vakilining va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi ham­­­da batafsil tekshirib chiqildi. Pirovardida, sud sudlanuvchilarni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «i», «p»-bandlari, 164-moddasi 3-qismi «g»-bandi bilan ayb­dor deb topib, uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi.

O‘rni kelganda ushbu jinoyatning sodir etilishiga sabab bo‘lgan ayrim omillar xususida fikr yuritmaslik mumkin emas. Avvalo, 80 yosh­li, nabirayu chevarali in­son qo‘shmachilikdek jirkanch qilmish bilan shug‘ullangani tufayli kasofati o‘zi­ga urgan. Tergov va sud jarayonida ayon bo‘lishicha, marhum D. Maqsudov o‘zining bu faoliyatini anchagina oldin boshlagan ekan. Chunki fuqaro Ergash Ochilov hech ikkilanmay uning manzili va telefon raqamini qo­tilga bermagan bo‘­lardi. Yoki A. Teshaboyev istagan payt­da borganda xonadon sohibi unga suyuqoyoq ayollarni ro‘baro‘ qila olmasdi. Shunday ekan, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari va hudud profilaktika ins­pektori bu holatni, nahotki, payqamagan bo‘­lishsa?!

Yoxud hali uylanmagan A. Teshaboyevning ota-onasi o‘g‘illarining uyga kelmay qolishini nazorat qilmagani taajjublanarli. Aks hol­da, bebosh yigit o‘ta og‘ir ji­noyatga qo‘l urib, umrining navqiron davrini xa­zon qilmasdimi?! Shu ma’noda, ayni mulohazalar har bir ota-ona va mas’ullarni o‘ylantirishi yoki yuqo­ridagi qabihlikdan o‘z­­lariga tegishli xulosa chiqarishga undashi shart.


Manba: "aniq.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: qo‘l urdi, jinoyatga, otaxon, jirkanch, Qo‘qonlik | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz